O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi vazirliklararo siyosiy maslahatlashuvlar to‘g‘risida

2020-yilning 9-10-dekabr kunlari O‘zbekiston-Buyuk Britaniya siyosiy maslahatlashuvlarining navbatdagi raundi videokonferensiya shaklida bo‘lib o‘tdi.

Delegatsiyalarga O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sherzod Asadov va Buyuk Britaniya Tashqi ishlar va taraqqiyot vaziri o‘rinbosari Vendi Morton boshchilik qildi.

Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston tomonidan moliya, adliya, mudofaa vazirliklari, O‘zgidromet, Ekologiya davlat qo‘mitasi, Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston milliy markazi vakillari va Londondagi O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasi rahbari ishtirok etdi.

Tomonlar siyosiy, savdo-iqtisodiy, turizm, investitsiya, ilmiy-ma’rifiy, madaniy-gumanitar, ekologik va boshqa sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikning holati hamda istiqbollarini atroflicha muhokama qildilar.

Muzokaralar chog‘ida ikki tomonlama savdo tarkibini diversifikatsiya qilish, Savdo va sanoat bo‘yicha O‘zbekiston-Buyuk Britaniya ishbilarmonlar kengashi faoliyatini faollashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi batafsil tahlil qilindi.

BMT va uning tuzilmalari, boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi o‘zaro aloqalarning dolzarb jihatlariga alohida e’tibor qaratildi.

Turli darajalarda bo‘lajak qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish, hamkorlikning huquqiy asoslarini takomillashtirish va parlamentlararo muloqotni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy muammolar yuzasidan ham fikr almashildi.