Oʻzbekiston delegatsiyasining Hindistondagi uchrashuvlari toʻgʻrisida

2022-yilning 12-iyul kuni Tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Furqat Sidiqov boshchiligidagi Oʻzbekiston Respublikasi delegatsiyasi Hindistonga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida Hindiston tashqi ishlar davlat vaziri va madaniyat ishlari davlat vaziri Minakashi Lekxi bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Muloqot avvalida Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida batafsil maʼlumot berildi. Oʻz navbatida, Minakashi Lekxi mazkur islohotlar jarayoniga ijobiy baho berib, ularning mamlakat rivojidagi muhim ahamiyatini qayd etdi.

Tomonlar Oʻzbekiston bilan Hindiston oʻrtasidagi siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiya, turizm, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikning joriy holati hamda istiqbollari muhokama qilindi. Mazkur yoʻnalishlarda oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosi alohida koʻrib chiqildi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Hindiston Hukumatlari oʻrtasida 2021-2025-yillarga moʻljallangan Madaniy almashinuv dasturi bandlarining samarali ijrosi ikki mamlakatning amaliy hamkorligi uchun muhim ahamiyat kasb etishi taʼkidlandi.

***

Shuningdek, F.Sidiqov Hindiston Saylov komissiyasi raisi Rajiv Kumar bilan ham uchrashdi.

Taʼkidlash lozimki, joriy yilning may oyidan boshlab Hindiston Saylov komissiyasi Osiyo saylov organlari assotsiatsiyasining (AAYEA) 2022-2024-yillar uchun raisi hisoblanadi.

Rajiv Kumar Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar jarayonini ijobiy baholab, bu borada u mamlakat milliy saylov qonunchiligi va amaliyotini takomillashtirish, uni umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish boʻyicha amalga oshirilgan tizimli ishlar, xususan Saylov kodeksi qabul qilinganini alohida taʼkidladi.

***

Shu kuni mamlakatimizning Dehli shahridagi Elchixonasida konstitutsiyaviy islohotlarga bagʻishlangan “Konstitutsiyaviy islohotlar – Yangi Oʻzbekistonni barpo etish sari muhim qadam” mavzusida davra suhbati tashkil etildi.