Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri bilan uchrashuv
2020-yil 26-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov “Koreya Respublikasi – Markaziy Osiyo” 13-hamkorlik forumida ishtirok etish uchun Seul shahirga kelgan Markaziy Osiyo davlatlari delegatsiyalari rahbarlari tarkibida Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri Pak Byon Sok bilan uchrashdi.
Suhbat avvalida Vazir Pak Byon Sokni Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri etib saylangani bilan tabrikladi va mas’uliyatli faoliyatida muvaffaqiyatlar tiladi.
Tomonlar O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida alohida strategik sheriklik maqomidagi ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildilar.
Vazir Janubiy Koreya tomonining COVID-19ga qarshi kurashda ko‘rsatgan gumanitar va maslahat yordami uchun minnatdorlik bildirdi.
Muloqot chog‘ida parlamentlararo aloqalarni yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Bunda do‘stlik guruhlari asosiy bog‘lovchi va muvofiqlashtiruvchi rol o‘ynashi qayd etildi.
Janubiy Koreya tomoniga davlat boshqaruvi tizimini va sud-huquq sohani takomillashtirish, manzilli ijtimoiy siyosat olib borish, iqtisodiyotni liberallashtirish va investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining amalga oshirilishi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasida savdo, investitsiya, moliya, ta’lim, fan va tibbiyot sohalarida o‘zaro aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ham ko‘rib chiqildi.