Afg‘oniston Prezidenti Devoni raisi bilan uchrashuv to‘g‘risida

2020-yil 19-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Devoni raisi Muhammad Shokir Korgar bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Afg‘oniston munosabatlarining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar davlatlararo hamkorlikning amaldagi yuqori darajasini mamnuniyat bilan qayd etdi va o‘zaro manfaatli barcha yo‘nalishlardagi yaqin aloqalarni yanada chuqurlashtirishda qat’iy ekanliklarini ta’kidladi.

Afg‘oniston tomoni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish bo‘yicha Tashkilot huzurida doimiy faoliyat ko‘rsatadigan qo‘mita tashkil etish borasida ilgari surgan tashabbusini to‘liq qo‘llab-quvvatladi.

Afg‘onistonda mustahkam tinchlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha O‘zbekistonning faol sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik izhor etildi.

Afg‘oniston iqtisodiyotini tiklash, uni mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga jalb qilish masalalariga muhim e’tibor qaratildi.

O‘zbekiston ishtirokida transport, logistika, energetika, savdo va ta’lim sohalarida amalga oshirilayotgan loyihalar Afg‘onistonning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga muhim hissa qo‘shishi ta’kidlandi.

Muzokaralarda ikki tomon kun tartibining boshqa masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.