AQSh Davlat departamenti O‘zbekistonni diniy erkinliklarni buzuvchi davlatlar ro‘yxatidan to‘liq chiqardi

2020-yil 7-dekabr kuni Amerika Qo‘shma Shtatlari Davlat departamentining  rasmiy bayonoti e’lon qilindi. Unga ko‘ra Davlat kotibi Maykl Pompeo O‘zbekistonni diniy erkinliklar sohasidagi “Maxsus nazorat ro‘yxati”dan chiqardi va shu orqali mamlakatimiz e’tiqod erkinligini ta’minlash sohasida ulkan o‘sishga erishganini e’tirof etdi.

O‘zbekiston endilikda din erkinligi to‘liq ta’minlanadigan mamlakat sifatida baholanadi.

Davlat departamentining qarori asosiy qonun – Konstitutsiyamiz qabul qilinganligining 28 yilligi bilan bir kunga to‘g‘ri kelganligi ham chuqur ramziy ma’noga ega. Bu Prezident Shavkat Mirziyoyev boshlab bergan fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash hamda millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlashga yo‘naltirilgan chuqur demokratik islohotlarning tan olinishidir.

Maykl Pompeo o‘z bayonotida O‘zbekiston hukumatining so‘nggi yilda erishgan “ulkan va aniq o‘sishi” natijasida mamlakatimizning “Maxsus nazorat ro‘yxati”dan chiqarilganligini qayd etdi.

AQShning Xalqaro diniy erkinliklar sohasidagi maxsus topshiriqlar bo‘yicha Elchisi Sem Braunbek Davlat kotibining qarori Prezident Shavkat Mirziyoyevning e’tiqod erkinligini ta’minlash sohasidagi mustahkam irodasi, uning bevosita rahbarligida amalga oshirilgan keng ko‘lamli faoliyat, o‘zgarishlar va islohotlarning natijasi ekanligini ta’kidladi.