Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirining YXHT tashqi ishlar vazirlari kengashi majlisidagi ishtiroki toʻgʻrisida

2020-yilning 3-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov videokonferensiya shaklida boʻlib oʻtgan Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti tashqi ishlar vazirlari kengashining 27-majlisida ishtirok etdi.

YXHTning amaldagi raisi, Albaniya Respublikasi Bosh vaziri Edi Rama tomonidan chaqirilgan yigʻilishda tashkilotga aʼzo 57 davlat delegatsiyalari hamda hamkorlik boʻyicha sherik mamlakatlarning tashqi siyosat idoralari rahbarlari ishtirok etdi.

Tadbirda kun tartibiga kiritilgan va YXHT mintaqasida oʻzaro aloqalarni rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlarini qamrab oladigan koʻplab masalalar muhokama qilindi.

Mamlakatimiz delegatsiyasi rahbari oʻz nutqida YXHT doirasidagi hamkorlikning ustuvor yoʻnalishlari bilan bir qatorda asosiy tamoyili milliy tiklanishdan milliy yuksalishga o‘tish bo‘lgan Oʻzbekistondagi rivojlanishning sifat jihatidan yangi bosqichi haqida maʼlumotlar berdi.

Yigʻilish ishtirokchilari yurtimizda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilishni kuchaytirish, qonun ustuvorligini taʼminlash, partiyalarlarning siyosiy faoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, korrupsiyaga qarshi kurashish, ayollarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi rolini oshirish boʻyicha olib borilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishtirildi.

Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy Osiyoni barqarorlik va farovonlik mintaqasiga aylantirishga qaratilgan ochiq hamda konstruktiv tashqi siyosatidagi muvaffaqiyatlari eʼtirof etildi.

YXHT Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yigʻilishi 2021-yil 1-yanvardan tashkilotga raislik qiluvchi Shvetsiyada bo‘lib o‘tadi.