Xavf-xatarning “oʻzimizniki” yoki “birovniki”si boʻlmaydi

Prezidentimiz Oliy Majlisga Murojaatnomasida ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-maʼrifiy sohalardagi ustuvor vazifalar, tinchlik va xavfsizlikni, millatlararo totuvlikni hamda bagʻrikenglik muhitini taʼminlash, yoshlarning kamol topishiga munosib sharoit yaratish, milliy manfaatlarimiz, mamlakatimizning xalqaro maydondagi obroʻ-eʼtiborini oshirish, ochiq va amaliy tashqi siyosat yuritish yuzasidan aniq “yoʻl xaritasi”ni belgilab berdi.

Soʻnggi yillarda qoʻshni davlatlar bilan oʻzaro manfaatli aloqalar va ishonchli sheriklik munosabatlarini oʻrnatish hamda ularni yana-da yuqoriroq bosqichga olib chiqish masalasiga jiddiy eʼtibor berib kelinmoqda. Oʻzbekiston tomonidan olib borilayotgan siyosat natijasida mintaqamizda tamomila yangicha muhit qaror topib, oʻzaro hurmat, doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik tamoyillariga asoslangan hamkorlik va taraqqiyot hududi yaratildi.

Prezidentimizning qarori bilan Toshkentda Markaziy Osiyo xalqaro institutining taʼsis etilishi bejiz emas. Ushbu dargohda mintaqa mamlakatlari oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlashga oid izlanishlar hamda Markaziy Osiyo bilan bogʻliq boʻlgan turli tahdid va muammolarni hal etishga qaratilgan tizimli tadqiqotlar olib boriladi.

Davlatimiz rahbari Afgʻoniston Markaziy Osiyo mintaqasining ajralmas qismi ekanligini bir necha bor turli xalqaro minbarlarda taʼkidlab kelmoqda. Shavkat Mirziyoyev taʼbiri bilan aytadigan boʻlsak, oʻzbeklar va afgʻonlar Amudaryoning ikki sohilida yashab kelayotgan bir-biriga birodar yagona xalqdir. Shu nuqtayi nazardan, tashqi siyosatimizda afgʻon yoʻnalishi alohida oʻrin tutadi. Shubhasiz, ushbu davlatda uzoq yillardan beri davom etib kelayotgan mojaroni hal etmay turib, tinch va taraqqiy etgan Markaziy Osiyo haqida gapirib boʻlmaydi.

2018-yilning mart oyida Prezidentimiz tashabbusi bilan Toshkent shahrida oʻtkazilgan Afgʻoniston muammosini hal etish masalasiga bagʻishlangan xalqaro konferensiya Oʻzbekistonning afgʻonlararo tinchlik jarayonini yoʻlga qoʻyish uchun qoʻshgan hal qiluvchi hissasi boʻldi. Ushbu anjumanni afgʻon mojarosining tinchlik yoʻli bilan yechimini topishga qaratilgan koʻp yillik xalqaro urinishlardagi burilish nuqtasi deb baholashga xaqlimiz. Tadbir doirasida yakdillik bilan qabul qilingan “Toshkent deklaratsiyasi” dunyo hamjamiyati tomonidan Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish boʻyicha olib borilayotgan saʼy-harakatlarni yana-da faollashtirishga turtki boʻlib xizmatqildi va afgʻon muammosini xalqaro kun tartibining markaziga qaytarish imkonini berdi.

Davlatimiz rahbarining izchil va qatʼiy tashqi siyosati oʻlaroq Toshkent nafaqat qoʻshni mamlakat iqtisodini tiklashda balki Afgʻonistondagi tinchlik jarayonida ham munosib oʻrin egallab, oʻzining alohida mavqeini qoʻlga kiritdi.

Bugungi kunda Oʻzbekiston dunyoning nufuzli mamlakatlari bilan bir qatorda afgʻonlararo muzokaralarni ilgari surishga koʻmak beruvchi 5ta (Qatar, Oʻzbekiston, Germaniya, Norvegiya va Indoneziya) hamfikr davlatlar safidan oʻrin olgan.

Respublikamiz tomonidan xalqaro hamjamiyat bilan uygʻun tarzda amalga oshirilgan chora-tadbirlar tufayli 2020-yilning 12-sentyabr kuni Qatarning Doha shahrida afgʻonlararo muloqotning ilk davrasi boshlandi.

Afgʻon masalasiga yondashuvimizning afzallik jihati shundan iboratki, Oʻzbekiston qoʻshni mamlakatdagi barcha siyosiy kuchlar, milliy-diniy guruhlar va qurolli muxolifat vakillari, shu jumladan, “Tolibon” harakati rahbariyati bilan birdek muvozanatli aloqalar oʻrnatishga muvaffaq boʻldi.

Hozir Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish jarayonida Oʻzbekistonning faol qatnashishiga yana-da koʻproq ehtiyoj sezilmoqda. Prezidentimiz tomonidan Birlashgan Millatlar Tashkilotining 75-sessiyasida mamlakat milliy iqtisodini tiklashga qaratilgan Afgʻoniston boʻyicha maxsus qoʻmita taʼsis etish toʻgʻrisida ilgari surgan tashabbus xalqaro hamjamiyat tarafidan qoʻllab-quvvatlanmoqda.

Afgʻoniston iqtisodiyotini qayta qurish, mamlakat ijtimoiy sohasini rivojlantirish, ilmiy salohiyatini, toʻlaqonli maorif va taʼlim tizimini barpo etish uchun malakali mutaxassislarga ehtiyoj sezilmoqda. Ushbu voqelikdan kelib chiqib, Termiz shahrida Afgʻoniston fuqarolariga taʼlim berish markazi taʼsis etildi. Hozirda ushbu ixtisoslashgan oʻquv yurtida yuzlab afgʻonistonlik talabalar oliy taʼlimning turli yoʻnalishlari boʻyicha tahsil olmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, Oʻzbekiston afgʻon milliy kadrlarini tayyorlash va mutaxassislar malakasini oshirish ishiga salmoqli hissa qoʻshib kelmoqda.

Yaqinda shaxsan Prezidentimizning rahnamoligida afgʻon shifokorlaridan iborat 20 kishilik guruh malaka oshirish va koronavirus kasalligini davolash uslublarini oʻrganish maqsadida Oʻzbekistonga tashrif buyurdi.

Shuni qayd etish lozimki, ogʻir pandemiya sharoitida ham respublikamiz Afgʻoniston bilan chegarani yopgani yoʻq. Qoʻshni davlatga oziq-ovqat mahsulotlari, yoqilgʻi, doridarmon, tibbiyot anjomlari va insonparvarlik yordami muntazam yetkazib berildi. Qoʻshni mamlakatning tashqi dunyo bilan savdo-sotiq aloqalari Oʻzbekiston tomonidan qurib berilgan Hayraton — Mazori-Sharif temir yoʻl transport yoʻlagi orqali toʻxtamay amalga oshirilmoqda.

Oʻzbekiston tomoni Surxon — Puli-Xumri elektr uzatish tarmogʻini Afgʻonistonda barpo etish loyihasini amalga oshirish bilan bogʻliq amaliy ishlarni boshlab yubordi. Uning hayotga tatbiq etilishi Afgʻonistonni Markaziy Osiyoning yagona energetika tizimiga bogʻlash imkonini beradi hamda “CASA-1000” loyihasining muhim tarkibiy qismi sifatida mintaqamiz elektr energiyasini Pokiston hamda Janubiy Osiyo mamlakatlariga yetkazib berishga sharoit tugʻiladi.

Afgʻoniston hukumati va boshqa xalqaro sheriklar bilan birgalikda Markaziy va Janubiy Osiyoni bogʻlovchi Mazori-Sharif — Kobul — Peshovar yoʻnalishida temir yoʻl qurish loyihasini amalga oshirishga tayyormiz. Bu borada aniq va manzilli choralar koʻrilmoqda.

Oʻzbekiston, Afgʻoniston va Pokiston davlat rahbarlarining Transafgʻon transport yoʻlagini barpo etish loyihasini moliyalashtirishga oid mushtarak murojaatnomasi Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Islom taraqqiyot banki, Amerika xalqaro taraqqiyot moliya tashkiloti, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa nufuzli jamgʻarmalar rahbariyati nomiga yoʻllandi.

Ushbu rejaning yaqin istiqbolda toʻlatoʻkis roʻyobga chiqishi Markaziy va Janubiy Osiyoni bir-biriga bogʻlash bilan bir qatorda, Afgʻonistonni mintaqaviy integratsiya jarayonlariga jalb etishda katta rol oʻynaydi hamda mamlakat iqtisodining tiklanishida muhim omil boʻlib, minglab ish oʻrinlarini yaratish imkonini beradi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy yilning may oyida Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusida xalqaro konferensiya tashkil etish rejalashtirilgan.

Davlatimiz rahbari maʼno va mohiyati nuqtayi nazaridan strategik xarakterga ega boʻlgan oʻz Murojaatnomasida afgʻon zaminida 40 yildan buyon hukm surayotgan keskinlik va qurolli mojaro barham topishiga, qoʻshni mamlakatda tinchlik va barqarorlik oʻrnatilishiga qatʼiy ishonch bildirdi. Chunki “xavfsizlik yagona va boʻlinmasdir va uni faqat birgalikdagi saʼy-harakatlar bilan taʼminlash mumkin”.

Oʻzbekistonning yagona maqsadi — Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatish, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash va Markaziy Osiyo mamlakatlarining iqtisodiy yuksalishi uchun zarur shart-sharoit yaratishdir. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytadigan boʻlsak, “xavf-xatarlarning baʼzi birlarini “oʻzimizniki”, boshqasini esa “birovniki” deb oʻylamasdan, bugun xalqaro hamjamiyat birlashib, jafokash Afgʻoniston xalqiga uning tinchligi va taraqqiyoti yoʻlida yordam qoʻlini uzatishi har qachongidan muhimdir.

Ismatulla IRGASHEV,

Oʻzbekiston Prezidentining Afgʻoniston masalalari boʻyicha maxsus vakili
 

"Yangi Oʻzbekiston" gazetasi
2021-yil 13-yanvar soni