O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norovning ShHT Xalq diplomatiyasi forumidagi nutqi

Toshkent shahri. 2022-yil 11 may

Hurmatli Tanzila Kamalovna ,

Hurmatli Shen Yueyue xonim,

Hurmatli janob Chjan Ming,

Xonimlar va janoblar,

Forum ishtirokchilari nomiga yo‘llangan tabrik so‘zlariga to‘liq qo‘shilgan holda, serquyosh O‘zbekistonimizga yetib kelgan mehmonlarimizga alohida minnatdorchilik bildiraman.

Zamonaviy jamiyatda xalq diplomatiyasi o‘ziga xos ochiqlik va xolislik bilan muhim ahamiyatga ega. An’anaviy va rasmiy  diplomatiyadan farqli o‘laroq, unda olimlar, san’at namoyandalari, ayollar, yoshlar va sport tashkilotlari siyosiy va huquqiy cheklovlarsiz ishtirok etadi.

Shu bois O‘zbekiston raisligi davomida madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirish orqali mamlakatlarimiz o‘rtasida o‘zaro anglashuv, hurmat va ishonchni mustahkamlash mexanizmi sifatida xalq diplomatiyasini yanada rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratmoqda.

Bugungi Forum bilan bir qatorda Tashkilot makonida madaniyatlararo aloqalarni kengaytirishga ko‘maklashish maqsadida turizm forumi, Yoshlar kengashi yig‘ilishi, “aqlli shaharlar” forumi, yoshlar o‘rtasida «start-ap» loyihalar tanlovi, ayollar forumi va sport musobaqalarini o‘tkazish rejalashtirilgan.

Tamaddunlar o‘rtasidagi muloqotni mustahkamlashda nodavlat tashkilotlar, do‘stlik muassasalari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari muhim o‘rin tutadi.

Shu munosabat bilan 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, muhtaram Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan o‘zaro ishonch va do‘stlik, millatlararo, konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirish maqsadida Toshkent shahrida ShHT Xalq diplomatiyasi markazini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qilingan edi.

Qisqa vaqt ichida Markaz Tashkilot faoliyatida munosib o‘rin egalladi. ShHTning Xitoy do‘stlik va hamkorlik qo‘mitasi, Tojikistonning ShHT Do‘stlik va hamkorlik markazi, shuningdek, hamkor mamlakatlardagi boshqa shu kabi tuzilmalar bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan. Ular o‘rtasida ilmiy almashuvlar, madaniy va ijtimoiy-gumanitar sohalarda loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

 

Hurmatli forum ishtirokchilari,

Bugun dunyo ulkan o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda, jadal rivojlanish va global yangilanishlar davriga qadam qo‘ymoqda.

Bunday sharoitda Shanxay hamkorlik tashkiloti “Shanxay ruhi”ning o‘ziga xos tamoyillariga tayangan holda xalqaro huquq, ko‘p tomonlama va ajralmas xavfsizlikka asoslangan ko‘p markazli dunyo tartibini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shmoqda.

Shu bilan birga, a’zo davlatlar Markaziy Osiyoning Tashkilot makonining faravonligi va rivojlanishidagi muhim o‘rnini e’tirof etadi.

ShHTning o‘zagi bo‘lgan Markaziy Osiyo mintaqasi asrlar davomida bir qancha tamaddunlar va diniy madaniyatlar chorrahasida joylashgan, bu yerda shakllangan bag‘rikenglik muhiti turli xalqlar va dinlar vakillarining tinch-totuv yashashiga xizmat qilmoqda.

So‘nggi vaqtlarda mintaqa davlatlari bilan ishonchli munosabatlar va ochiq muloqotni mustahkamlagan O‘zbekiston dolzarb ikki tomonlama va mintaqaviy masalalarning aksariyat qismini ishonch va o‘zaro manfaatlarni hisobga olgan holda hal etish bo‘yicha o‘zaro anglashuvga erishdi.

Davlatlararo muloqot va hamkorlik mexanizmi – Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlari mintaqamizda do‘stona va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini saqlashning samarali mexanizmi sifatida o‘zini namoyon qildi.

Hurmatli mehmonlar,

ShHT tamaddunlar o‘rtasidagi muloqotni faol va izchil rivojlantirishga ko‘maklashadi, turli madaniyat va an’analarga ega xalqlar o‘rtasida ko‘priklar barpo etadi.

Tashkilot xalqlarimiz o‘rtasida Buyuk Ipak yo‘lida shakllangan, asrlar davomida mintaqaning asosiy iqtisodiy va ma’naviy qon tomiri bo‘lgan, xalqlarimiz farovonligini yuksaltirishga, hududlarning bir-biriga yaqinlashishi va faravonligi, ularning izchil rivojlanishiga hissa qo‘shgan aloqalarni tiklash va boyitishga samarali xizmat qilmoqda.

ShHTning madaniyat, ta’lim, turizm, yoshlar va gender siyosati sohalaridagi o‘zaro hamkorligi mexanizmlari, ShHT xalqaro marafonlari va “ShHTning sakkiz mo‘‘jizasi” loyihasi tarixiy va madaniy qadriyatlarni ochib berish va targ‘ib etishga samarali xizmat qilmoqda.

ShHT makonida xalq diplomatiyasini rivojlantirish uchun mamlakatlarimiz yosh avlodining ulkan salohiyatidan foydalanish zarur.

Shanxay hamkorlik tashkiloti makonida 800 milliondan ortiq yoshlar istiqomat qiladi, bu dunyo yoshlarining deyarli yarmi bo‘lib, ularga o‘z salohiyatini rivojlantirish uchun to‘g‘ri yo‘nalish va shart-sharoit berilishi zarur.

2018 yilda Sindao shahrida bo‘lib o‘tgan ShHT sammitida O‘zbekiston tashabbusi bilan qabul qilingan Davlat rahbarlarining yoshlarga Qo‘shma murojaati va uni amalga oshirish dasturi, shuningdek, Tojikiston tashabbusi bilan imzolangan Yoshlar hamkorligi to‘g‘risidagi shartnoma bizga yosh avlodni munosib kelajak barpo etishga jalb etish, ularning ma’naviyatini yuksaltirish, ijodiy salohiyatini yuzaga chiqarishga samarali yordam bermoqda.

Buning uchun ShHTda Yoshlar kengashi, ShHT universiteti, ShHT modeli, Ishbilarmonlik kengashi, “SOLAR Netvork” yoshlar platformasi va boshqalarni o‘z ichiga olgan keng jamoatchilik mexanizmlari tizimi mavjud.

ShHTning madaniy xilma-xilligi va boy turizm salohiyatini targ‘ib qilish maqsadida  O‘zbekiston tashabbusi bilan joriy yilda ShHTning madaniy va turistik poytaxti maqomini berish amaliyoti joriy etilmoqda. Birinchi marta bunday maqom Hindistonning Varanasi shahriga beriladi.

ShHT xalq diplomatiyasi konseptual asoslarini boyitish muhimligini yuqori baholab, O‘zbekistan rahbari “ShHTning Ezgu niyat elchisi” institutini tashkil etish tashabbusi bilan chiqdi.

Madaniyat, san’at va fan arboblariga ushbu faxriy unvonning berilishi Tashkilotning maqsad va vazifalarini jahon miqyosida keng jamoatchilik orasida namoyon etish, xalqaro maydonda ijobiy nufuzini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Xulosa o‘rnida ishonch bildirmoqchimanki, bugungi Forum natijalari, uning doirasida yuzaga kelgan g‘oya va loyihalar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaqinlashuv yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ladi.

O‘zbekiston Tashkilotimiz makonida xalq diplomatiyasining maqsad va vazifalarini ilgari surishda davom etadi.

Barcha ishtirokchilarga samarali faoliyat tilayman.

E’tiboringiz uchun tashakkur!