23:57:19 (GMT +5), dushanba, 24 - aprel 2017
Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
Tashqi ishlar vazirining virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


25 - yanvar 2017

Vatanimizning yuksak mukofotlari topshirildi

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 24-yanvarda qabul qilingan farmoniga muvofiq Respublika baynalmilal madaniyat markazining 25-yilligi munosabati bilan milliy madaniy markazlarning bir guruh faollari faxriy unvonlar, orden va medallar bilan taqdirlandi.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 24-yanvar kuni "O‘zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida milliy madaniy markazlar faollari bilan uchrashdi.

Butun mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan, do‘stlik, ahillik bayramiga aylangan ushbu ayyomning Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tavallud kuni arafasida o‘tayotganida teran ma’no mujassam. Buyuk Yo‘lboshchimiz istiqlolning ilk kunlaridan tinchlik va farovonlikni ta’minlashning muhim omili sifatida millatlararo totuvlikni mustahkamlashga alohida ahamiyat qaratdi. Mustaqilligimiz e’lon qilingan tarixiy nutqida "Respublikamizda istiqomat qiluvchi barcha millat vakillarining konstitutsiyaviy huquqlarini muhofaza etish, ularning madaniyati, milliy urf-odatlari rivojlanishiga, ona tilida so‘zlashishi va o‘qishiga barcha sharoitlarni yaratish uchun bor imkoniyatlar ishga solinadi. Mustaqil O‘zbekistonning siyosati ― insoniylik, ezgulik qonunlariga asoslanadi hamda fuqarolar osoyishtaligi va milliy murosa siyosati bo‘lib qoladi", deb davlatimiz siyosatini, jamiyatimiz istiqbolini belgilab bergan edi.

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga kirishish marosimidagi nutqida mamlakatimizda hukm surayotgan millatlar va fuqarolar totuvligi, o‘zaro hurmat va mehr-oqibat muhitini ko‘z qorachig‘idek saqlash hamda mustahkamlashni o‘zining ustuvor vazifasi, deb hisoblashini alohida ta’kidladi.

Respublika baynalmilal madaniyat markazining 25-yilligi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgani ham mamlakatimizda insonparvar, tinchlikparvar siyosat izchil davom ettirilayotganining yana bir hayotiy tasdig‘i bo‘ldi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev uchrashuvda ushbu muhim masalaga bundan buyon ham ustuvor ahamiyat qaratib, milliy madaniy markazlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun zarur barcha ishlar amalga oshirilishini ta’kidladi.

Davlatimiz rahbari Vatanimizning yuksak mukofotlarini tantanali ravishda topshirdi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan Respublika baynalmilal madaniyat markazi direktorining o‘rinbosari Sergey Mironov, Toshkent shahar «Svitanak» belorus milliy madaniy markazi raisining o‘rinbosari Nina Shubnikova, Toshkent viloyati qozoq milliy madaniy markazi raisining o‘rinbosari Dinislam Kanayev, Samarqand viloyati nemis milliy madaniy markazi raisi, Samarqand yengil sanoat va iqtisodiyot kasb-hunar kolleji o‘qituvchisi Natalya Kayzer, Respublika qirg‘iz milliy madaniy markazi raisi Rahmatulla Jabborov tinchlik va millatlararo totuvlik barqaror yurtimizda yashash ulkan baxt ekanini, bu kun ularning qalbida bir umr muhrlanib qolishini ta’kidladi, yuksak e’tibori va g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizga samimiy minnatdorlik bildirdi.



Muallif: O'zA
Marta o`qilgan: 593