TIV rahbari O‘zbekiston Prezidenti maslahatchisi Suma Chakrabarti bilan uchrashdi

2021-yilning 22-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining iqtisodiy rivojlanish, samarali boshqaruv va xalqaro hamkorlik masalalari boʻyicha maslahatchisi Suma Chakrabarti bilan uchrashdi.

Uchrashuvda tomonlar Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbuslarini amalga oshirish borasidagi ishlar va mamlakatning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini ta’minlash, xalq farovonligini izchil oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarni muhokama qildilar.

Bugungi kunda O‘zbekiston dunyo va mintaqadagi o‘zgaruvchan vaziyat hamda keng ko‘lamli ichki yangilanishlarni hisobga olgan holda ochiq, o‘zaro manfaatli va konstruktiv tashqi siyosatni amalga oshirayotgani qayd etildi.

Vazir mamlakatimiz tashqi siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishi Markaziy Osiyo davlatlari bilan do‘stona va konstruktiv munosabatlarni mustahkamlash ekanligini qayd etdi. O‘zbekiston yuritayotgan siyosat mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga, mintaqaviy xavfsizlikning muhim muammolarini hal qilishga, jumladan, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga qaratilgan.

Suhbatdoshlar xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, iqtisodiy diplomatiyani ilgari surish va mintaqaviy savdo-iqtisodiy kooperatsiyani mustahkamlash bo‘yicha belgilangan vazifalarni birgalikda amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

 

Anvar Ilyasov olgan surat