Koreya-O‘zbekiston biznes assotsiasiyasi raisi bilan uchrashuv
2020-yil 26-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov boshchiligidagi delegatsiya Seul shahrida Koreya-O‘zbekiston biznes assotsiatsiyasi raisi, “Shindong Resources” kompaniyasi rahbari Kim Yong Gu bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuvda 2020-yil Koreya Respublikasi Sanoat, savdo va energetika vazirligi huzurida tashkil etilgan Assotsiatsiya iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim va asosiy platforma hisoblanishi va ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo hajmlarini oshirishga faol ko‘maklashishi qayd etildi.
O‘zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirish, O‘zbekiston iqtisodiyoti tarmoqlariga Janubiy Koreya ilg‘or texnologiyalari va to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarini jalb qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Kim Yong Gu Assotsiatsiya a’zolarida O‘zbekiston bilan uzoq muddatli sheriklik munosabatlarini o‘rnatishga qiziqish borligini yana bir bor tasdiqladi.