Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afgʻoniston tashqi ishlar vazirlari oʻrinbosarlarining uchrashuvi toʻgʻrisida
2020-yilning 10-dekabr kuni Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sherzod Asadov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Markaziy Osiyo va Afgʻoniston tashqi ishlar vazirlari oʻrinbosarlarining videokonferensiya shaklidagi yillik uchrashuvida ishtirok etdi. Tadbir Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markaz tomonidan tashkil qilindi.
Uchrashuvda BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar boʻyicha yordamchisi Miroslav Yencha, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili/Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari Natalya German, BMT Bosh kotibining maxsus vakili/BMTning Afgʻonistondagi yordam missiyasi (UNAMA) rahbari Debora Layons, shuningdek Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Afgʻoniston tashqi ishlar vazirlari oʻrinbosarlari qatnashdi.
Tomonlar mintaqaviy siyosat va xavfsizlikning dolzarb masalalari, Markaziy Osiyo davlatlari hamda Afgʻoniston oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning holati va istiqbollarini koʻrib chiqdilar.
Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi faoliyati, mintaqa davlatlarining ushbu tuzilma bilan hamkorligi, erishilgan natijalar hamda 2021-yilga moʻljallangan rejalari toʻgʻrisida fikr almashildi.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari ishtirokchilarga Prezident Shavkat Mirziyoyevning mintaqada hamkorlikni har tomonlama mustahkamlash borasidagi tashabbuslari, xususan, bu borada alohida ahamiyatga ega boʻlgan Markaziy Osiyo mamlakatlari davlat rahbarlari Maslahat uchrashuvi haqida maʼlumot berdi. Mintaqaviy muhim masalalarni hal qilishda erishilgan yutuqlar, jumladan, chegaralarni qonuniy trafdan mustahkamlash, transport kommunikatsiyalaridan birgalikda foydalanish va oʻzaro manfaatli sohalarda hamkorlik koʻlamini oshirish muhimligi qayd etildi.
Afgʻoniston bilan aloqalarni kengaytirish, afgʻonlararo tinchlik muzokaralarini davom ettirish va qoʻshni mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashga yordam berish boʻyicha Oʻzbekiston tomonidan olib borilayotgan ishlarga alohida eʼtibor qaratildi.
Oʻzbekiston delegatsiyasi 2021-yilda Toshkentda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Global antiterror strategiyasi mintaqaviy Qoʻshma rejasining 10 yillik natijalari va kelgusi istiqbollariga bagʻishlangan xalqaro konferensiyani oʻtkazish boʻyicha taqdimot uyushtirdi.
Tadbirda kun tartibidagi boshqa mintaqaviy masalalar muhokama qilindi.