O‘zbekistonning Turkiyada bo‘lib turgan yoki mazkur davlatga borishni rejalashtirayotgan fuqarolari diqqatiga
2020-yil 30-noyabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Hukumat yig‘ilishi yakunlariga ko‘ra chiqish qila turib, jamoatchilikni yangi turdagi koronavirus (COVID-19) tarqalishiga qarshi kurashish doirasida cheklov choralarning kuchaytirilganligi to‘g‘risida xabardor qildi.
Pandemiya bilan bog‘liq yangi cheklovlar 2020-yil 1-dekabr kuni soat 21:00 dan kuchga kiradi.
Xususan, quyidagi cheklov choralarini joriy qilish to‘g‘risida qaror qilindi:
- Ish kunlari soat 21:00 dan 5:00 ga qadar komendantlik soati belgilandi.
- Dam olish kunlari juma kuni kechqurun soat 21:00 dan dushanba kuni ertalab soat 5:00 ga qadar ko‘chaga chiqish mumkin emas.
- Janoza va to‘y marosimlarida ham qatnashchilar soni 30 kishidan oshmasligi kerak.
- Barcha davlat muassasalari ish kunlari soat 10:00 dan 16:00 gacha bo‘lgan vaqtda faoliyat ko‘rsatadi.
- 65 yoshdan oshgan va 20 yoshdan kichik fuqarolar jamoat transportidan foydanala olmaydilar. Ular ish kunlari soat 10:00 dan 13:00 ga qadar ko‘chaga chiqishlari mumkin. Juma kuni bundan mustasno. Juma namoziga borishga ruxsat etiladi. Ish kunlari bolalar va pensionerlar soat 5:00 dan 21:00 gacha shaxsiy transportda harakatlanishi mumkin.
- Mehmonlarni qabul qilish, mavludlar, kechalar o‘tkazish, bayramlarni, jumladan Yangi yilni nishonlash taqiqlandi.
- Mahsulotlarni uyga yetkazib beruvchi oziq-ovqat, go‘sht, meva-savzavot do‘konlari hamda boshqa savdo rastalari dam olish kunlari ham ishlashiga ruxsat beriladi.
- Kinoteatrlar yil oxirigacha yopiq bo‘ladi. Shuningdek, sauna, hammom va lunaparklar ham yopiladi.
- O‘yin va sport maydonchalaridan foydalanish taqiqlanadi. Mamlakatdagi barcha sport tadbirlarini hozirgi vaqtdagidek tomoshabinlarsiz o‘tkazishda davom etiladi.
- Savdo markazlariga faqat maxsus kod (HES kod) bilangina kirish mumkin bo‘ladi. Maxsus kod Turkiya Sog‘liqni saqlash vazirligining elektron ilovasi orqali olinadi.
- Barcha bolalar bog‘chalari, tayyorlov sinflari va boshqa bolalar ta’lim muassasalari faoliyati to‘xtatiladi. Maktab o‘quvchilari va talabalar uchun masofaviy o‘qitish 2020-yil oxirigacha uzaytirilmoqda.
- Shifoxonalar, o‘t o‘chirish хizmatlari, politsiya va dorixonalar har kuni hech qanday cheklovlarsiz ishlaydi.
- Komendantlik soati vaqtida faqat uyga yetkazib berish xizmati bilan shug‘ullanuvchi do‘konlar, kafelar va restoranlar ham ishlashni davom ettiradi.
- Agar biror kishida samolyot yoki poyezd chiptasi bo‘lsa, u aeroport yoki temir yo‘l stansiyasigacha yetib olish uchun shaxsiy yoki jamoat transportidan foydalanishi mumkin.
- Jamoat transportidan foydalanish, savdo markazi, kasalxona, davlat idoralariga kirish uchun sizdan HES kodi talab qilinadi. Bu Turkiya fuqarolariga ham, mazkur mamlakatda yashash huquqiga (ikamet) ega bo‘lganlarga ham tegishli.
- Muntazam ravishda yuz niqobini taqib yurish tartibi, ijtimoiy masofani saqlash va virusga qarshi gigiyenik qoidalarga amal qilish, shuningdek, ko‘chada sigaret chekishga qo‘yilgan taqiq o‘z kuchida qolmoqda.
Mamlakatda yuzaga kelgan og‘ir epidemiologik vaziyatni hisobga olgan holda, O‘zbekiston Respublikasi Elchixonasining konsullik bo‘limi va Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi hujjatlarni jumladan elektron pochtalar orqali qabul qilishni (Elchixona konsullik bo‘limi – uzconsul.ankara@gmail.com, Bosh konsulxona – uzbekconsul@yahoo.com), elektron pochtalar vositasida konsultativ yordam ko‘rsatishni boshladi. Mazkur usul O‘zbekiston fuqarolarining aholi gavjum joylarda va jamoat transportlarida bo‘lishlari oldini olib, ularning COVID-19 yuqtirib olish xavfini sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qiladi.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlarga binoan, O‘zbekiston Elchixonasi va Bosh konsulxonasi Turkiyada vaqtincha bo‘lib turgan, o‘qiyotgan, mehnat qilayotgan, doimiy yashayotgan yoki ushbu mamlakatga tashrif buyurishni rejalashtirayotgan fuqarolarimizdan ushbu cheklov choralarini hisobga olish, o‘z sog‘ligiga e’tiborli bo‘lish hamda Turkiya Respublikasi rasmiy idoralarining aholini koronavirus tarqalishidan himoya qilishga qaratilgan barcha talablariga amal qilishga chaqiradi.
O‘zbekiston Respublikasining Turkiya Respublikasidagi Elchixonasi
O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi