AQShning Afg'oniston bo'yicha Maxsus vakili bilan uchrashuv to‘g‘risida

2022-yil 27-may kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov mamlakatimizga tashrif bilan kelgan Amerika Qo‘shma Shtatlarining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Tomas Vest bilan uchrashdi.

Muloqot chog‘ida Amerika tomoni O‘zbekiston Rahbariyati tomonidan Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash, afg‘on xalqiga gumanitar va boshqa yordam ko‘rsatish bo‘yicha yuritilayotgan siyosatni yuqori baholadi.

Tomonlar afg‘on xalqini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish va tizimlashtirish zarurligini qayd etdilar. Shu nuqtai nazardan, Afg‘onistonga insonparvarlik yordamini yetkazib berishda Termiz shahrida yaratilgan ko‘p funksiyali transport-logistika xabi imkoniyatlaridan foydalanish muhimligi ta’kidlandi.

Afg‘onistonning yangi hukumati keng vakillikka asoslangan hukumat tuzish, inson huquqlariga amal qilish, ayollarning asosiy erkinliklari, shu jumladan ularning ta’lim olishlari, harakatlanishlari, jamiyat hayotida teng asosda ishtirok etishlari bo‘yicha dunyo hamjamiyatining talablarini bajarishi masalasida yondashuvlarning o‘xshashligi qayd etildi.

Afgʻoniston zamini boshqa hech qachon turli xalqaro terrorchilarning boshpanasiga aylanib qolmasligi, mintaqa davlatlari va uchinchi mamlakatlar uchun xavf tugʻdirmasligi kerakligi alohida taʼkidlandi.

Afg‘oniston milliy iqtisodiyotini tiklash, shuningdek, mamlakatda energetika va transport-kommunikatsiya sohalarida loyihalarni amalga oshirish masalalariga kompleks yondashuvni ishlab chiqish muhimligi e’tirof etildi.