Yangicha sharoitda ishlashni o‘rganish yo‘lida

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilovning “Yangi O‘zbekiston” va “Правда Востока” gazetalari bosh muharririga intervyusi

— Bugungi kunda jahon miqyosidagi va milliy darajadagi siyosiy munozaralarning asosiy mavzusi global pandemiya inqirozining dunyo davlatlari siyosatiga ta’siri bo‘lib qolmoqda. Ko‘plab ekspertlar mamlakatlarning inqirozgacha bo‘lgan rivojlanish sur’atlari va davlatlararo munosabatlarning avvalgi darajasini qayta tiklash va ularni saqlab qolish uchun resurslari va imkoniyatlari yo‘qligi haqida fikr bildirmoqda. Siz shunday nuqtai nazar haqida nima deya olasiz?

— Koronavirus pandemiyasi keng miqyosli va, ko‘rinib turgandek, uzoq muddatli ta’sir kuchiga ega, bir kecha-kunduzda tugamaydigan global hodisa sifatida allaqachon zamonaviy dunyo jarayonlarining barcha sohalari — siyosat, iqtisodiyot, madaniyat, ekologiya, inson taraqqiyotida sezilarli o‘zgarishlarga sabab bo‘ldi. Ko‘plab mamlakatlarda sog‘liqni saqlash inqirozi shu paytgacha mavjud bo‘lgan iqtisodiy muammolar, ijtimoiy va gender tengsizlikni yanada kuchaytirdi, bugun qator mintaqalar duch kelayotgan tabiiy ofatlarning salbiy ta’sirini oshirdi. Shuningdek, u davlatlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish va xalqaro faoliyatning ustuvor yo‘nalishlarini o‘zgartirishga yoki tuzatishlar kiritishga majbur qildi. Bunday sharoitda insoniyatning turmush tarzi ham o‘zgarib bormoqda.

Shu sababli atrofimizdagi tez o‘zgarayotgan dunyo haqida gapirganda uning nafaqat “pandemik o‘lchovi”, balki o‘zaro bog‘liq bo‘lgan yangi hodisalarning butun bir jamlanmasini nazarda tutish kerak. Ular turli mamlakatlarning ichki hayotini, xalqaro siyosat, dunyo iqtisodiyoti, jahon xo‘jalik munosabatlarini, shuningdek, global axborot, texnologik va ijtimoiy-gumanitar aloqalarni qamrab olmoqda. Umuman olganda, so‘z shakllanayotgan sifat jihatidan yangi xalqaro munosabatlar tizimi, ehtimol tubdan o‘zgargan yangi dunyo tartibi haqida ketmoqda.

Ushbu munosabatlar nafaqat siyosiy, iqtisodiy asoslarni, balki, e’tibor qaratmoqchimanki, zamonaviy dunyo tartibi qadriyatlarini jiddiy qayta ko‘rib chiqish jarayonida shakllanmoqda. Aniqroq qilib aytganda, buni, masalan, ayrim davlatlarning milliy egotsentrizm, deb atalmish xususiyatlari kuchayishida, ko‘plab hukumatlarning, avvalambor, o‘z mamlakatlari yoki hatto ularning alohida siyosiy doiralarining manfaatlarini ta’minlashga intilishida ko‘rish mumkin. Shunday ham ijtimoiy-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, gumanitar rivojlanish bosqichi jihatidan sezilarli darajada farq qiladigan davlatlarning tengsizligi tobora kuchaymoqda. Ayrim davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar chuqurlashib, axborot, texnologik, sanksiyaviy urushlarning yanada keskin bosqichlariga aylanib bormoqda. Biz dunyoning turli mintaqalarida zo‘ravonlik va harbiy inqirozning avj olishiga guvoh bo‘lmoqdamiz.

Afsuski, bularning barchasi dunyoning yetakchi davlatlari munosabatlaridagi tizimli keskinliklar muhitida sodir bo‘lmoqda. Biror bir davlatni chetlab o‘tmagan pandemiya sharoitida ushbu keskinlik umumjahon muammolariga yechim topishga, jumladan, kambag‘allik, qashshoqlik va ochlik, xavfli kasalliklar va iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashishga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Covid-19ning chegara yopilishi, karantin zonalari belgilanishi, ta’minotning uzilishi va boshqa ko‘rinishdagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’siri bilan birga, turli global “o‘yinchi”lar o‘rtasidagi xalqaro siyosiy nomutanosibliklar dunyo miqyosidagi ishlab chiqarish va mahsulotlarni sotish zanjirlarining buzilishi, erkin savdoga zarar yetishi, investitsiyalar oqimi va iqtisodiy aloqalarning susayishiga olib kelmoqda.

Xalqaro maydondagi qoidalar yanada qat’iylashishi mumkin. Biz davlatlararo munosabatlardagi siyosiy egoizm ortda qolib, dunyoning barcha yetakchilari tomonidan pandemiyaga qarshi kurashish va boshqa umumiy muammolarni hal qilish jarayoni sa’y-harakatlarni muvofiqlashtirish, hamjihatlik va birdamlikni talab qilayotganini anglanishiga umid qilamiz.

Shu ma’noda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi va BMT shafeligida Pandemiyalar davrida davlatlarning ixtiyoriy majburiyatlari to‘g‘risidagi xalqaro kodeksni ishlab chiqish bo‘yicha tashabbusi alohida ahamiyat kasb etadi. Ushbu hujjatda har bir davlatning o‘z fuqarolari va xalqaro sheriklar oldidagi majburiyatlari aks etishi kerak.

Prezidentimiz siyosiy va iqtisodiy hamkorlikning yuzaga kelayotgan masalalarini o‘z vaqtida hal qilish va pandemiyani bartaraf etishda tizimli aloqalarni amalga oshirish uchun xorijiy mamlakatlar, dunyoning yetakchi davlatlari rahbarlari bilan muntazam aloqalarni yo‘lga qo‘yganini ta’kidlashni istardim.

Ushbu yangi sharoitlarda Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari xalqaro maydonda ro‘y berayotgan o‘zgarishlarning mohiyatini chuqur anglashi va ularni o‘z faoliyatida hisobga olishi kerak, deb hisoblayman.

Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning tashqi siyosati faqat dunyodagi voqealarga munosabat bildirish bilan chegaralanishdan yoki xalqaro munosabatlar oqimida harakatlanishdan iborat bo‘lishi kerak emas. Tashqi siyosat puxta o‘ylangan, amaliy, faol va tashabbuskor mazmun kasb etishi zarur.

Shu munosabat bilan, ayniqsa, axborot-tahliliy va prognozlash ishlarining amaliy ahamiyati ortib bormoqda. Bu yo‘nalishda zarur choralar ko‘rilmoqda, sog‘liqni saqlash va iqtisodiyot sohasidagi inqirozli hodisalarga qarshi kurashishdagi ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda va dunyodagi epidemiologik vaziyat doimiy ravishda tahlil qilinmoqda. Tashqi ishlar vazirligi boshqa idoralar bilan birgalikda jahon siyosati va iqtisodiyotining muhim muammolarini o‘rganmoqda, zamonaviy sharoitlarda sheriklar bilan ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish, milliy eksportni qo‘llab-quvvatlash, turizm sohasini tiklash va boshqa dolzarb masalalarni hal qilish bo‘yicha takliflar ishlab chiqmoqda.

— Ayting-chi, pandemiya tashqi siyosat idorasi faoliyatining tashkiliy jihatlariga qanday ta’sir o‘tkazdi?

— Darhaqiqat, pandemiya mamlakatlar hayotining barcha jabhalariga o‘z ta’sirini o‘tkazdi, davlat organlari, shu jumladan, tashqi ishlar mahkamalari faoliyatini tashkil etishni jiddiy ravishda o‘zgartirdi. Tabiiyki, biz ham o‘z ishimizni ko‘p jihatdan, avvalambor, siyosiy va diplomatik aloqalar, davlatlararo hamkorlik va siyosiy maslahatlashuvlarni amalga oshirishning yangi mexanizmlaridan samarali  foydalangan holda qayta qurishimizga to‘g‘ri keldi.

Aytish mumkinki, pandemiya bizga ma’lum bo‘lgan salbiy oqibatlari bilan bir qatorda insoniyatni aloqalarning yangi shakllarini izlab topishga undadi, raqamlashtirish jarayonlari va yangi texnologik asrga yaqinlashishni tezlashtirdi. Hech bir davlat bu jarayondan chetda qola olmaydi. O‘zbekiston ham to‘laqonli xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, tashqi siyosatdagi ustuvor vazifalarni bajarishda zamonaviy texnologiyalar imkoniyatlaridan faol foydalanmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev zamonamizning yangi talablariga rioya qilish zarurligiga alohida e’tibor qaratmoqda: “Hayotimizni normal izga solish, iqtisodiyotimizni tiklash uchun pandemiya sharoitida yashash va mehnat qilishga o‘rganishimiz, barcha ehtiyot choralarini ko‘rgan holda, bu borada boshlagan ishlarimizni temir intizom bilan davom ettirishimiz kerak”.

Aks holda iqtisodiyotimizning uzluksiz rivojlanishini, shu jumladan, jamiyatning barqaror hayoti uchun eng muhim shartlardan biri bo‘lgan oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlab bo‘lmaydi.

Tashqi ishlar vazirligi va O‘zbekiston Respublikasining xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalari o‘z faoliyatini yangi sharoitlarga moslashtirib, turli darajadagi xalqaro uchrashuvlar va muzokaralar, iqtisodiy tadbirlarni o‘tkazishda, konsullik xizmatlari ko‘rsatishda, shuningdek, xalq diplomatiyasini kengaytirishda elektron aloqa vositalaridan samarali foydalanmoqda. Boshqacha aytganda, xalqaro siyosatda raqamli diplomatiyani rivojlantirishning global tendensiyalaridan ortda qolmaslikka harakat qilyapmiz.

— Bu avvalgi yillarda bo‘lgani kabi joriy yilda ham xalqaro tadbirlar faol o‘tkazilayotganini anglatadi. Shunga qaramay, belgilangan ba’zi rejalar dunyodagi og‘ir epidemiologik vaziyat tufayli bajarilmay qolyapti, deyish mumkinmi?

— Men yaqinda ommaviy axborot vositalariga O‘zbekiston tashqi siyosatining dolzarb masalalari haqida batafsil so‘zlab bergan edim. Fikrlarimni takrorlamagan holda pandemiya sharoiti bilan bog‘liq ba’zi masalalarga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Bevosita yuzma-yuz uchrashuvlar soni, albatta, kamaydi, ba’zilarining muddatini esa keyinroqqa qoldirishga to‘g‘ri keldi. Gap, e’tibor bering, bu tadbirlarni bekor qilish emas, balki keyingi muddatlarga ko‘chirish haqida ketmoqda. Shu bilan birga, sheriklarimiz bilan tashqi siyosiy muloqot susaygani yo‘q, aksincha, u jadal davom ettirilmoqda.

Masalan, O‘zbekiston Respublikasining joriy yil Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga raisligi doirasida rejalashtirilgan ko‘plab tadbirlarni bekor qilmasdan, ularni epidemiologik xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda bevosita hamda videokonferensiya shaklida muvaffaqiyatli o‘tkazdik. MDH doirasida va Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar bilan ikki tomonlama darajada 200 dan ortiq tadbir tashkil etildi. Ular orasidan turli tuzilmalarning quyidagi yig‘ilishlarini eslash mumkin. MDH Iqtisodiy kengashi — ulardan biri (13-mart) Moskvada bevosita shaklda, ikkitasi (30-iyun va 15-sentabr) videoaloqa vositasida, Tashqi ishlar vazirlari kengashi (12-may), Hukumat rahbarlari kengashi (29-may), Sog‘liqni saqlash sohasida hamkorlik bo‘yicha kengash (30-iyul), Biznes tashabbuslari haftaligi (9-15-sentabr), MDH Iqtisodiy forumi (9-sentabr); Mintaqalararo va chegaraoldi hamkorlik kengashining yig‘ilishi (10-sentabr) va boshqalar shular jumlasidandir.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti joriy yil 24-iyun kuni Buyuk g‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda qatnashish uchun Moskvaga tashrif buyurdi. 12-oktabr kuni Buxoroda Rossiya Federatsiyasi bilan hukumatlararo komissiyaning 21-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Tadbir doirasida sarmoyaviy hamkorlikni kengaytirish istiqbollari, ishlab chiqarish, energetika va sog‘liqni saqlashning turli sektorlarida investitsiyaviy loyihalarini amalga oshirish, migratsiyaga oid va mamlakatlarimiz uchun muhim bo‘lgan boshqa masalalar muhokama qilindi.

MDH Hukumat rahbarlari va Davlat rahbarlari kengashlarining yig‘ilishlari, O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari rahbarlari qo‘shma komissiyasining ikkinchi yig‘ilishi, Hamdo‘stlik davlatlari Prezidentlarining norasmiy sammiti va boshqa muhim tadbirlar kun tartibida turibdi.

Yaqinda Markaziy Osiyoning besh mamlakati va Rossiya tashqi siyosat idoralari rahbarlarining uchinchi yig‘ilishi virtual uchrashuv shaklida bo‘lib o‘tdi.

Boshqa ustuvor yo‘nalishlarda ham tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy aloqalar faol amalga oshirilmoqda. Joriy yil 27-may kuni tashqi siyosat idoralari rahbarlarining O‘zbekiston-AIR-AQSh uch tomonlama uchrashuvi hamda qo‘shni Afg‘onistonda iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash va barqarorlikni tiklash bo‘yicha shu formatdagi qator amaliy uchrashuvlar tashkil etildi. 30-iyun kuni Markaziy Osiyoning besh mamlakati va AQSh vazirlari uchrashuvi (C5+1), Amerika delegatsiyalari bilan iqtisodiy tashriflar va ikki tomonlama darajadagi muzokaralar o‘tkazildi.

O‘zbekiston joriy yil boshqa ko‘p tomonlama mintaqaviy forumlarda faol ishtirok etdi. Ularning bosh mavzusini Covid-19ga qarshi kurashishda xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va tajriba almashish masalalari tashkil qildi. Men “Bir makon, bir yo‘l”, “Markaziy Osiyo-Xitoy” videokonferensiyalari, “Yaponiya+Markaziy Osiyo” muloqotini nazarda tutayapman.

O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasidagi oliy darajadagi aloqalar natijasida tashkil etilgan Ikki tomonlama loyihalarni muvofiqlashtirish va amalga oshirishni rag‘batlantirish bo‘yicha O‘zbekiston-Hindiston qo‘mitasining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Pokiston bilan savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy hamkorlikni yanada rivojlantirish, shu jumladan, O‘zbekistonning Tovarlarni tranzit qilish bo‘yicha to‘rt tomonlama (Xitoy, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Pokiston) kelishuvga qo‘shilishi bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda.

Biz Yevropa mamlakatlari, shuningdek, boshqa an’anaviy sheriklarimiz bilan munosabatlarda ijobiy dinamikani saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldik. Epidemiologik inqiroz Yevropa Ittifoqi bilan turli sohalarda o‘zaro manfaatli sheriklikni chuqurlashtirish maqsadida yuqori darajadagi muloqotni izchil faollashtirishga to‘sqinlik qilolmadi. O‘tgan yili O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik to‘g‘risida bitim tuzish bo‘yicha boshlangan muzokaralar davom ettirilmoqda. Bugun ularning 7-turiga tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

Yevropa Ittifoqi O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish va Yevropa Ittifoqining “GSP+” - “Preferensiyalar bosh tizimi”ning manfaatdor davlati maqomini olish bo‘yicha harakatlarini qo‘llab-quvvatlamoqda.

COVID-19ning jahon, shu jumladan, Yevropa iqtisodiyotiga salbiy ta’siri sharoitida Yevropadagi sheriklarimiz pandemiya oqibatlarini bartaraf etish uchun O‘zbekistonga 30 million yevrodan ortiq mablag‘ ajratdi. Norvegiya, Finlyandiya va Yevropa Ittifoqi Orolbo‘yi mintaqasi uchun Inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik asosida Trast fondiga moliyaviy yordam ko‘rsatdi.

Yaqin Sharq va Fors ko‘rfazi davlatlari bilan o‘zaro munosabatlar O‘zbekiston tashqi siyosiy hamkorligining izchil rivojlanayotgan yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qolmoqda. Ko‘plab dolzarb xalqaro masalalar, avvalambor, musulmon dunyosi davlatlarining barqaror rivojlanishini ta’minlash, ma’rifiy islom va bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib qilish nuqtai nazaridan bizning yondashuvlarimiz juda yaqin.

Yaqin Sharq davlatlari rahbariyati bilan oliy va yuqori darajadagi muntazam aloqalar o‘rnatilgan, siyosiy maslahatlashuvlar amalga oshirilmoqda. Birlashgan Arab Amirliklari O‘zbekistonga koronavirusga qarshi kurashishda birdamlik va hamjihatlik ifodasi sifatida o‘pkani sun’iy shamollatish apparatlari, kislorod kontsentratorlari, PZR-laboratoriyalar va boshqa tibbiy asbob-uskunalar shaklida insonparvarlik yordami ko‘rsatdi.

Joriy yil 13-oktabr kuni O‘zbekiston 2021-2023-yillarda BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga saylangani uzoqni ko‘zlangan rejalarimiz global inqirozga qaramasdan amalga oshirilayotganidan dalolat beradi. O‘zbekiston Respublikasi saylovda xalqaro miqyosda keng qo‘llab-quvvatlandi va Osiyo mintaqasi nomzodlari orasida eng ko‘p ovoz oldi. Bu muvaffaqiyatga erishishda mamlakatimiz rahbariyatining demokratik va bozor islohotlarini davom ettirish, inson huquqlari va manfaatlarini himoya qilishga hissa qo‘shishga sodiqligi asos bo‘ldi.

— Tashqi ishlar vazirligi, diplomatik vakolatxonalar va konsullik idoralarining asosiy vazifalaridan biri O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy manfaatlarini ta’minlashga yordam berishdan iborat. Bugun ushbu yo‘nalishdagi faoliyat qanday aniq maqsadlarga qaratilgan va dunyodagi mavjud qiyin vaziyat uning samaradorligiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

— O‘zbekiston iqtisodiy diplomatiyasi izchil mustahkamlanmoqda. Qizig‘i shundaki, pandemiya davri sinovlari mazkur jarayon samardorligining asosiy sabablaridan biri bo‘ldi. Covid-19 milliy kompaniyalar eksportini qo‘llab-quvvatlash, investitsiyalar va texnologiyalarni jalb qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni jadallashtirishga undamoqda. Bu yangi ish o‘rinlari yaratish, inqirozdan tiklanishga amaliy yordam demakdir.

Tashqi ishlar vazirligi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan. Mahalliy korxonalar tomonidan eksport shartnomalari tuzish, tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha birgalikda harakat qilinmoqda.

Karantin cheklovlari sababli chegaralar yopilgan va transport aloqalari buzilgan bir sharoitda mamlakatimiz tadbirkorlariga xorijga mahsulot yetkazish yoki chet eldan yuk olib kelishda transport va logistika masalalarini hal qilishda yaqindan yordam berilmoqda. Yangi transport koridorlarini ochish bo‘yicha takliflar ishlab chiqildi.

Investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish doirasida respublikaga zamonaviy uskunalar va xorijlik mutaxassislarni olib kelishga ko‘mak ko‘rsatilmoqda. Xususan, bugungi kungacha iqtisodiyotning turli sohalarida faoliyat yuritayotgan 3 ming 500 dan ortiq chet ellik mutaxassisning O‘zbekistonga olib kelinishi tashkil qilindi.

Mamlakatimizga sarmoyalar jalb qilish, shu jumladan, chet elda istiqomat qiladigan vatandoshlar tomonidan investitsiyalar kiritish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda. Bugun 818 million dollarlik 120 dan ortiq loyiha ustida ish olib borilmoqda. Chet el investorlari, xalqaro tashkilotlar va kompaniyalarda ishlaydigan hamda O‘zbekiston taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘sha oladigan yurtdoshlarimizning ismlari jamlangan “Oltin daftar” shakllantirildi.

Shu o‘rinda O‘zbekiston koronavirus epidemiyasi xalqaro ko‘lamda tarqala boshlangan dastlabki kunlardanoq barcha asosiy tashqi siyosiy sheriklar bilan o‘zaro yordam va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yganini alohida ta’kidlamoqchiman.

Bunday sa’y-harakatlarsiz nafaqat turli davlatlar va sherik tashkilotlar bilan ko‘p qirrali aloqalar, balki oddiy insonlar, fuqarolarimiz taqdiri bilan bog‘liq masalalarni hal etib bo‘lmasligini qayd etmoqchiman. Xorijda bo‘lib turgan yurtdoshlarimizning ko‘pchiligi epidemiya munosabati bilan joriy qilingan cheklovlar natijasida qiyin sharoitga tushib qoldi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, respublikaning boshqa vazirlik va idoralari hamda xorijiy sheriklar tomonidan 300 mingdan ortiq yurtdoshimizni Vatanga qaytarish bo‘yicha puxta muvofiqlashtirilgan ishlar tashkil etildi. O‘zbekistonning chet mamlakatlarda vaqtincha bo‘lib turgan ko‘plab fuqarolariga elchixonalar va konsullik idoralari orqali moliyaviy mablag‘lar taqdim qilish, yashash joyi va oziq-ovqat bilan ta’minlash shaklidagi beg‘araz yordam ko‘rsatilmoqda. Shu bilan birga, 15 mingdan ortiq chet el fuqarosiga O‘zbekistondan o‘z yurtiga qaytishiga ko‘mak berildi. Koronavirus infeksiyasining tarqalishiga qarshi samarali kurashish va ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish maqsadida Germaniya, Janubiy Koreya, Turkiya, Xitoy va Rossiyaning yetakchi tibbiyot mutaxassislari jalb qilindi. Ular respublikamizning turli mintaqalarida faoliyat yuritdi.

Pandemiya oqibatlariga qarshi kurashish jarayonida AQSh hukumati va Amerika insonparvarlik tashkilotlari va kompaniyalarining gumanitar yordami jalb qilindi. Bundan tashqari, amerikalik sheriklar Sirdaryo viloyatida ro‘y bergan favqulodda hodisadan zarar ko‘rgan aholi, “Sog‘lom avlod uchun” jamg‘armasiga yordam ko‘rsatdi.

— O‘zbekiston olib borayotgan faol mintaqaviy siyosat dunyo hamjamiyati diqqatini jalb qilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari formati yaratildi va ikkita sammit bo‘lib o‘tdi. Ulardan biri 2019-yil Toshkentda tashkil etildi. Qirg‘izistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan oliy darajadagi uchrashuvga tayyorgarlik qanday kechmoqda?

 — O‘zaro kelishuvga binoan, Markaziy Osiyo davlatlarining Maslahat uchrashuvlari mintaqa davlatlari rahbarlarining shaxsiy ishtirokida o‘tkazilishi kerak. Prezidentlarning shaxsiy uchrashuvlari sammitlar samaradorligining muhim omili hisoblanadi. Oliy darajadagi mazkur uchrashuvlar davomida Markaziy Osiyo mamlakatlarining dolzarb muammolarni hal qilish va mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha hamkorligining barcha qirralari ko‘rib chiqilmoqda.

Afsuski, koronavirus bilan bog‘liq vaziyat va pandemiyani bartaraf etish bilan bog‘liq sananing noaniqligi sabab joriy yil oxirigacha uchinchi Maslahat uchrashuvini o‘tkazish uchun imkoniyat bo‘lmasligi ko‘zga tashlanib qoldi.

Lekin bu holat qo‘shni davlatlar rejalashtirilgan mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish va chuqurlashtirish yo‘lida “sekinlashgani”ni anglatmaydi. Markaziy Osiyoning barcha besh davlati uchun ko‘p tomonlama hamkorlik savdo aloqalarini mustahkamlash, investitsiya oqimlarini jalb qilish, mintaqa mamlakatlarining global ta’minot zanjirlariga faol qo‘shilishi uchun yangi imkoniyat va imtiyozlarni shakllantirish omili sifatida ustuvor ahamiyatga ega. Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari avvalgi uchrashuvlarida mintaqaviy savdoni rivojlantirish, energetika sohasidagi salohiyatni oshirish, istiqbolli transport koridorlarini shakllantirish va o‘zaro manfaatli bo‘lgan boshqa masalalarni hal qilishda birgalikdagi yondashuvlarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvlarga erishgan. Markaziy Osiyo hamkorligini mustahkamlash mintaqamizning barqaror rivojlanishi va xavfsizligini ta’minlashning kaliti bo‘lib qolmoqda va bunda qo‘shni davlatlar Prezidentlarining qarashlari bir-biriga to‘liq mos keladi, deb ta’kidlash mumkin.

Qozog‘iston Respublikasi, Tojikiston Respublikasi, Turkmaniston va O‘zbekiston Respublikasi davlat rahbarlarining Qirg‘iz Respublikasidagi voqealar yuzasidan qo‘shma bayonoti ushbu masalalardagi yakdillikka yorqin misol bo‘ldi. Unda “Qirg‘izistonning ravnaqi mintaqaviy xavfsizlik va butun Markaziy Osiyo barqaror rivojlanishining muhim omili” ekani yana bir bor ta’kidlandi. Mintaqa davlatlari rahbarlari, shuningdek, “Markaziy Osiyo birdamligini yanada mustahkamlash yo‘lidan borar ekanmiz, biz Qirg‘iziston xalqini uning hamjihatlik, tinch, mustaqil taraqqiyot va farovonlik borasidagi intilishida doimo qo‘llab-quvvatlaymiz”, deb qayd etdilar.

Shu munosabat bilan Turkmaniston umummintaqaviy manfaatlardan kelib chiqqan holda kelgusi yil mintaqa davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvini mehmondo‘st turkman zaminida o‘tkazishni taklif qilmoqda. Sammit dasturiga qator muhim iqtisodiy va madaniy tadbirlarni kiritish ham taklif qilindi.

Biz, Maslahat kengashining hamraisi sifatida Turkmanistonning ushbu taklifini to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz va navbatdagi Maslahat uchrashuvi keng va sermazmun dastur asosida o‘tishiga umid qilamiz. Turkmanistondagi sammitdan so‘ng qirg‘iz do‘stlarimizning Maslahat uchrashuvini Bishkekda tashkil etish bo‘yicha taklifiga yana qaytishimiz mumkin.

TIV tashqi siyosiy faoliyatni xalqaro vaziyatga moslashtiribgina qolmasdan, uni muntazam takomillashtirayotganiga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Zero, har qanday inqiroz, jumladan, insoniyat hayotining barcha jabhalarini qamrab olgan pandemiya inqirozi oddiy sharoitlarda sezilmaydigan muammolarni ochib beradi. Ushbu tahdidlarga munosib javob berish uchun o‘z ishimizni doimiy ravishda takomillashtirib borishimiz kerak.

Shu munosabat bilan ikkita asosiy xulosa chiqarish mumkin. Birinchidan, tashqi siyosat idorasi faoliyatiga tanqidiy baho berish, yangi zaxiralarni izlab topish uchun barcha kuchlarni safarbar etish zarur. Ikkinchidan, Covid-19 pandemiyasiga qarshi munosib kurashish uchun qat’iy siyosiy, iqtisodiy, epidemiologik sharoitda ishlashni o‘rganish kerak.

Xulosa shuki, bugungi kunda texnologik taraqqiyot va ilmiy, shu jumladan, tibbiyot sohasidagi bilimlar juda tez va jadal rivojlanmoqda. Aynan tibbiyot yuqori intellektual tarmoqlardan biri hisoblanadi. Pandemiyaga qarshi kurashishga eng ilg‘or intellektual kuchlar safarbar qilingan, yetakchi ilmiy-tadqiqot markazlari izchil faoliyat yuritmoqda va dunyoning turli mintaqalarida salmoqli resurslar ajratilgan. Yaqin kelajakda ushbu muammoga munosib javob topilishi va insoniyatni ana shunday qiyin sinovlardan ishonchli himoya qilish mumkin bo‘lishiga ishonchimiz komil

— Hurmatli Abdulaziz Hafizovich, qiziqarli va sermazmun suhbatingiz uchun katta rahmat.

 

Salim Doniyorov suhbatlashdi

“Yangi O‘zbekiston” gazetasi, 2020-yil 23-oktabr, №203 (203)