AQSh delegatsiyasi bilan uchrashuv

2021-yil 9-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov Amerika Qo‘shma Shtatlari Xalqaro taraqqiyotni moliyalashtirish korporatsiyasi bosh ijrochi direktori Adam Boler boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Delegatsiya tarkibidan AQSh Xalqaro Taraqqiyot Agentligi (USAID) administratori yordamchisi vazifasini bajaruvchi Xavyer Pedra, Davlat departamentining global ayollar muammolari bo‘yicha idorasi rahbari, alohida topshiriqlar bo‘yicha elchi Kelli Kyurri ham o‘rin olgan.

Uchrashuv chog‘ida ko‘p qirrali O‘zbekiston-AQSh munosabatlarini yanada chuqurlashtirish, Markaziy Osiyodagi mintaqaviy integratsiyani mustahkamlashda hamkorlik qilish, Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni faollashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlarning Strategik sheriklik muloqotini yo‘lga qo‘yish to‘g‘risidagi qarori mamnuniyat bilan qayd etilib, bu O‘zbekiston va AQSh o‘rtasida barcha yo‘nalishlardagi uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga zamin yaratishi ta’kidlandi.

Tomonlarni iqtisodiy taraqqiyot, qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish kabi ustuvor sohalarida birgalikda ishlashga tayyorlik bildirildi.

Amerika tomoni O‘zbekistonning gender tenglik ta’minlash, mamlakatning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy hayotida ayollarning roli va mavqeini mustahkamlash borasida erishgan yutuqlarini yuqori baholadi.

Iqtisodiy aloqalar va savdoni rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan mintaqalararo investitsiya va infratuzilma loyihalarini barpo etishning amaliy jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuvda ikki tomon kun tartibining boshqa masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.

Muzokaralarda AQSh Elchisi Deniel Rozenblyum ishtirok etdi.

 

Anvar Ilyasov olgan surat