20:50:01 (GMT +5), juma, 28 - aprel 2017
Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
Tashqi ishlar vazirining virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


26 - dekabr 2016

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2016-yil 25-dekabr kuni Navoiy viloyatidagi yirik sanoat korxonalari faoliyati bilan tanishdi

Mamlakatimizning barcha joylarida bo‘lgani kabi Navoiy viloyatida ham keng ko‘lamli islohotlar izchil amalga oshirilmoqda. Shahar va qishloqlar obodonlashib, zamonaviy korxonalar, keng va ravon yo‘llar, ta’lim va tibbiyot muassasalari, bog‘ va xiyobonlar bunyod etilayotir.

Istiqlol yillarida Navoiy viloyati mamlakatimizning sanoati rivojlangan hududlaridan biriga aylandi. Mahsulot va xizmatlar eksporti hajmi oshmoqda. Sanoat korxonalarini texnik va texnologik qayta jihozlash, modernizatsiya qilish ishlari tizimli ravishda amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz dastlab “Navoiy kon-metallurgiya kombinati" davlat korxonasiga tashrif buyurdi. Kombinatda so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli ishlar, iqtisodiy ko‘rsatkichlar va istiqboldagi rejalar bilan tanishdi.

“Navoiy kon-metallurgiya” kombinati mamlakatimizdagi eng yirik sanoat korxonalaridan biri hisoblanadi. Korxonada 2017-2021-yillarda 16 yangi yirik loyiha amalga oshirilishi mo‘ljallangan. Davlatimiz rahbari mazkur loyihalarni o‘z vaqtida va yuqori sifat darajasida amalga oshirish, mahsulot ishlab chiqarishni yanada kengaytirish bo‘yicha zarur ko‘rsatmalar berdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev "Navoiyazot" aksiyadorlik jamiyatida amalga oshirilayotgan yangi yirik loyihalar bilan tanishdi. Birinchi loyiha kaustik soda va metanol ishlab chiqarishga yo‘naltirilgan bo‘lib, yiliga 260 million dollarlik mahsulot tayyorlash o‘zlashtiriladi. 900 dan ziyod yangi ish joyi tashkil etilishi ko‘zda tutilgan mazkur loyiha to‘la mahalliylashtirish dasturi asosida ishlaydi.

Ikkinchi loyiha doirasida ammiak karbamid ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Yiliga 173 million dollarlik mahsulot tayyorlash imkonini beradigan mazkur korxonada 500 ga yaqin ish o‘rni tashkil etiladi.

Azot kislotasi ishlab chiqarishga ixtisoslashgan uchinchi loyiha energiya tejamkorligi bilan ajralib turadi. Bu yerda tayyorlangan mahsulotlar ichki bozorga yetkazib berilishi bilan birga eksportga ham jo‘natiladi. Korxona ishga tushishi bilan azot o‘g‘itlarining narxi sezilarli darajada pasayishi kutilmoqda.

Davlatimiz rahbari mazkur yangi loyihalarni tez va sifatli amalga oshirish iqtisodiyotimiz rivojida muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Prezidentimiz “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida bo‘lib, bu yerdagi korxonalarda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namunalarini ko‘zdan kechirdi.

Bugungi kunda “Navoiy” erkin iqtisodiy zonasida 18 korxona samarali faoliyat yuritmoqda. Ushbu korxonalarda 100 dan ortiq turdagi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan 2008-yilda tashkil etilgan mazkur erkin iqtisodiy zonada bugungi kunda Xitoy, Singapur, Janubiy Koreya, Hindiston, Italiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya kabi davlatlar bilan hamkorlikda avtomobil sanoati uchun zarur ehtiyot qismlar, energetika tizimida foydalaniladigan kabel, raqamli telemoslamalar, maishiy elektron texnikalar va boshqa xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.

2015-yilda mazkur iqtisodiy zonadagi korxonalar tomonidan 184 milliard so‘mlikdan ortiq mahsulot ishlab chiqarilib, 5 million dollarlik mahsulot eksport qilingan.

Prezidentimiz iqtisodiy zona faoliyatini yanada takomillashtirish, xorijlik yangi hamkorlarni jalb etish borasidagi ishlarni jadallashtirish lozimligini, istiqboldagi vazifalar g‘oyat salmoqli ekanini alohida ta’kidladi. Iqtisodiy zonada yaratilgan ulkan imkoniyatlar, imtiyozlar, shart-sharoitlardan to‘la, samarali foydalanish zarurligi, bu iqtisodiyotimiz uchun muhim ahamiyatga ega ekani qayd etildi.

Davlatimiz rahbari "Navoiy" erkin iqtisodiy zonasida 2017-yilda ishga tushirilishi rejalashtirilgan 15 loyiha bilan tanishar ekan, ularning zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish, iqtisodiyotimizni diversifikatsiya qilish, importni qisqartirish va eksport hajmini oshirishdagi ahamiyati katta ekanligini alohida ta’kidladi. Mazkur iqtisodiy zona faoliyatini yanada rivojlantirish va takomillashtirish yuzasidan mutasaddi rahbarlarga tegishli topshiriqlar berdi.



Muallif: O‘zA
Marta o`qilgan: 885