Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri bilan uchrashuv

2021-yil 8-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov “Italiya – Markaziy Osiyo” shaklidagi ikkinchi vazirlar konferensiyasida ishtirok etish uchun Toshkentga kelgan Italiya Tashqi ishlar va xalqaro hamkorlik vaziri Luidji Di Mayo bilan uchrashdi. 

Ikkinchi vazirlar uchrashuvi samarali bo‘lganini mamnuniyat bilan qayd etib, mazkur shakldagi muloqot Italiya va mintaqa mamlakatlari o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ta’lim sohalarida ko‘p qirrali va barqaror hamkorlikni rivojlantirish uchun salmoqli salohiyatga ega ekanligini ta’kidladilar.

Yig‘ilishda ikki tomonlama qo‘shma tadbirlar, jumladan, 2022-yilda Toshkent shahrida Savdo-iqtisodiy va sanoat hamkorlik va eksport kreditlari bo‘yicha O‘zbekiston-Italiya hukumatlararo ishchi guruhining 7-yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Parlamentlararo muloqotni yanada mustahkamlash, hududlararo hamkorlikni, xususan, Samarqand viloyati va Lombardiya hududi oʻrtasidagi hamkorlikni faollashtirish, shartnomaviy-huquqiy bazani kengaytirish, oʻzaro sayyohlik oqimini koʻpaytirishga har ikki tomon tayyorligi bildirildi.

2022-yilda O‘zbekiston va Italiya o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligini qo‘shma tadbirlar orqali nishonlashga alohida e’tibor qaratildi.

Muloqotda ikki davlatning xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro hamkorligi masalalari ham ko‘rib chiqildi.