Turizmni rivojlantirish va sportni ommalashtirish masalalari muhokama qilindi
2020-yil 9-dekabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida turizm va sport sohalarida amalga oshirilayotgan ishlar hamda kelgusi yildagi vazifalar muhokamasi yuzasidan videselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Oʻzbekistonda turizm iqtisodiyotning strategik tarmoqlaridan biri sifatida rivojlantirilmoqda. Qator farmon va qarorlar asosida bu sohadagi sharoitlar kengaytirilmoqda. Xususan, fuqarolaridan yurtimizga viza talab etilmaydigan mamlakatlar soni 9 tadan 86 taga yetkazildi, 53 ta davlat uchun “elektron viza” tizimi joriy etildi. Turizm uchun qiyin boʻlgan joriy yilda sohadagi subyektlar har tomonlama qoʻllab-quvvatlandi, ularga subsidiya va ssudalar berildi.
Tanqidiy ruhda oʻtgan yigʻilishda koronavirus pandemiyasi sharoitida yondashuvlarni qayta koʻrib chiqib, mamlakatimizning turizm salohiyatini tiklash hamda rivojlantirish chora-tadbirlari muhokama qilindi.
Kelgusi yilda 1,7 million xorijiy, 7,5 million mahalliy sayyohlarni jalb qilish, turizm xizmatlari eksportini 370 million dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bu borada eng katta manba, avvalo, ziyorat turizmidir. Yurtimizda islom diniga oid koʻplab ziyoratgohlar, yahudiylik, buddaviylik yodgorliklari bor. Bu imkoniyatdan foydalanib, 700 ming ziyoratchini jalb qilish va 130 million dollarlik xizmatlar eksportini taʼminlash mumkin.
Shu bois kelgusi yildan Yevropa mamlakatlari, Malayziya, Indoneziya, Pokiston, Tailand, Yaponiya kabi davlatlar bilan aviaqatnovlarni bosqichma-bosqich tiklash, yangi reyslarni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatma berildi. Milliy aviakompaniyamizda chiptalar narxi balandligi tanqid qilinib, uni arzonlashtirish vazifasi qoʻyildi.
Davlatimiz rahbari ziyorat turizmida targʻibot va ilmiy yondashuv yetishmayotganini taʼkidladi. Oʻzbekistonning chet ellardagi elchixonalari bilan birga bu boradagi ishlarni kengaytirish muhimligi qayd etildi. Ziyorat turizmi boʻyicha salohiyatli davlatlar fuqarolari uchun viza tizimini soddalashtirishga doir takliflar bildirildi.
Sohadagi ishlarni muvofiqlashtirish maqsadida Bosh vazir oʻrinbosarlari rahbarligida Idoralararo komissiya tuzilishi belgilandi. Ushbu komissiya aviaparvozlarni tashkil etish, ularga ruxsat olishni soddalashtirish, qatnovlar geografiyasini kengaytirish va aeroport xizmatlarini yaxshilash boʻyicha tizimli shugʻullanadi.
Hududlarda hali yetarlicha oʻrganilmagan, sayyohlar jalb etilmagan qadamjolar koʻpligi taʼkidlandi. Madaniyat vazirligi, Din ishlari boʻyicha qoʻmitaga 300 ta madaniy meros obyekti va ziyoratgohni restavratsiya qilish vazifasi qoʻyildi.
Buyuk olim Abu Mansur Moturidiy maqbarasi va uning yaqinida dafn etilgan 8 buyuk ulamo qadamjosini dunyoda 170 milliondan ziyod izdoshi boʻlgan moturidiya taʼlimotining ziyorat markaziga aylantirish mumkinligi taʼkidlandi.
Yigʻilishda Samarqand viloyati hokimligiga shu borada koʻrsatmalar berildi. Buxoro viloyatida islom dini va mintaqadagi din namoyandalari tematik xiyoboni loyihasini ishlab chiqish zarurligi aytildi.
“Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” nomli ichki turizm dasturi kelgusi yili izchil davom ettiriladi. Buning uchun Roʻza va Qurbon hayitlari, Navroʻz, Mustaqillik kuni va Yangi yil bayramlari davrida qoʻshimcha dam olish kunlari belgilanmoqda. Shuningdek, nomavsumiy sayohatlar uchun Ichki turizm oyligi, haftaligi va kunlari tashkil etiladi.
Prezidentimiz pandemiya sababli turizm sohasi uchun 2020-yil oxirigacha berilgan imtiyoz va preferensiyalarni 2021-yil oxiriga qadar uzaytirish, aholi uchun transport va mehmonxona xizmatlari boʻyicha chegirmalar berib, ichki turizmni ommaviy tashkil etish muhimligini taʼkidladi.
Videoselektor yigʻilishida turistik maskanlar va infratuzilma obyektlarini koʻpaytirish masalasiga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Toshkent viloyatining Boʻstonliq tumanida bu borada oʻnlab loyihalar amalga oshirilmoqda. Xususan, “Amirsoy” kurortining ikkinchi bosqichi, “Beldersoy-Chimyon-Nanay” xalqaro kurorti, “Xoʻjakent” dor yoʻli, 29 ta mehmonxona va dam olish maskanlari qurilmoqda.
Ushbu tajriba asosida kelgusi yilda turistik salohiyati yuqori boʻlgan 14 ta tuman, Xonobod va Angren shaharlarida turizmni jadal rivojlantirish dasturini amalga oshirish choralari belgilandi.
Yigʻilishda aholini ommaviy sportga keng jalb qilish masalalari ham muhokama qilindi.
Bugungi kunda aholimizning bor-yoʻgʻi 19 foizi jismoniy tarbiya va sport bilan qamrab olingan. Aksincha, nosogʻlom turmush tarzi, tarkibida tuz, qand va yogʻ miqdori koʻp boʻlgan hamda xamirli taom va nonni meʼyoridan ortiq isteʼmol qilish holatlari koʻp uchraydi.
Koronavirus infeksiyasi, avvalo, yurak-qon tomir, nafas yoʻllari kasalligiga chalingan, ortiqcha vaznli fuqarolarda ogʻir kechgani hammaga maʼlum. Bu ham sogʻlom turmush tarzi va sportning ahamiyatini yana bir bor yaqqol koʻrsatdi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 30-oktyabrdagi farmonida sogʻlom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish boʻyicha juda muhim chora-tadbirlar belgilangan edi. Jumladan, tuman markazlari va shaharlarda 3-5 kilometrlik “Salomatlik yoʻlaklari” barpo etish vazifasi qoʻyilgan.
Yigʻilishda shu boradagi manzilli roʻyxatni shakllantirib, qurilish ishlarini boshlash, piyodalar va velosipedlar uchun barcha qulayliklarni yaratish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Prezidentimiz joylarda sport infratuzilmasini rivojlantirish masalasiga alohida eʼtibor qaratdi. Xususiy sport inshootlari, “vorkaut”, mini-futbol, badminton, stritbol maydonlari va fitnes zallari barpo etishga tadbirkorlarni jalb qilish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Yurtimizda xalqaro sport musobaqalarini oʻtkazish orqali sport turizmini rivojlantirish kerakligi taʼkidlandi. Xususan, xalqaro mototur va velotur musobaqalari tashkil etiladi, buning uchun mamlakat hududlaridan Boʻstonliq tumanigacha marshrut ishlab chiqiladi.
Aholi oʻrtasida jismoniy tayyorgarlik darajasi boʻyicha sport sinovlarini yoʻlga qoʻyib, uning gʻoliblariga imtiyozlar berilishi belgilandi. Bu birinchiliklarni navbatda maktab oʻquvchilari oʻrtasida, bosqichma-bosqich aholi oʻrtasida tashkil etish kerakligi qayd etildi.
Maʼlumki, Oʻzbekistondagi har bir tuman va shahar bittadan ustuvor, istiqbolli hamda rivojlanayotgan sport turlariga ixtisoslashtirilgan. Mazkur tizimdan kelib chiqib, hududda yirik musobaqalar oʻtkazib turish va salohiyatli sportchilarni tarbiyalash muhimligi taʼkidlandi. Buning uchun Milliy Olimpiya qoʻmitasi barcha sport federatsiyalari faoliyatini tuman va shaharlarga bogʻlagan holda tashkil etib, joylarda Olimpiya harakatini rivojlantirib boradi.
Yigʻilishda muhokama qilingan masalalar yuzasidan mutasaddilar axborot berdi.