“Xitoy – Afg‘oniston – Markaziy Osiyo mamlakatlari” shaklida savdo munosabatlari va mushtaraklikka ko‘maklashish bo‘yicha videokonferensiya to‘g‘risida
2020-yil 9-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Furqat Sidikov “Xitoy – Afg‘oniston – Markaziy Osiyo mamlakatlari” shaklida savdo munosabatlari va mushtaraklikka ko‘maklashish bo‘yicha videokonferensiyada ishtirok etdi.
Xitoy Xalq Respublikasi, Afg‘oniston Islom Respublikasi, Markaziy Osiyo davlatlari tashqi siyosat idoralari rahbarlari o‘rinbosarlari koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, mushtaraklikni mustahkamlash va terrorizmga qarshi birgalikda kurashishning dolzarb jihatlarini muhokama qildi.
COVID-19 infeksiyasi tarqalishini oldini olish hamda uning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etishdagi sa’y-harakatlarni birlashtirish uchun kompleks choralar ko‘rishning muhimligi qayd etildi.
Afg‘onistonda mustahkam tinchlik o‘rnatishning ustuvor ahamiyati, bu esa Markaziy Osiyo mintaqasining barqaror rivojlanishida asosiy omil ekanligi e’tirof etildi. Shu jihatdan videokonferensiya qatnashchilariga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga amaliy ko‘maklashishga qaratilgan xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish uchun BMT huzurida Afg‘oniston bo‘yicha doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish borasida ilgari surilgan tashabbusning konseptual mohiyati to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Yirik transport-kommunikatsiya va energetika loyihalarini amalga oshirishni tezlashtirish, yo‘llarni ochish va pandemiya sharoitida yuklarning o‘tishi xavfsizligini ta’minlash masalalariga muhim e’tibor qaratildi.
Markaziy Osiyo davlatlari, Xitoy va Afg‘oniston transport-tranzit infratuzilmasini rivojlantirish savdo-iqtisodiy munosabatlarni mustahkamlash va tovar ayirboshlash hajmlarining oshishiga xizmat qilishi hamda chegaraoldi savdosini rag‘batlantirishi ta’kidlandi.
Terrorizmga qarshi kurashish sohasidagi hamkorlik ham alohida ko‘rib chiqildi. Shu nuqtayi nazardan narkotiklarga qarshi tadbirlarni kuchaytirish, noqonuniy migratsiya va odam savdosini oldini olish bo‘yicha aloqalarni faollashtirishning zarurligiga urg‘u berildi.
Muzokaralarda umumiy kun tartibining boshqa masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.