Raqamli diplomatiya bo‘yicha vebinar o‘tkazildi
2022-yil 27-aprel kuni Tashqi ishlar vazirligi markaziy apparati, “Dunyo” axborot agentligi hamda O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari xodimlari uchun “Meta” kompaniyasi hamda Milliy mass-mediani qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi bilan hamkorlikda raqamli diplomatiya bo‘yicha vebinar bo‘lib o‘tdi.
Tadbirdan ko‘zlangan maqsad diplomatlarga ijtimoiy tarmoqlardan kengroq auditoriyani qamrab olish, xalqaro media makonida mamlakat imiji va manfaatlarini samarali targ‘ib qilish uchun eng yaxshi ko‘nikmalarni o‘rgatishdan iborat.
Vebinarning ochilishida Milliy mass-mediani qo'llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov va Tashqi ishlar vaziri maslahatchisi, TIV matbuot kotibi Yusup Kabuljonov so‘zga chiqdi.
“Meta” kompaniyasining Katta Xitoy mintaqasi, Mo‘g‘uliston va Markaziy Osiyo davlatlari uchun “Meta” kompaniyasining ommaviy siyosati bo’yicha boshqaruvchi direktori Jorj Chen, siyosiy masalalar bo‘yicha menejeri Charlz Chou va sheriklik bo’yicha menejeri Aurora Li o‘z taqdimotlarida “Facebook” va “Instagram” ijtimoiy tarmoqlaridagi so‘nggi yangiliklar, “Meta family” ilovalaridan foydalangan holda pullik kontent va kampaniyalardan foydalanish usullari, ijtimoiy platformalar yordamida milliy brendni xalqaro darajada reklama qilish imkoniyatlari, auditoriya bilan ishlash, media-makonda PR-aksiyalarini tashkil etish haqida ma’lumot berdilar.
Tadbir davomida diplomatlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga ham javob oldilar.