O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusup Kabuljonovning Yaponiya delegatsiyasining bo'lajak tashrifiga bag'ishlangan brifingdagi nutqi
16:00, 2022-yil 28 aprel
Assalomu alaykum, hurmatli milliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari vakillari!
Barchangizni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligida ko‘rib turganimdan xursandman!
Joriy yilning 29-30 aprel kunlari mamlakatimizga Yaponiya tashqi ishlar vaziri Yosimasa Xayashi tashrif buyuradi.
Bu Yaponiya tashqi ishlar vazirining so‘nggi 12 yil ichida O‘zbekistonga ilk tashrifidir.
Yaponiya tashqi ishlar vaziri yurtimizda bo‘lishi davomida ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazadi. Jumladan, Tashqi ishlar vazirligida hamda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida muloqotlar bo‘lib o‘tadi. Mehmon Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga tashrif buyuradi, shuningdek, Toshkent shahrining diqqatga sazovor joylarini ko‘zdan kechirishi rejalashtirilgan.
Hurmatli jurnalistlar!
Yaponiya tashqi ishlar vazirining tashrifi O‘zbekiston Respublikasi bilan Yaponiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligiga to‘g‘ri kelgani, ayniqsa, ahamiyatlidir.
Ushbu muhim sana munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi va Yaponiya davlatlari o‘rtasida o‘zaro tabriklar almashildi.
Xabaringiz bor, bundan o‘ttiz yil oldin O‘zbekiston Yaponiya bilan o‘zaro hurmat, teng huquqlilik, qo‘llab-quvvatlash va bir-birining manfaatlarini hisobga olish kabi o‘zgarmas tamoyillar asosida munosabatlarni rivojlantirish bo‘yicha mustahkam poydevor qo‘yildi.
2002 yildan buyon ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik xarakteriga ega bo‘ldi.
O‘zbekiston Yaponiya bilan yaqin va ishonchli munosabatlarni qadrlashini, biz uni ishonchli do‘st va vaqt sinovidan o‘tgan hamkorimiz deb bilishini alohida taʼkidlamoqchiman.
Birgalikdagi saʼy-harakatlar tufayli o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 30 yil ichida 230 barobardan ortiq o‘sdi. Yaʼni 1992-yilda 730 ming AQSH dollarini tashkil etgan bo‘lsa, 2021 yilda 169 million AQSH dollaridan oshdi.
Yaponiya hukumatining imtiyozli kreditlari va grantlari yordami hisobidan energetika, kimyo, neft-kimyo, infratuzilma, qishloq va suv xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash va taʼlim sohalarida qiymati 7 milliard AQSH dollaridan ziyod bo‘lgan qator loyihalar amalga oshirildi.
O‘zbekistonPrezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2019 yil dekabr oyida Yaponiyaga rasmiy tashrifi munosabatlarimizda yangi sahifa ochdi va strategik sheriklik munosabatlariga kuchli turtki berdi.
Biz Yaponiya bilan siyosat, iqtisodiyot, energetika, infratuzilma, innovatsiyalar, sog‘liqni saqlash, fan, taʼlim va madaniyat sohalarida uzoq muddatli munosabatlarni rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratamiz.
Mamlakatlarimiz xalqaro tashkilotlar, birinchi navbatda, BMT doirasida yaqindan hamkorlik qilmoqda. 2004 yilda tashkil etilgan “Markaziy Osiyo + Yaponiya” muloqoti ko‘p tomonlama hamkorlikning muhim platformasiga aylandi.
O‘zbekistonda yapon xalqiga alohida iliqlik va hurmat tuyg‘usi bilan eʼtibor qaratilishini taʼkidlamoqchiman.
Mamlakatimizda yapon fuqarolari yordamida ko‘plab obyektlar barpo etilgan. Buni biz yuksak qadrlaymiz. Masalan, elar ishtirokida barpo etilgan Alisher Navoiy nomidagi Davlat akademik katta teatri mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikning o‘ziga xos ramzi bo‘lib xizmat qilmoqda.
Hurmatli tadbir ishtirokchilari!
Yaponiya tashqi ishlar vazirining bo‘lajak tashrifi O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi siyosiy muloqot va hamkorlikka yana bir yangi surʼat bag‘ishlashiga umid bildiramiz, bu shubhasiz munosabatlarimizda yana bir yangi sahifa ochadi.
Eʼtiboringiz uchun tashakkur.