Ruminiya Elchisi bilan uchrashuv
2020-yilning 10-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov mamlakatimizdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Ruminiyaning Favqulodda va Muxtor Elchisi Romeo Stanchuni qabul qildi.
Suhbat davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda O‘zbekiston-Ruminiya hamkorligining holati hamda istiqbollari muhokama qilindi.
Uchrashuvda ikki mamlakatning Yevropa Ittifoqi doirasidagi o‘zaro aloqalariga doir masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
O‘zbekiston tomoni Ruminiya bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni rivojlantirishga, jumladan, Ruminiya bozoriga ko‘plab turdagi mahsulotlarni yetkazib berishni tashkil qilish orqali o‘zaro savdoni kengaytirishga alohida ahamiyat beradi.
Muloqot so‘ngida Vazir Elchining O‘zbekiston-Ruminiya munosabatlarini mustahkamlash va rivojlantirishga qo‘shgan shaxsiy hissasini yuqori baholadi.
Romeo Stanchu, o‘z navbatida, Ruminiyaning O‘zbekistondagi diplomatik vakolatxonasi rahbari sifatidagi faoliyati doimiy qo‘llab-quvvatlanganligi uchun minnatdorlik bildirdi.