Insonparvarlik yuklarini yetkazib berish marosimi to‘g‘risida

2022-yil 30-aprel kuni Afg‘onistonning Hayraton shahrida O‘zbekiston xalqi nomidan birodar afg‘on xalqiga insonparvarlik yuklarini topshirishga bag‘ishlangan tantanali marosim bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlash joizki, umumiy og‘irligi 4000 tonnadan ziyod bo‘lgan ushbu insonparvarlik yordami Afg‘onistonga muqaddas Iyd al-Fitr bayrami arafasida yetkazib berildi. Insonparvarlik yuklari ichida bug‘doy, un, guruch, qandolat va konserva mahsulotlari, kiyim-kechak, zarur tovarlar, shuningdek, 100 ming doza koronavirusga qarshi vaksina hamda uni aniqlash uchun tegishli testlar o‘rin olgan.

Marosimda so‘zga chiqqan Afg‘oniston Muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulla Mujohid butun afg‘on xalqi nomidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga hozirgi og‘ir va sinovli davrda afg‘on eliga ko‘rsatilayotgan ulkan e’tibor, qo‘llab-quvvatlash va birdamlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Aynan O‘zbekiston rahbari ko‘pmillatli Afg‘oniston xalqiga chinakam birodarlik munosabatini butun dunyoga yana bir bor ko‘rsatish barobarida bu g‘amxo‘rlik jahon hamjamiyati uchun yaqqol namuna bo‘la olishi alohida qayd etildi.

Shuni ta’kidlash kerakki, ko‘rsatilgan yordam Afg‘onistonga barcha musulmonlar tomonidan eng katta va eng aziz bayram – Ramazon hayiti arafasida yetkazildi.

– Bu muhtaram O‘zbekiston Prezidentining bugun o‘z kelajagini haqiqatda yangidan bunyod etayotgan afg‘on xalqiga nisbatan siyosatining do‘stona va chinakam birodarlik mohiyatini namoyon etadi, – dedi Z.Mujohid.

Balx viloyati gubernatori Qudratillo Abu Hamza mazkur insonparvarlik yordami o‘z vaqtida va beqiyos ahamiyatga ega ekanligini, mamlakat aholisi bu ko‘makka alohida ehtiyoj sezganligini bildirib o‘tdi.

– O‘zbekiston Prezidentining ushbu ko‘magi, tom ma’noda, minglab yurtdoshlarimiz hayotini saqlab qolishga, ularda ertangi kunga ishonch uyg‘otishga xizmat qiladi. Menimcha, hech bir xorijiy davlat rahbari Afg‘oniston uchun hurmatli Shavkat Mirziyoyevdan ko‘ra ko‘proq ish qilmayapti. O‘z navbatida, biz o‘zbek-afg‘on chegarasida xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishlarni qilamiz”, — deya fikriga xulosa yasadi Balx viloyati gubernatori.