Braziliya Elchisi bilan uchrashuv
2022-yil 20-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Braziliya Federativ Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan (qarorgohi Moskva shahrida) Rodrigo De Lima Baen Soaresni qabul qildi.
Elchining ishonch yorliqlarini qabul qilar ekan, V.Norov uni yuksak va ma’suliyatli lavozimga tayinlangani bilan tabriklab, faoliyatida muvaffaqqiyatlar tiladi.
O‘z navbatida, Rodrigo De Lima Baen Soares mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga yuksak baho berdi. Braziliya hukumati O‘zbekistonni mintaqadagi muhim davlat sifatida qarab, respublika bilan aloqalarni har tomonlama rivojlantirishga tayyor ekani ta’kidlandi.
Siyosiy muloqotni jadallashtirish, shu jumladan, vazirliklararo maslahatlashuvlarni o‘tkazish, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish, BMT, Amerika davlatlari tashkiloti doirasida va “BRICS+” formatida o‘zaro muvofiqlashtiruvni kuchaytirish, hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish maqsadida tomonlar Savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiya tuzish, o‘zaro asnoda savdo uylarini ochish, Braziliya ishbilarmon doiralari vakillarining O‘zbekistonga safarini tashkil etish masalalarini o‘rganib chiqishga kelishib oldilar. Braziliya bozoriga O‘zbekistondan tovarlarni, shu jumladan, kimyoviy o‘g‘itlar, to‘qimachilik, agrar va boshqa turdagi mahsulotlarini yetkazib berishni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratildi.
Madaniy-gumanitar yo‘nalishda O‘zbekiston va Braziliya madaniyati kunlarini o‘tkazish, ikki mamalakat shaharlari o‘rtasida birodarlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish, turli tarmoqlarda mutaxassislar tayyorlash yuzasidan ta’lim va ilmiy muassasalar o‘rtasida hamkorlik o‘rnatish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Elchi braziliyalik kinokompaniyalar va san’at arboblarining navbatdagi “Ipak yo‘li durdonasi” Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtirok etishga qiziqish bildirayotganini ma’lum qildi.