Daniya Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi bilan muzokaralar to‘g‘risida
2020-yilning 24-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sherzod Asadov videokonferensaloqa formatida Daniya Qirolligi Tashqi ishlar vazirligi davlat kotibi Yesper Serensen bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va Daniya o‘rtasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli munosabatlarning hozirgi holati va ularni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.
Qo‘shma tadbirlar o‘tkazish hamda xalqaro tashkilotlar va ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni mustahkamlash orqali siyosiy muloqotni faollashtirishning muhimligi qayd etildi.
Daniya tomoniga O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida ilgari surgan tashabbuslarini ro‘yobga chiqarishning amaliy ahamiyati haqida ma’lumot berildi.
Savdo-iqtisodiy va investitsion hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga kirish, “Preferensiyalar bosh tizimi plyus” (“PBT+”) imtiyozlar tizimi doirasida benefitsiar mamlakat maqomini olish va Yevropa Ittifoqi bilan Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risidagi bitim loyihasini kelishish bo‘yicha rejalarining muhimligi hamda o‘zaro savdo hajmlarini ko‘paytirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun qulay sharoit yaratishi e’tirof etildi.
Madaniy-gumanitar sohadagi hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqildi. Fan, madaniyat, ta’lim va kadrlar tayyorlash sohalaridagi aloqalarni chuqurlashtirish istiqbollarini ko‘rib chiqishga o‘zaro qiziqish bildirildi.
TIV rahbarlari o‘rinbosarlari mintaqaviy va xalqaro kun tartibining dolzarb masalalari bo‘yicha ham fikr almashdi.