Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi aʼzolari bilan uchrashuv toʻgʻrisida
2022-yil 10-may kuni O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidiqov Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi (FICCI) rahbariyati va a’zolari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Tadbirda O‘zbekistonning savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va sayyohlik salohiyati taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Hindiston iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlaridan biri bo‘lgan, jahon farmasevtika mahsulotlarining qariyb 10 foiz ulushiga to‘g‘ri keladigan farmasevtika sohasida qo‘shma mahsulot ishlab chiqarish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonda tashkil etilayotgan farmasevtika erkin iqtisodiy zonalarida investorlarga taqdim etilayotgan imtiyoz va preferensiyalar atroflicha ochib berildi.
Taqdimot ishtirokchilari O‘zbekistonda iqtisodiyotni yanada liberallashtirish va biznes yuritish uchun qulay shart-sharoitlarni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan izchil chora-tadbirlar Hindiston ishbilarmon doiralarida katta qiziqish uyg‘otayotganini ta’kidladilar. Shu bilan birga, O‘zbekiston hukumati tomonidan xorijiy investorlarning huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilayotgan ulkan e’tibor alohida ta’kidlandi.
Tadbir yakunlari boʻyicha Hindistonning qator kompaniyalari bilan qoʻshma investitsiya loyihalari, xususan, farmasevtika, toʻqimachilik, AKT va boshqa sohalarda, shuningdek, ikki tomonlama savdo aloqalarini yanada rivojlantirish maqsadida ularning respublikaga tashriflarini tashkil etish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Eslatib o‘tamiz, Hindiston Savdo-sanoat palatalari federatsiyasi 1927-yilda tashkil etilgan bo‘lib, mamlakatdagi eng yirik va eng qadimgi biznes tashkilotlaridan biri hisoblanadi. FICCI, shuningdek, Hindiston-Markaziy Osiyo Biznes kengashining koordinatori hisoblanadi.