Oq uyda bo‘lib o‘tgan muzokaralar to‘g‘risida
2020-yilning 19-noyabr kuni Vashington shahrida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov va AQSh Prezidentining milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Metyu Pottinger o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muzokaralarda Prezidentning tashqi siyosat bo‘yicha yordamchisi, milliy xavfsizlik bo‘yicha vitse-prezidentning maslahatchisi Keyt Kellog va prezident yordamchisi, Milliy xavfsizlik kengashining Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha katta direktori Liza Kertis ham ishtirok etdi.
Suhbat avvalida O‘zbekiston-AQSh aloqalarining izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli so‘nggi yillarda ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi barcha sohalarda sezilarli yutuqlarga erishildi.
Tomonlar siyosiy aloqalarni kengaytirish, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar, xavfsizlik sohasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha fikr almashdilar.
Tomonlar Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni qo‘llab-quvvatlash masalasining muhimligiga asosiy e’tiborni qaratdilar. Oq uy vakili O‘zbekistonning Afg‘onistondagi tinchlik muzokaralarini ilgari surish, ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy tiklashga qo‘shayotgan hissasi, pandemiya paytida ko‘rsatgan insonparvarlik yordami va mamlakatning mintaqaviy integratsiyasini qo‘llab-quvvatlash borasidagi sa’y-harakatlarini olqishladi.
Hozirgi mavjud vaziyat Afg‘onistonda eng muhim energetika va transport-kommunikatsiya loyihalarini moliyalashtirishning maqbul yo‘llari va manbalarini topishni talab qilishi alohida ta’kidlandi.
Majlisda umumiy kun tartibining boshqa masalalari ham ko‘rib chiqildi.