Germaniya Elchisi bilan uchrashuv

2021-yil 24-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Germaniya Federativ Respublikasining Favqulodda va Muxtor Elchisi etib tayinlangan Tilo Klinnerni qabul qildi.

Ishonch yorliqlarining nusxalarini qabul qilar ekan, Vazir Elchini masʼul lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi hamda uning serqirra O‘zbekiston-Germaniya hamkorligini yanada rivojlantirish va mustahkamlash yo‘lida ishlashiga umid bildirdi.

Qayd etilganidek, zamonaviy bosqichda O‘zbekiston va Germaniya munosabatlari, oliy darajadagi muntazam va o‘zaro ishonchga asoslangan muloqot samarasi o‘laroq, ko‘plab sohalarda jadal rivojlanmoqda. Har ikki tomonning siyosiy-diplomatik, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar, ilm-fan va taʼlim sohalardagi konstruktiv aloqalarni kengaytirishdan birday manfaatdorligi eʼtirof etildi.

Turli darajalardagi bo‘lajak tadbirlar jadvali ham muhokama qilindi.

Germaniya tomoni O‘zbekistonga Afg‘onistondan chet el fuqarolari va diplomatlarni evakuatsiya qilishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi.