XMTning Markaziy Osiyo boʻyicha submintaqaviy koordinatori bilan uchrashuv to‘g‘risida
2021-yilning 13-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari G‘ayrat Fozilov Xalqaro migratsiya tashkilotining (XMT) Markaziy Osiyo bo‘yicha submintaqaviy koordinatori, XMTning Toshkentdagi vakolatxonasining yangi tayinlangan rahbari Zeynal Hajiyev bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Qayd etilganidek, O‘zbekiston va XMT o‘rtasidagi hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda. Bunga joriy yil aprel oyida mamlakatimizda XMTning to‘laqonli vakolatxonasi ochilgani yorqin misoldir.
Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari mamlakatimiz rahbariyati tomonidan xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarini ijtimoiy, huquqiy va moddiy qo‘llab-quvvatlash, ularning turmush sharoitini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida atroflicha ma’lumot berdi. O‘zbekistonda migratsiya masalalariga ham milliy, ham xalqaro miqyosda katta ahamiyat berilayotgani alohida ta’kidlandi.
Qoʻshma mintaqaviy va milliy loyihalarni, jumladan, “2021-2023-yillarga moʻljallangan Oʻzbekiston Respublikasi va XMT oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish boʻyicha amaliy chora-tadbirlar rejasi” doirasida turli loyihalarni ro‘yobgachiqarish orqali oʻzaro aloqalarni chuqurlashtirish yuzasidan fikr almashildi.
Muloqot chog‘ida umumiy kun tartibidagi boshqa masalalar ham muhokama qilindi.