YXHT Tashqi ishlar vazirlari Kengashining yig‘ilishi to‘g‘risida
2021-yil 2-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Stokgolm shahrida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari Kengashining 28-yig‘ilishida ishtirok etdi.
Shvetsiya raisligida o‘tgan uchrashuvda YXHT makonida harbiy-siyosiy, iqtisodiy-ekologik va insoniy o‘lchovlardagi hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov o‘z nutqida yig‘ilish ishtirokchilari e’tiboriga mamlakatimizda kechayotgan demokratik o‘zgarishlar, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, qonun ustuvorligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqidagi ma’lumotlarni havola etdi.
O‘zbekiston bilan YXHT o‘rtasidagi hamkorlik so‘nggi yillarda ijobiy sur’atlarda rivojlanayotgani, jumladan, xavfsizlik va barqaror rivojlanish sohalarida texnik yordam ko‘rsatish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi. O‘zbekiston tomoni hamkorlikni davom ettirishga hamda barcha sohalar bo‘yicha dolzarb dasturlar sonini mutanosib ravishda oshirishga tayyor ekani ta’kidlandi.
Qayd etilganidek, YXHT faoliyatida iqtisodiy va ekologik omillarning ahamiyatini kuchaytirish muhim bo‘lib, bu keng qamrovli xavfsizlik konsepsiyasini to‘liqroq amalga oshirishga imkon beradi. Shu munosabat bilan o‘zaro savdoni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, agrar sektorda yangi texnologiyalarni joriy etish, tabiatni muhofaza qilish va bioxilma-xillikni saqlash masalalaridagi aloqalarni faollashtirish bo‘yicha kelishilgan sa’y-harakatlarni amalga oshirish zarur.
YXHTning hamkor-mamlakati sanalgan Afg‘onistondagi vaziyatga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri bu mamlakatda gumanitar falokatning oldini olish uchun afg‘on xalqiga zarur yordam ko‘rsatish yuzasidan shoshilinch choralarni ko‘rishga chorladi.