O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakilining izohi

Shu kunlarda ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Rossiya Federatsiyasi hududida 15 kun davomida ro‘yxatdan o‘tmasdan vaqtincha bo‘lishi mumkinligiga doir tartib kuchga kirgani haqida xabarlar tarqaldi.

Shu munosabat bilan qayd etamizki, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining Rossiya Federatsiyasi hududida va Rossiya Federatsiyasi fuqarolarining O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lishlari tartibi to‘g‘risidagi Hukumatlararo bitim 2021-yil 17-iyun kuni imzolangan.

Bitimning 1-moddasiga ko‘ra, bir Tomon davlati hududida vaqtincha bo‘lib turgan boshqa Tomon davlatining fuqarolari 15 kun mobaynida kelish davlatining vakolatli organlarida ro‘yxatdan o‘tish (yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish) majburiyatidan ozod etiladilar.

2022-yil 20-yanvar kuni mazkur xalqaro shartnomani tasdiqlash haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi rossiya tomoniga mamlakatimiz tomonidan davlat ichki tartib-taomillari bajarilganligi haqida tegishli bildirishnomani yubordi.

Taʼkidlash joizki, Bitimning 4-moddasiga ko‘ra, Bitim uning kuchga kirishi uchun zarur bo‘lgan davlat ichki protseduralari Tomonlar tarafidan bajarilgani to‘g‘risida oxirgi yozma xabarnoma diplomatik kanallar orqali qabul qilingan sanadan kuchga kiradi.

Shunday qilib, yuqorida ko‘rsatilgan Bitim kuchga kirmagan, zero rossiya tomonidan tegishli davlat ichki tartib-taomillari hali yakunlanmagan.