“O‘zbekiston-Hindiston munosabatlariga 30 yil: umumiy o‘tmish va porloq kelajakka asoslangan ko‘p qirrali hamkorlik” mavzusidagi taqdimot bo‘lib o‘tdi

2022-yil 10-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Furqat Sidikov Hindiston Mudofaa tadqiqotlari va tahlil instituti bosh direktori Sujan Chinoy bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqot chog‘ida ikki mamlakat ilmiy-tahliliy markazlari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi, mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik ayrim masalalar muhokama qilindi.

Uchrashuv doirasida Mudofaa tadqiqotlari va tahlil instituti rahbariyati va ekspertlari uchun “O‘zbekiston-Hindiston munosabatlariga 30 yil: umumiy o‘tmish va porloq kelajakka asoslangan ko‘p qirrali hamkorlik” mavzusida maxsus taqdimot tashkil etildi.

F.Sidikov tadbir ishtirokchilarini mamlakatimizning zamonaviy taraqqiyoti, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, O‘zbekiston-Hindiston ko‘p qirrali hamkorligining bugungi holati va istiqbollari haqidagi ma’lumotlarni havola etdi.

Mudofaa tadqiqotlari va tahlil instituti bosh direktori S.Chinoy hamda markazning yetakchi ekspertlari mamlakatimizning o‘zaro manfaatli O‘zbekiston-Hindiston hamkorligini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuslariga yuksak baho berdilar. 

Hindistonning ekspert-tahliliy doiralari 2021-yil 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan "Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy hamkorlik" xalqaro konferensiyasi yakunlariga yuksak baho berdilar.