Hindiston savdo va sanoat vazirining birinchi o‘rinbosari bilan uchrashuv to‘g‘risida

Dehlida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov Hindiston savdo va sanoat vazirining birinchi o‘rinbosari B.Subramanyam bilan uchrashdi.

Uchrashuvda ikki tomonlama savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.

Farmatsevtika, sog‘liqni saqlash, AKT, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini, jumladan, meva-sabzavotlarni qayta ishlash, saqlash va qadoqlash, paxta tolasini qayta ishlash, brend to‘qimachilik tovarlari, eksportbop ipak mahsulotlari, gazlamalar, poyabzallar va boshqa charm mahsulotlari ishlab chiqarish bo‘yicha zamonaviy klasterlar tashkil etish kabi sohalarda hamkorlikni yanada rivojlantirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.

Ikki mamlakat bozorlarida talabga ega bo‘lgan mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish nuqtai nazaridan istiqbolli aniq tovar turlarini aniqlash maqsadida o‘zaro savdo tarkibini o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar mavjud savdo to‘siqlarini bartaraf etish va o‘zaro savdo-sotiqni kengaytirish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha hamkorlikka tayyorlikni bildirdi.