18:10:08 (GMT +5), chorshanba, 29 - mart 2017
Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
Tashqi ishlar vazirining virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


8 - mart 2017

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev va Turkmaniston Prezidenti G.M.Berdimuxamedovning qo‘shma bayonoti

Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedovning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 6-7-mart kunlari Davlat tashrifi bilan Turkmanistonda bo‘ldi.

An’anaviy do‘stona va o‘zaro ishonch muhitida o‘tgan muzokaralar davomida davlat rahbarlari ikki tomonlama keng ko‘lamli hamkorlikning barcha jabhalari, shuningdek xalqaro maydondagi hamjihatlik sohalari bo‘yicha fikr almashdilar. Tomonlar ko‘rilgan barcha masalalar bo‘yicha qarashlar o‘xshash ekanligini ta’kidladilar.

O‘zbek tomoni Turkmaniston Prezidenti G.M.Berdimuxamedovga Turkmanistonda O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimovning yorqin xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar uchun samimiy minnatdorchilik bildirdi. Davlat rahbarlari Turkmanobod shahrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov siymosi tasvirlangan haykalning tantanali ochilish marosimida ishtirok etdilar.

Prezidentlar muqaddam erishilgan kelishuvlar va imzolangan ikki tomonlama hujjatlarning bajarib borilishini muhokama qilib, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi davlatlararo aloqalar rivojining yuqori sur’atini qayd etdilar. O‘zbek-turkman munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishga intilgan holda, Davlat rahbarlari qardosh xalqlar o‘rtasidagi tarixan shakllangan an’anaviy do‘stona va ahil qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi O‘zbekiston Respublikasi bilan Turkmaniston o‘rtasida strategik sheriklik to‘g‘risidagi Shartnomani imzoladilar.

Tomonlar teng huquqlilik, ahil qo‘shnichilik, o‘zaro foyda, o‘zaro hurmat va bir-birining manfaatlarini inobatga olish tamoyillari asosida keng ko‘lamli hamkorlikni faol rivojlantirish va mustahkamlashni davom ettirishda o‘zaro manfaatdorlikdan kelib chiqqqan holda, ikki tomonlama munosabatlarning shartnomaviy-huquqiy asoslarini, turli darajalarda siyosiy maslahatlashuvlar o‘tkazish amaliyoti va hamjihatlikni yanada takomillashtirish muhimligini e’tirof etdilar.

Tomonlar xalqaro maydondagi hamkorlik ikkala mamlakat manfaatlariga mos kelishini tan olgan holda, xalqaro tashkilotlar, eng avvalo, Birlashgan Millatlar Tashkiloti doirasida o‘zaro qo‘llab-quvvatlash va hamjihatlikni mustahkamlashdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.

Tomonlar BMT Nizomi maqsad va prinsiplari hamda xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan normalariga rioya qilish asosida jahonda barqaror rivojlanish, xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash, global va mintaqaviy masalalarni hal qilishda ushbu tashkilot va uning institutlari rolini oshirish muhimligini tasdiqladilar.

O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston yadro qurolini uning barcha ko‘rinishlarida tarqatmaslik rejimini ta’minlash bo‘yicha BMTning xalqaro sa’y-harakatlariga ko‘maklashish maqsadida, Markaziy Osiyoda yadro qurolidan holi zona to‘g‘risidagi Shartnoma doirasida hamkorlikni amalga oshirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Davlat rahbarlari Orol dengiz havzasi ekotizimini qayta tiklash, Orolbo‘yida ijtimoiy-iqtisodiy va ekologik holatni yaxshilash, suv resurslaridan oqilona foydalanish va mintaqada yuqori darajada atrof muhit muhofazasini ta’minlash masalalarini muhokama qildilar hamda Turkmanistonning Orolni qutqarish Xalqaro Fondiga raisligi doirasida mazkur yo‘nalishda hamkorlikni yanada rivojlantirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tomonlar Orolni qutqarish Xalqaro Fondiga Orol halokati ta’siri ostida qolgan hududlarni ekologik sog‘lomlashtirishga, shuningdek mintaqa ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal qilishga qaratilgan ekologik va ilmiy-texnikaviy loyiha hamda dasturlarni amalga oshirish bo‘yicha mintaqa mamlakatlarining birgalikdagi harakatlari uchun universal platforma sifatida qaraydilar.

Davlat rahbarlari Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolarining suv resurslari mintaqa xalqlarining umumiy boyligi ekanligi hamda o‘n millionlab insonlar taqdiri, butun mintaqa barqarorligi va farovonligi mazkur resurslardan adolatli va oqilona foydalanishga bog‘liq ekanligini qayd etdilar.

O‘zbekiston va Turkmaniston Prezidentlari Markaziy Osiyo transchegaraviy daryolarida yangi gidrotexnik inshootlar barpo etishni boshqa manfaatdor davlatlar manfaatlariga ziyon yetkazmaydigan konstruktiv yondashuv va murosa asosida, shuningdek transchegaraviy ta’sirga ega bo‘lgan barcha loyihalarni xolis xalqaro ekspertizadan o‘tkazish va quyi oqimda joylashgan mamlakatlar bilan kelishishni nazarda tutuvchi BMT konvensiyalarida belilangan xalqaro suv huquqining umum e’tirof etilgan normalariga muvofiq amalga oshirish lozimligi to‘g‘risidagi fikrni qo‘llab-quvvatlaydilar.

Xalqaro terrorizm, ekstremizm, noqonuniy migratsiya, giyohvandlik vositalari yoki psixotrop moddalarning noqonuniy muomalada bo‘lishi, transmilliy uyushgan jinoyatchilik hamda xalqaro xavfsizlikka boshqa xuruj va tahdidlar bilan kurashishdagi hamkorlikni ham ikki tomonlama darajada, ham xalqaro tuzilmalar doirasida yanada rivojlantirish zaruriyati qayd etildi.

Davlat rahbarlari afg‘on xalqi tanlagan o‘z mamlakatini siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yo‘lini hurmat qilgan holda, Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikka erishish, uning tinch va rivojlanayotgan mamlakatga aylanishiga ko‘maklashishni davom ettirishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar.

Prezidentlar O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish strategik xususiyat kasb etishini ta’kidladilar.

Shu munosabat bilan, Tomonlar yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlarni tovar aylanmasiga kiritish, jumladan, O‘zaro mahsulot yetkazib berish to‘g‘risida 2012-yil 2-oktabrdagi Bitimni amalga oshirish orqali o‘zaro savdo hajmini yanada ko‘paytirish va uning nomenklaturasini kengaytirishning muhimligini tasdiqladilar.

Prezidentlar Turkmanistonga zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalarini keng nomenklaturada yetkazib berish sohasida davom etayotgan muvaffaqiyatli hamkorlikni mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Shu o‘rinda, Tomonlar Turkmaniston hududida mazkur texnikalarga xizmat ko‘rsatish va ularni ehtiyot qismlar bilan ta’minlash bo‘yicha ixtisoslashgan servis markazlarini yaratish borasidagi kelishuvlarni mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Tomonlar tashrif davomida imzolangan 2018-2020-yillarga mo‘ljallangan iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi Shartnoma doirasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, ikki davlat mintaqalari va xo‘jalik yurituvchi subyektlari o‘rtasida o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlaydilar hamda ularning O‘zbekiston Respublikasi va Turkmanistonda o‘tkaziladigan ko‘rgazma-yarmarka tadbirlarida ishtirok etishlariga ko‘maklashadilar.

Davlat rahbarlari 2017-yil yanvarda Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tgan Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo Qo‘shma komissiyasi o‘n uchinchi majlisi yakunlarini ijobiy baholadilar. Yuqori darajadagi kelishuvlarni o‘z vaqtida va so‘zsiz amalga oshirishni ta’minlashda, shuningdek o‘zaro manfaatli hamkorlikni, eng avvalo, savdo-iqtisodiy va transport-kommunikatsiyaviy sohalarda yanada rivojlantirish bo‘yicha kelishilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqishda Komissiyaning samarali mexanizm sifatidagi rolini yanada kuchaytirish zaruriyati ta’kidlandi.

Turizm sohasidagi hamkorlikni kengaytirishning ulkan istiqbollari e’tirof etildi. Tomonlar turizm sohasida “Yo‘l xaritasi” qabul qilinishi o‘zaro turistlar oqimining o‘sishi, shuningdek ikkala mamlakat yetakchi turistik operatorlari o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik aloqalarining o‘rnatilishiga xizmat qilishini tasdiqladilar.

Prezidentlar tashqi bozorlarga eng qisqa va samarali chiqishni ta’minlovchi transport va tranzit yo‘laklarini rivojlantirish sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikning ustuvor ahamiyatini qayd etdilar.

Davlat rahbarlari ikki mamlakat tranzit salohiyatini yuksaltirishga imkon beradigan hamda Turmaniston orqali Transkavkaz transport yo‘lagi bilan Janubiy va Markaziy Yevropa, Yaqin Sharq, Janubiy va Janubiy-Sharqiy Osiyo mamlakatlariga tranzit yuk tashish hajmlarini bir necha marotaba ko‘paytirishga qulay shart-sharoitlar yaratadigan “Turkmanobod-Farob” avtomobil va temir yo‘l ko‘priklarining ochilishini yuqori baholadilar.

Barcha ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy manfaatlariga bir xilda mos keluvchi “O‘zbekiston – Turkmaniston – Eron – O‘mon” xalqaro transport yo‘lagini rivojlantirish bo‘yicha kelishuvlarni amalda tatbiq etish muhimligi alohida e’tirof etildi.

Tomonlar mazkur transport va tranzit yo‘lagini yaratish to‘g‘risidagi Bitimni amalga oshirish bo‘yicha Ishchi qo‘mitaning 2017-yil 1-2-martda Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan birinchi majlisining ahamiyatini ta’kidladilar.

Yaratilgan qulay shart-sharoitlar va ikki davlat hududida tashqi savdo yuklarini tranzit tashishga 2017-yilda o‘zaro preferensiyalarning taqdim etilishi transport kommunikatsiyalari va infratuzilmalarini samarali ish yuklamasi bilan ta’minlash, shuningdek tashishlarni yanada oshirib borish va qo‘shimcha yuk hajmlarini jalb etishda tashkilotlar uchun aniq va ravshan istiqbollarni belgilashga imkon yaratishi ta’kidlandi.

Ikki mamlakat hududi orqali o‘tadigan xalqaro transport yo‘laklarining raqobatbardoshligi va jozibadorligini oshirish maqsadida, Tomonlar tashqi savdo yuklarini tranzit tashish tariflarini yanada maqbullashtirish va preferensial shart-sharoitlar taqdim qilishga yo‘naltirilgan tizimli o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.

O‘zbekiston va Turkmaniston ikki davlat xalqlari o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, qardoshlik va hamkorlikni saqlash va mustahkamlashda o‘zlarining tarixiy ma’suliyatini anglagan holda, madaniyat, ilm-fan, san’at, sport va boshqa sohalarda ikki tomonlama aloqalarni yanada chuqurlashtirish va mustahkamlashga sodiq ekanliklarini tasdiqladilar. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Turkmaniston Hukumati o‘rtasida madaniy-gumanitar sohada 2014-2016-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik Dasturini amalga oshirish natijalari ijobiy baholandi hamda 2017-2019-yillarga mo‘ljallangan tegishli dasturni imzolash topshirildi.

Tomonlar bundan buyon ham ikki davlat hududida istiqomat qiluvchi o‘zbek va turkman diasporalari uchun ona tili, milliy madaniyati, an’analari va urf-odatlarini saqlash hamda rivojlantirish masalalarida qulay sharoitlar yaratib beradilar, o‘z davlati hududidagi boshqa Tomon fuqarolarining huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash bo‘yicha barcha zaruriy chora-tadbirlarni amalga oshiradilar.

Davlat rahbarlari bo‘lib o‘tgan samarali muzokaralar, shuningdek tashrif davomida imzolangan ikki tomonlama hujjatlar O‘zbekiston Respublikasi va Turkmaniston o‘rtasida tenglik va o‘zaro manfaatdorlikka asoslangan an’anaviy do‘stona va ahil qo‘shnichilik munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildiradilar.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti G.M.Berdimuxamedovga va barcha turkman xalqiga o‘zbek delegatsiyasiga ko‘rsatilgan mehmondo‘stlik va iliq qabul uchun minnatdorchilik bildirdi hamda Turkmaniston Prezidentiga o‘zi uchun qulay bo‘lgan vaqtda O‘zbekiston Respublikasida Davlat tashrifi bilan bo‘lishni taklif qildi. Tashrif muddatlari diplomatik kanallar orqali kelishiladi.


               O‘zbekiston Respublikasi                                                                                                             Turkmaniston
                           Prezidenti                                                                                                                                  Prezidenti


                    Shavkat Mirziyoyev                                                                                                      Gurbanguli Berdimuxamedov



2017-yil 6-mart, Ashxobod



Marta o`qilgan: 453