Shveysariya Tashqi ishlar federal maslahatchisi (vaziri) bilan telefon orqali suhbat
2020-yilning 7-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va Shveysariya Konfederatsiyasi Tashqi ishlar federal maslahatchisi (vaziri) Ignatsio Kassis o‘rtasida telefon orqali suhbat bo‘lib o‘tdi.
Tashqi siyosiy idoralar rahbarlari O‘zbekiston-Shveysariya ko‘p qirrali aloqalarining hozirgi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qildilar.
Tomonlar savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikni kuchaytirish hamda qishloq joylarda infratuzilmani rivojlantirish, resurslar va energiya tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdilar.
Uchrashuvda ikki mamlakatning BMT, YXHT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasidagi o‘zaro aloqalari masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Shuningdek, turli darajalarda bo‘lib o‘tadigan uchrashuvlar jadvali to‘g‘risida fikr almashildi.