Toshkent shahrida ShHT Xalq diplomatiyasi forumi boshlandi

2022-yil 11-may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasining Shanxay hamkorlik tashkilotidagi raisligi doirasida “Xalq diplomatiyasi – taraqqiyot uchun o‘zaro anglashuv” mavzusida ShHT Xalq diplomatiyasi forumi o‘z ishini boshladi.

Tadbirda xalqaro tashkilotlar, ShHTga a’zo mamlakatlar parlamentlari, nodavlat tuzilmalar va ilmiy-tahlil markazlari rahbarlari va vakillari ishtirok etdilar.

Forumning ochilish marosimida so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov qayd etganidek, ochiqlik va xolislik kabi xususiyatlari bilan ajralib turuvchi xalq diplomatiyasi zamonaviy jamiyatda muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston tomoni ShHTga raislik doirasida madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish orqali tashkilotga a’zo mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro anglashuv, hurmat va ishonchni mustahkamlash bo‘yicha ushbu mexanizmni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat bermoqda.

Shuningdek, V.Norov Markaziy Osiyo Shanxay hamkorlik tashkilotining o‘zagi bo‘lgan holda, ShHT makonining faravonligi va rivojlanishida o‘ta muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shu ma’noda O‘zbekiston tashqi siyosatida mintaqa mamlakatlari bilan ishonchli munosabatlar va ochiq muloqotni mustahkamlash bo‘yicha erishilgan yutuqlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 2017 yili Toshkent shahrida tashkil etilgan ShHT Xalq diplomatiyasi markazi faoliyati alohida qayd etildi. Mazkur tuzilma qisqa vaqt ichida Tashkilot tizimida munosib o‘rin egallab, Xitoy, Tojikiston va boshqa qator davlatlarning shu kabi muassasalari bilan yaqin aloqalar o‘rnatgani e’tirof etildi.

Anjuman ishtirokchilari O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkilotidagi raisligi va respublikamiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslarni yuksak baholadilar. Xususan, delegatsiyalar ShHTga a’zo davlatlardagi yosh avlod salohiyatini samarali ro‘yobga chiqarish, har yili ShHT madaniy va sayyohlik poytaxti maqomini berish amaliyotini joriy etish, “ShHT Ezgu niyat elchisi” institutini tashkil etish va mamlakatimizning boshqa takliflarini qo‘llab-quvvatladilar.

ShHT hozirgi bosqichda tamaddunlararo muloqotni rivojlantirishga faol ko‘maklashayotgani, turli madaniyat va an’analarga ega xalqlar o‘rtasida “ko‘priklar”ni bunyod etayotgani ta’kidlandi. Madaniyat, ta’lim, turizm, yoshlar va gender siyosati sohalaridagi hamkorlik mexanizmlari, ShHT xalqaro marafonlari va “ShHTning sakkiz mo‘jizasi” ko‘rgazmalari mamlakatlarimizning tarixiy va madaniy qadriyatlarini ochib berish va targ‘ib etishga samarali xizmat qilayotgani qayd etildi.

Uchrashuv ishtirokchilari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan ShHT Xalq diplomatiyasi forumi, uning doirasida ishlab chiqilgan g‘oya va loyihalar mamlakatlarimizni yanada yaqinlashtirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘lishini bir ovozdan ta’kidladilar.

*****

Anjuman doirasida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norovning milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari uchun brifingi ham bo‘lib o‘tdi.