Ispaniya Elchisi bilan uchrashuv

2022-yil 27-iyun O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Ispaniya Qirolligining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Moskva shahrida) etib tayinlangan Markos Gomes Martinesni qabul qildi.

V.Norov Elchining ishonch yorliqlarini qabul qilar ekan, uni yangi lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi va diplomatik missiyasida muvaffaqiyatlar tiladi.

Tomonlar keyingi yillarda rivojlanishning sifat jihatidan yangi bosqichiga ko‘tarilgan, amaliy mazmun bilan boyitilgan O‘zbekiston-Ispaniya hamkorligining dolzarb masalalarini muhokama qildilar.

Siyosiy muloqotni faollashtirish, turli darajadagi tashriflar tashkil etish, xalqaro institutlar doirasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, Afg‘oniston masalasi bo‘yicha maslahatlashuvlarni davom ettirish muhimligi qayd etildi.

Markos Gomes Martines Ispaniya O‘zbekistonni mintaqadagi asosiy davlat deb bilishini va respublikada amalga oshirilayotgan, aholi farovonligini oshirish va mamlakatning jahon miqyosidagi nufuzini oshirishga xizmat qilayotgan tizimli islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi.

Iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Ispaniya tomoni O‘zbekiston bilan transport, qishloq xo‘jaligi, bank ishi, to‘qimachilik va neft-gaz sanoati, qayta tiklanadigan energiya va turizm sohalarida uzoq muddatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan manfaatdor ekani qayd etildi.

Elchi ispan kompaniyalari uchun Oʻzbekiston katta imkoniyatlarga ega istiqbolli bozor ekanligini maʼlum qildi. Mamlakat va uning ishbilarmonlik muhitini batafsil o‘rganish uchun Ispaniya tadbirkorlik subyektlari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish rejalashtirilgan.

Ta’lim sohasidagi aloqalarni rivojlantirish uchun yetarli salohiyat mavjudligi ta’kidlandi. Xususan, O‘zbekistonda Ispaniya universitetlarining filiallari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarini ochish, ispaniyalik mutaxassislar va o‘qituvchilarni mamlakatimizga jalb etish masalalari muhokama qilindi.

***

Shu kuni Tashqi ishlar vazirligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatilla Irgashev va Ispaniya Elchisi Markos Gomes Martinez o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Suhbat davomida  tomonlar Afg‘onistondagi mavjud vaziyatni  va bu mamlakatga yordam ko‘rsatish masalalarini muhokama qildilar.