Yaponiyaning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Katsuxito Takaxashi bilan muzokaralar toʻgʻrisida

2021-yilning 26-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Ismatulla Irgashev Yaponiyaning Afgʻoniston boʻyicha maxsus vakili Katsuhito Takahashi bilan onlayn shaklda muzokaralar oʻtkazdi.

Suhbat davomida tomonlar Oʻzbekiston va Yaponiyaning afgʻon inqirozini tinch yoʻl bilan hal etish va afgʻonlararo toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotni olib borishga qaratilgan saʼy-harakatlar borasida fikr almashdilar.

Yaponiya tomoni uzoq yillardan beri davom etayotgan afgʻon inqirozini tinch yoʻl bilan hal etish, mamlakatning mintaqaviy siyosiy va iqtisodiy jarayonlarga integratsiyalashuvi boʻyicha O‘zbekiston rahbariyati olib borayotgan siyosatni yuqori baholadi.

Afgʻoniston iqtisodiyotini tiklash, mamlakatda turli infratuzilma loyihalarini amalga oshirish borasida Oʻzbekiston-Yaponiya hamkorligining ustuvor yoʻnalishlari borasida ham atroflicha fikr almashildi.

Muzokaralarda Oʻzbekiston va Yaponiyaning diplomatik vakolatxonalari rahbarlari ham ishtirok etdi.