BMT Taraqqiyot Dasturining onlayn konferensiyasidagi ishtirok toʻgʻrisida
2020-yilning 26-noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sherzod Asadov “Markaziy Osiyoda zoʻravon ekstremizmning oldini olish: mintaqaviy oʻsish va oldinga intilish” onlayn konferensiyasida ishtirok etdi.
Tadbirda BMT Bosh kotibining maxsus vakili, Markaziy Osiyoda preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markaz rahbari Natalya German, BMT Taraqqiyot Dasturining mintaqaviy rahbari oʻrinbosari hamda BMTTDning Yevropa va MDH boʻyicha administratori yordamchisi oʻrinbosari Agi Veres qatnashdi.
Anjuman chogʻida terrorizmga qarshi kurashish sohasida fuqarolik jamiyati va xususiy sektorning rolini oshirish orqali mazkur yoʻnalishdagi xalqaro va mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Oʻzbekiston Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari ishtirokchilarni mamlakatimizning terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish sohasidagi yutuqlari bilan tanishtirdi.
Anjumanda Oʻzbekistonning ushbu sohada amalga oshirayotgan islohotlariga alohida eʼtibor qaratildi. Chunonchi, soʻnggi yillarda respublikada terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish choralarini amalga oshirishning konseptual jihatdan qayta koʻrib chiqilganligi, qonunchilik va meʼyoriy-huquqiy hujjatlarga tegishli oʻzgartishlar kiritilganligi bildirildi. Ekstremistik va terroristik harakatlarga adashib kirib qolgan shaxslarni ijtimoiy reabilitatsiya qilish va ularni jamiyatga moslashtirish boʻyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.
Tadbir ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan terrorizmga qarshi kurashish boʻyicha koʻrilayotgan chora-tadbirlarni yuqori baholadi.