Qatar Bosh vaziri oʻrinbosari, Tashqi ishlar vaziri bilan muzokaralar toʻgʻrisida

2021-yilning 11-aprel kuni Doha shahrida Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Qatar Davlati Bosh vaziri oʻrinbosari, Tashqi ishlar vaziri Shayx Muhammad bin Abdulrahmon bin Josim Ol Soniy bilan uchrashdi.

Muloqot davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, turizm, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va istiqbollari, tomonlarning xalqaro tuzilmalar doirasidagi oʻzaro aloqalari muhokama qilindi.

Oʻzbekiston-Qatar hamkorligini yanada rivojlantirishdan tomonlar manfaatdor ekanligi va uni koʻp qirrali jihatga yoʻnaltirishga xayrixohligi bildirildi.

Vazirlar yaqinda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari oʻrtasida boʻlib oʻtgan siyosiy maslahatlashuvlarning samarali natijalarini mamnuniyat bilan qayd etdilar va barcha darajalarda konstruktiv muloqotni davom ettirish zarurligini taʼkidladilar.

Qatar Bosh vaziri oʻrinbosari, Tashqi ishlar vaziri barcha sohalarda aniq natijalarga erishishga qaratilgan ikki tomonlama hamkorlikning hozirgi darajasini yuqori baholadi. Vazirning soʻzlariga koʻra, Oʻzbekiston bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish boʻyicha hamkorlik Qatar tashqi siyosatida ustuvor oʻrinlardan birini egallaydi.

Madaniy-gumanitar va turizm sohalarida oʻzaro aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratildi.

Suhbat davomida tomonlar mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik boshqa masalalarni ham koʻrib chiqdilar.