Saudiya Arabistoni Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari bilan muzokaralar toʻgʻrisida
2020-yilning 3-dekabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Furqat Sidikov videokonferensaloqa shaklida Saudiya Arabistoni Qirolligi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Odil Mirdod bilan muzokaralar oʻtkazdi.
Suhbat chogʻida siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama hamkorlikning holati hamda rivojlanish istiqbollari koʻrib chiqildi.
Tomonlar turli darajalarda boʻlib oʻtadigan qoʻshma tadbirlar jadvali boʻyicha fikr almashdilar.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston-Saudiya oʻrtasidagi keng qamrovli munosabatlar rivojlanishning sifat jihatidan yangi bosqichiga koʻtarilib, ijobiy oʻsish surʼatiga ega boʻlganligi taʼkidlandi.
Koronavirus pandemiyasining ikki tomonlama savdo-iqtisodiy munosabatlarga salbiy taʼsirini oldini olish va oʻzaro savdo hajmining tobora koʻpayib borishi boʻyicha qoʻshimcha choralar koʻrish muhimligi qayd etildi.
Energetika, qayta tiklanadigan energiya manbalari, qishloq xoʻjaligi, turizm va farmatsevtika sohalarida investitsiya loyihalarini birgalikda amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Ikki mamlakat oʻrtasidagi parlamentlararo aloqalarni yana-da rivojlantirishning dolzarb jihatlari muhokama qilindi.
Muzokaralar chogʻida tomonlarni qiziqtirgan boshqa masalalar ham koʻrib chiqildi.