Italiya Prezidenti maslahatchisi bilan uchrashuv haqida

Rim shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov Italiya Prezidentining diplomatik maslahatchisi, Elchi Emanuela D’Alessandro bilan uchrashdi.

Muzokaralar chog‘ida tomonlar siyosiy-diplomatik muloqot  ijobiy sur’atda rivojlanayotgani qayd etildi. So‘nggi 5 yilda o‘zaro tovar aylanmasi 149,5 foizga o‘sgani, 2021-yilda 429,8 million dollarga yetgani yuqori baholandi.

Ta’kidlanganidek, muntazam ravishda o‘tkazilayotgan qo‘shma madaniy-gumanitar tadbirlar yubiley sana – O‘zbekiston-Italiya diplomatik munosabatlari o‘rnatilganining 30 yilligini nishonlanayotgan 2022-yil muvaffaqiyatli boshlanganidan darak beradi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada rivojlantirish, xususan iqtisodiy, investitsiyaviy va texnologik hamkorlikni jadallashtirish orqali umumiy kun tartibini boyitishga ikki tomon ham tayyor ekanligi bildirildi.

Tomonlar, shuningdek, madaniyat va taʼlim sohasidagi oʻzaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, universitetlararo va ilmiy aloqalarni rivojlantirishni ragʻbatlantirishga kelishib oldilar.