Vatandoshlar bilan ishlash va mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlash mamlakatimiz ravnaqiga xizmat qiladi
Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Erkin Xamrayevning “Yangi Oʻzbekiston” va «Правда Востока» gazetalari bosh muharriri Salim Doniyorovga eksklyuziv intervyusi
Keyingi yillarda Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar sarhadlar osha doʻstlik, teng sheriklik, bagʻrikenglik tamoyili asosida rivojlanmoqda. Xorijiy davlatlar bilan aloqalarda Oʻzbekiston tomoni mintaqaviy taraqqiyotga doir tashabbuslarni, bugungi tahlikali zamonda hamjihatlik va osoyishtalikni taʼminlashning muhim omillarini ilgari surishga qodir mamlakat sifatida eʼtirof etilayotgani ham fikrimizning dalili.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev xalqaro munosabatlarda siyosiy nuktadonlik bilan eʼtibor qaratadigan yana bir muhim jihat bor. Bu — xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan doimiy muloqot oʻrnatish, hamkorlikni rivojlantirish, ularning mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlardagi ishtirokini qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, mehnat migrantlarining huquq va manfaatlarini har tomonlama himoyalash. Bugun ana shu jihatlar davlatimiz siyosatining muhim yoʻnalishlaridan biriga aylandi.
— Erkin Jalilovich, xorijdagi vatandoshlarimizni qoʻllab-quvvatlash, ular bilan aloqalarni mustahkamlash borasida mamlakatimizda keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham vatandoshlar mavzusi alohida tilga olindi. Jumladan, “Vatandoshlar” jamgʻarmasini tuzish taklifi ilgari surildi. Dastlab bu tashabbusning ahamiyati xususida soʻzlab bersangiz.
— Toʻgʻri aytasiz, xorijdagi vatandoshlarimiz bilan hamkorlikni rivojlantirish, ularning yurtimiz taraqqiyotiga doir kreativ gʻoyalarini, tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratib kelinmoqda. Bu jarayonda chet ellarda mehnat qilayotgan hamyurtlarimiz taqdiriga ham befarqlik yoʻqoldi. Ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish uchun taʼsirchan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Bularning barchasiga Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning mustahkam siyosiy irodasi, aniq maqsadlar koʻzlangan saʼy-harakatlari va tashabbuslari tufayli erishilmoqda.
Ayni shu yoʻnalishda hukumatimiz tomonidan bir qator hujjatlar qabul qilindi. Xorijda istiqomat qilayotgan yurtdoshlarimiz bilan hamkorlik sohasida Oʻzbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi tasdiqlandi.
Hozir koʻplab hamyurtlarimiz mamlakatimiz iqtisodiyoti, ijtimoiy soha, ilm-fan, madaniyat, sport va boshqa yoʻnalishlarni rivojlantirishga, ona Vatani — Oʻzbekistonning obroʻsini yana-da oshirish hamda uning tashqi dunyo bilan munosabatlarini mustahkamlashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Davlatimiz rahbarining Oliy Majlisga Murojaatnomasidagi barcha taklif va tashabbuslar juda muhim ahamiyatga ega. Xususan, “Vatandoshlar” jamgʻarmasini tuzish taklifining asosiy mazmun-mohiyati, avvalo, xorijdagi yurtdoshlarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ular bilan hamkorlik aloqalarini yana-da mustahkamlash, rivojlantirishdan ibo rat. Bu tashabbus vatandoshlarimiz bilan samarali ishlashning aniq mexanizmlarini yaratishga xizmat qiladi.
— Oʻzbekistonlik koʻp iqtidorli kadrlar turli sabablarga koʻra chet ellarga chiqib ketgani sir emas. Ular bor salohiyatini oʻzga yurtlarda namoyon qilib kelayotgan edi. Prezidentimiz tashabbusi bilan ularning koʻpchiligi Vatanimizga qaytib kelib, bugun turli sohalarda samarali mehnat qilmoqda. Aytingchi, Oʻzbekistonga qaytgan yurtdoshlarimiz mamlakat ravnaqi uchun qanchalik hissa qoʻshishga ulgurdi?
— Darhaqiqat, koʻplab vatandoshlarimiz yurtimizga qaytib, turli sohalar rivojiga oʻz hissalarini qoʻshmoqda. Xususan, ular safidan yuqori malakali mutaxassislar davlat va xoʻjalik bosh qaruvi organlari, joylardagi ijro hokimiyati hamda boshqa tashkilotlarga ishga qabul qilindi. Hozir ularning 150 dan ortigʻi rahbar hamda masʼul lavozimlarda faoliyat yuritib kelmoqda.
Bundan tashqari, 30 dan ziyod xorijiy davlatlarda istiqomat qilayotgan salohiyatli investorlar, malakali mutaxassislar, xalqaro tashkilotlar vakillari, olim hamda iqtidorli talabalardan iborat 480 dan ortiq vatandoshimiz roʻyxati shakllantirildi.
Ular Oʻzbekiston iqtisodiyoti rivojiga oʻz hissalarini qoʻshish maqsadida turizm, das turlash va axborot texnologiyalari, fan, taʼlim, tibbiyot, maishiy xizmat koʻrsatish, qishloq xoʻjaligi, dehqonchilik, chorvachilik, oziqovqat mahsulotlarini, qurilish mollarini ishlab chiqarish, eksport, import, bank-moliya, transport-logistika, energetika kabi sohalarda loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirgan.
Shu kungacha bu vatandoshlarimizning aksariyati bilan videomuloqotlar oʻtkazildi. Hozir viloyatlar hokimliklari, tegishli vazirlik va idoralar bilan birga ular tomonidan bildirilgan loyihaviy takliflar amaliyotga tatbiq etish uchun ishlab chiqilmoqda.
Yana bir muhim jihatni alohida taʼkidlash zarur. Faol vatandoshlarimiz davlatimiz tomonidan alohida eʼtirof etib kelinmoqda. Bugungi kunga qadar AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya va Xitoyda istiqomat qilayotgan ayrim hamyurtlarimiz Vatanimizning yuksak davlat mukofotlari — “Doʻstlik” ordeni, “Shuhrat” va “Kelajak bunyodkori” medallari bilan taqdirlandi.
— Bu kabi eʼtibor chet el lardagi vatandoshlarimizni ham ilhomlantirmoqda. Oʻzlarini Oʻzbekistondagi islohotlarga daxl dor sezib, uzoqdan turib boʻlsada, mamlakatimiz ravnaqiga hissa qoʻshishga, milliy qadriyatlarimiz, urf-odatlarimizni targʻib qilishga undamoqda. Pirovardida, xorij mamlakatlarida ham vatandoshlarimiz tomonidan turli uyushmalar, diasporal tashkilotlar faoliyati yoʻlga qoʻyilyapti. Bu tashkilotlar bilan aloqalar qanday?
— Vatandoshlarimiz tomonidan tuzilgan uyushmalar, diasporal tashkilotlar bilan hamkorlik biz uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki xorijdagi hamyurtlarimiz qalbida yurt bilan faxrlanish tuygʻusini mustahkamlash, u yerda tugʻilib oʻsayotgan farzandlar orasida urf-odatlarimiz va ona tilimizni keng yoyishda bunday tuzilmalarning oʻrni katta.
Shunday markazlar aslida Oʻzbekistondagi siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy yoʻnalishlarda kechayotgan oʻzgarishlar va yangiliklar bilan bogʻliq xabarlarni yetkazishda koʻproq vatandoshlarimizni qamrab olishga, ular bilan aloqaga kirishib, Vatanimiz manfaatlari yoʻlida hamkorlik oʻrnatishga imkoniyat yaratadi.
Bugungi kunda Oʻzbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari joylashgan mamlakatlarda va ularning konsullik okrugiga kiruvchi davlatlarda qator diasporal tashkilotlar, milliy madaniy markazlar faoliyat yuritmoqda. Vakolatxonalarimiz ana shu kabi tuzilmalarning 150 dan ortigʻi bilan oʻzaro hamkorlik aloqalarini oʻrnatgan.
Ular ishtirokida chet el davlatlarida Oʻzbekistonning tarixi, madaniyati, urf-odatlari va milliy bayramlariga bagʻishlangan hamda respublikamizning sayyohlik salohiyatini xorijiy jamoatchilikka keng targʻib qilishga yoʻnaltirilgan tadbirlar oʻtkazib kelinmoqda.
Bundan tashqari, xalqimiz madaniyatini keng yoyish, oʻzbek tilini targʻib qilish, vatandoshlarimiz farzandlarida Vatan tuygʻusini shakllantirish, oʻzligini unutmasligi maqsadida dias poral uyushmalar qoshida kechki va yakshanbalik maktablar ochilmoqda. Ushbu muassasalarni oʻquv qurollari va oʻzbek tilidagi kitoblar bilan taʼminlash ishlari izchil davom ettirilyapti.
— Suhbatimizni mehnat migrantlari mavzusida davom ettirsak. Ularning manfaatlarini himoya qilish, muammo va ehtiyojlarini oʻrganish hamda hal qilish boʻ yicha qanday chora-tadbirlar koʻrilmoqda?
— Taʼkidlash joizki, Oʻzbekistonda 2016-yildan boshlab aholi bandligini taʼminlashning muhim jihati sifatida tashqi mehnat migratsiyasi masalasiga alohida eʼtibor qaratila boshlandi. Shu davrdan boshlab tashqi mehnat migratsiyasi jarayonini tartibga solish maqsadida uning turli jihatlarini qonuniylashtirishga qaratilgan qator iqtisodiy, huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Tartibli va samarali mehnat migratsiyasini tashkil etish, birinchi navbatda, oilalar daromadi oshishiga, iqtisodiyotda malakali mutaxassislar shakllanishiga xizmat qiladi. Shu sababli xorijiy davlatlarda mehnat qilayotgan Oʻzbekiston fuqarolarining ijtimoiy va mehnat huquqlariga rioya etishini nazarda tutadigan xalqaro hujjatlarni tuzishga qaratilgan ishlar bajarilmoqda. Rossiya, Qozogʻis ton, Turkiya va Janubiy Koreya davlatlari bilan mehnat migratsiyasi borasida xalqaro bitimlar imzolandi.
2020-yilning oktabr oyida Oʻzbekiston hukumati bilan Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) oʻrtasida hamkorlik toʻgʻrisida bitim imzolandi. Endilikda ushbu tashkilot bilan bitim ijrosi yuzasidan dasturlar ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston XMTning mehnat va migratsiya sohasidagi 16 ta universal xalqaro shartnomasi ishtirokchisi hisoblanadi. Oʻtgan yilning oʻzida mamlakatimiz XMTning “Xalqaro mehnat standartlarini qoʻllashni ragʻbatlantirish boʻyicha uch tomonlama konsultatsiyalar” konvensiyasi (Jeneva, 1976-yil 21-iyun) va “Majburiy mehnat toʻgʻrisida”gi konvensiyaning (Jeneva, 2014-yil 14-iyun) bayoniga qoʻshildi.
Xorijda ishlayotgan fuqarolarimizni qoʻllab-quvvatlash uchun Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi qoshida alohida jamgʻarma tashkil etildi hamda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari boʻyicha Bosh vazir maslahatchisi lavozimi joriy etildi.
Mazkur sohada mavjud muammolarning yechimini topish, xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash boʻyicha davlat idoralarining aniq vazifalarini belgilab berish maqsadida Prezidentimiz rahbarligida oʻtgan yilning 17-avgust kuni tashqi migratsiya masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
2020-yilning 15-sentabrida esa Prezidentimizning “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjat asosida xorijiy davlatlarda oʻz mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston fuqarolarini qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish, tashqi mehnat migratsiyasi sohasidagi subyektlarning faoliyatini tartibga solish, vaqtinchalik mehnat faoliyatini yakunlab, vataniga qaytib kelgan fuqarolarning reintegratsiyasini taʼminlash, ularning tadbirkorlik bilan shugʻullanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan yangi tizim joriy qilinmoqda.
Mazkur hujjatning samarali ijrosini taʼminlash maqsadida Tashqi ishlar vazirligining maxsus chora-tadbirlar rejasi tasdiqlangan va u amalga oshirilmoqda.
Qisqa muddat ichida Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik va konsullik muassasalari tomonidan chet davlatlarda mavjud boʻlgan 12 mingdan ortiq boʻsh ish oʻrinlari aniqlandi. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda ushbu boʻsh ish oʻrinlariga fuqarolarimizni joylashtirish maqsadida xorijiy tashkilotlar bilan ishlar olib borildi.
Mamlakatimiz fuqarolari eng koʻp boradigan davlatlar — Rossiya, Qozogʻiston va Turkiya hududlarida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan vatandoshlarimiz huquqlarini himoya qilish maqsadida bu davlatlarning nufuzli advokatlik firmalari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi.
— Qaysi mavzuda gaplashmaylik, koronavirusning salbiy taʼsiri haqida aytyapmiz. Bu mehnat migratsiyasi jarayonlariga ham jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Xususan, pandemiya sharoitida xorijdagi fuqarolarimiz turli sinovlarga duch keldi. Ularga oʻz vaqtida konsullik-huquqiy yordam koʻrsatish va Oʻzbekistonga qaytib kelishini tashkillashtirish boʻyicha vazirlik tomonidan amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida aytib oʻtsangiz.
— Bunday vaziyatda xorijda qolgan vatandoshlarimizga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, 2020-yil 25-yanvardan buyon Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi maxsus shtab faoliyati doirasida 550 mingdan ortiq Oʻzbekiston fuqarosi Vatanimizga qaytarildi. Ulardan 340 mingdan ziyodi charter reyslar, 55 mingga yaqini temir yoʻllar va 165 mingga yaqin fuqaro davlat chegara nazorat oʻtish punkti orqali olib kelindi. Chet elda qiyin ahvolda qolgan 100 mingga yaqin vatandoshimizga yordam koʻrsatildi. Hozir xorij davlatlaridan qaytish istagini bildirgan barcha yurtdoshlarimiz Oʻzbekis tonga qaytarildi.
Chet elda yashash uchun mablagʻlarsiz va ogʻir ahvolda qolgan 60 mingdan ziyod fuqarolarga oziq-ovqat mahsulotlari, mehmonxonalarga vaqtinchalik joylash va naqd pul taqdim etish shaklida moddiy yordamlar koʻrsatildi.
Koronavirus pandemiyasi davrida xorijiy davlatlar tomonidan 19 million AQSh dollari miqdorida begʻaraz insonparvarlik yuklarini Oʻzbekistonga yetkazish hamda vazirlik va idoralar oʻrtasida taqsimlash tashkillashtirildi.
Oʻzbekistonda koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi samarali kurashish maqsadida Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Xitoy va Rossiyadan yetakchi tibbiyot mutaxassislari jalb qilindi.
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining xavfsizligini taʼminlash uchun konsullik xodimlarining ish va uyali telefon aloqalari Tashqi ishlar vazirligi, xorijdagi diplomatik vakolatxona hamda konsullik muassasalar rasmiy sayti orqali eʼlon qilib borildi.
— Vatandoshlarimiz eng koʻp boʻlgan mamlakatlardan biri Rossiya Federatsiyasi hisoblanadi. Bu yerda ishlayotgan fuqarolarimizning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda qanday qulayliklar yaratilmoqda?
— Rossiya Federatsiyasida mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquqlari va manfaatlarini himoya qilish, noqonuniy migratsiyaning oldini olish boʻyicha Oʻzbekiston – Rossiya oʻrtasida 5 ta xalqaro bitim imzolangan.
Rossiya va boshqa xorijiy davlatlarda yurtimizning mehnat migrantlariga huquqiy yordam beradigan “Call-markaz»ni Moskva shahrida tashkil etish boʻyicha ishlar oʻz nihoyasiga yetmoqda.
2020-yil oktabr oyida Sankt-Peterburg shahrida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi bilan birgalikda oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari uchun “Ishga marhamat” adaptatsiya markazi ishga tushirildi.
Yekaterinburg, Novosibirsk, Samara va Ufa shaharlarida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining vakolatxonalarini ochishga koʻmak berildi. Vakolatxonalar 2020-yil sentabr oyidan oʻz faoliyatini boshlab yubordi.
Oʻzbekistonda Rossiyaning migratsiya markazlari ofislarini ochish va ushbu davlatda ishlash huquqini beruvchi patent olish tartibini osonlashtirish maqsadida Oʻzbekiston Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Rossiya Ichki ishlar vazirligining “Pasport-viza xizmati” tashkiloti hamda Moskva shahridagi “Koʻp tarmoqli migratsiya markazi” muassasalari oʻrtasida hamkorlik kelishuvini imzolashda koʻmak berildi.
Fuqarolarimizga chet tilini va talab katta boʻlgan kasb-hunarlarni oʻrgatish maqsadida qisqa muddatda Rossiyaning 10 dan ortiq yirik oʻquv markazlari bilan kelishuvlarga erishildi. Jumladan, Rossiya xalqlar doʻstligi universiteti va «Vorldskills Rossiya» tashkilotlari bilan Oʻzbekistondan kelgan migrantlarni oʻqitish, yotoqxona bilan taʼminlash, bitiruvchilarga Rossiya hududida amal qiladigan sertifikat berish boʻyicha kelishildi. Ayni paytda fuqarolarimiz ushbu markazlarda oʻqimoqda.
Shuningdek, oʻtgan yildan viloyatlar hokimliklarini ham tashqi mehnat migratsiyasi faoliyatiga doir masalalarni hal etishga tizimli jalb etish boʻyicha ishlar boshlandi. Shu maqsadda hokimliklar masʼullarining Rossiya Federatsiyasi hududlariga tashriflari tashkil etildi hamda videoanjumanlar oʻtkazildi.
Bundan tashqari, 2021-yil davomida Rossiya hududida oʻzbekistonlik mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilishga qaratilgan boshqa qator muhim chora-tadbirlar ham rejalashtirilgan. Ular haqida gazetxonlarga batafsil axborotlar berib boramiz.
Bir soʻz bilan aytganda, xorijdagi vatandoshlar bilan ishlash va mehnat migrantlarini qoʻllab-quvvatlash mamlakatimiz ravnaqiga xizmat qiladi. Oʻz navbatida, Oʻzbekistonning xalqchil siyosatini dunyoga tanitib, xalqaro nufuzini yana-da oshiradi.
“Yangi Oʻzbekiston” gazetasi, №13 (269), 2021-yil 20-yanvar