23:58:40 (GMT +5), dushanba, 24 - aprel 2017
Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
Tashqi ishlar vazirining virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


15 - mart 2017

Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

VIII-IX asrlarda Sharqda yashab ijod etgan ulug‘ alloma Muhammad al-Xorazmiy matematika, geometriya, astronomiya, tarix, geografiya va boshqa fanlarga doir ko‘plab risolalar yozgan. U “nol” raqamini va o‘nlik sanoq tizimini hamda qutblar koordinatalarini birinchilardan bo‘lib asoslab bergan va amaliyotga tatbiq etgan. Muhammad al-Xorazmiy algebra faniga va algoritmlashtirish nazariyasiga asos solgan, ilmiy ma’lumot va traktatlarni bayon etishning aniq qoidalarini ishlab chiqqan.

O‘nlik sanoq tizimi, algebra va algoritmlashtirish yo‘nalishlarida dunyo ilm-fani rivojidagi xizmatlari umume’tirof etilgan Sharq olimlari orasida faqat Muhammad al-Xorazmiyning asarlari va nomi ilmiy davralarda faol qo‘llanib kelinayotgan “algoritm” va “algebra” kabi zamonaviy ilmiy atamalarda abadiylashtirildi. Bugungi kunda yuqori texnologiyalarga asoslangan zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida bajarilayotgan barcha hisoblash amallariga buyuk olim Muhammad al-Xorazmiyning ilmiy kashfiyotlari asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ulug‘ alloma Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosini qadrlash, asrab-avaylashning naqadar muhimligini yosh avlod ongiga chuqur singdirish, shuningdek, yoshlarga ta’lim-tarbiya berish va ilm-fanning yuksak marralarini zabt etish uchun shart-sharoitlar yaratish hamda respublika iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari va sohalari uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga (keyingi o‘rinlarda Universitet deb yuritiladi) Muhammad al-Xorazmiy nomini berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Fan va texnologiyalar agentligi bilan birgalikda 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab Universitetda ulug‘ alloma Muhammad al-Xorazmiyning nomini abadiylashtirish hamda uning buyuk va bebaho merosini keng o‘rganish bilan bog‘liq quyidagi tadbirlarni amalga oshirsin:

iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari va sohalarida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning mustahkam aloqalarini ta’minlash uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida respublika va xalqaro ko‘lamda ilmiy-amaliy anjumanlar tashkil etish;

oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida, shu jumladan, dasturiy mahsulotlarni yaratish borasida tanlov va olimpiadalar o‘tkazish;

Universitetning iqtidorli talabalari uchun beriladigan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiyani joriy etish;

respublikaning yetakchi olimlari, xususan, akademiklar va fan arboblari ishtirokida oliy ta’lim muassasalari talabalari, yosh olimlar, professor-o‘qituvchilar bilan ilmiy uchrashuvlar hamda davra suhbatlarini tashkil etish;

matematik modellashtirish, algoritmlash va kriptologiya sohalarida, komputer va dasturiy injiniring, telekommunikatsiya va televizion texnologiyalari, axborot xavfsizligi yo‘nalishlarida zamonaviy o‘quv adabiyotlarini ishlab chiqish, ularning multimediali avlodlarini yaratish hamda talabalar, olimlar va pedagoglarning ushbu o‘quv adabiyotlaridan erkin foydalanishlari uchun ularni elektron resurslarga joylashtirish;

ommaviy axborot vositalarida hamda ZiyoNet milliy ta’lim tarmog‘ida ulug‘ alloma, qomusshunos olim Muhammad al-Xorazmiyning hayoti va ijodini yorituvchi maqola va materiallarni berib borish;

zamonaviy texnologiyalarga asoslangan ilm-fanning yangi qirralarini tadqiq etish uchun yangi o‘quv va ilmiy-tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish;

iqtidorli talabalar, yosh olimlar va professor-o‘qituvchilarning istiqbolli ilmiy-tadqiqot ishlari natijalari va ilmiy maqolalari davriy ravishda e’lon qilib boriladigan “Muhammad al-Xorazmiy avlodlari” nomli ilmiy jurnalni ta’sis etish;

2018-yilda Muhammad al-Xorazmiy tavalludining 1235-yilligini keng nishonlash yuzasidan ilmiy-amaliy va ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarni amalga oshirish.

3. Universitet huzuridagi Dasturiy mahsulotlar va apparat dasturiy majmualar yaratish markazi negizida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi (keyingi o‘rinlarda Markaz deb yuritiladi) tashkil etilsin va uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

respublika iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari va sohalari uchun real ehtiyojlarni hisobga olib, ichki va tashqi bozorlarda raqobatbardosh, sifatli mahalliy dasturiy mahsulotlarni, eng avvalo, Universitetda ta’lim olayotgan talabalarni keng jalb etgan holda ishlab chiqish;

axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida ilmiy maktablarni yanada rivojlantirish, yosh olimlar va ilmiy-pedagog xodimlar mehnatini rag‘batlantirish, ularning ilmiy-tadqiqot hamda tajriba-konstruktorlik ishlarini tijoratlashtirishni tashkil qilish;

iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari va sohalari buyurtmalari asosida boshqaruv, ishlab chiqarish, biznes va boshqa yo‘nalishdagi jarayonlarni avtomatlashtirishni tizimli ilmiy tahlil qilish, ularning modellarini hamda algoritmlarini ishlab chiqish va joriy etish;

respublikada yuqori texnologiyalarga asoslangan texnik va dasturiy mahsulotlarni yaratish, import o‘rnini bosuvchi qurilmalarni mahalliylashtirish va eksportbop qurilmalarni ishlab chiqish yuzasidan fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish;

davlat ilmiy-texnik grantlari va xo‘jalik shartnomalari asosida ilmiy-tadqiqot ishlarini amalga oshirish;

Universitet talabalari, mutaxassislari va yosh ilmiy xodimlarini milliy dasturiy mahsulotlar va apparat dasturiy majmualarni yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot loyihalariga keng jalb etish;

xorijiy mamlakatlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi ilg‘or ilmiy-tadqiqot markazlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish.

4. Markaz Universitet huzuridagi Dasturiy mahsulotlar va apparat dasturiy majmualar yaratish markazining barcha huquqlari va majburiyatlari bo‘yicha huquqiy vorisi bo‘lib hisoblanadi.

5. Universitet qoshida yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan Ilmiy-innovatsion rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb yuritiladi) tashkil etilsin va uning mablag‘larini shakllantirish manbalari etib mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatadigan yuridik shaxslar (uyali aloqa kompaniyalari) tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun to‘lanadigan to‘lovdan tushadigan mablag‘larning 1,0 foiz miqdoridagi ajratmalar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa tushumlar belgilansin.

6. Jamg‘arma mablag‘laridan foydalanishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilansin:

Universitet uchun o‘quv darsliklar va ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish, shu jumladan, xorijiy adabiyotlarni xarid qilish, uning iqtidorli talabalari uchun beriladigan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiya xarajatlarini qoplash va “Muhammad al-Xorazmiy avlodlari” nomli ilmiy jurnal nashr etilishini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;

Universitet va Markazning axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasidagi ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini tanlov asosida moliyalashtirish, ularning ilmiy va o‘quv laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar, zarur sarflanuvchi materiallar va butlovchi qismlar bilan ta’minlash;

Universitetning iqtidorli talabalari, professor-o‘qituvchilari va yosh ilmiy xodimlarini yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlarida tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, Universitetda dars berish va Markazda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislar va olimlarni jalb qilish.

Jamg‘arma mablag‘larini boshqarish vazifasi Universitetning Vasiylik kengashiga yuklansin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ikki oy muddatda:

Universitet va Markazning tuzilmasini va ustavini tasdiqlasin hamda belgilangan tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va undan foydalanish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqidagi Hukumat qarori loyihasini kiritsin;

boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankiga va tijorat banklariga Universitetning buyurtmanomalari bo‘yicha Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan xorijdan sotib olinadigan zamonaviy ilmiy asbob-uskunalar, butlovchi qismlar hamda xorijiy ilmiy adabiyotlar uchun zarur bo‘lgan pul mablag‘larini konvertatsiya qilish tavsiya etilsin.

9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining 2017-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlari prognozi va Davlat byudjeti parametrlari to‘g‘risida” 2016-yil 27-dekabrdagi PQ-2699-sonli qaroriga ilovaga muvofiq o‘zgartirish kiritilsin.

10. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmalariga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2017-yil 15-mart


* * *


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga

SHARH

Qadimiy yurtimiz zaminida yashab o‘tgan buyuk allomalar, mutafakkirlarning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan ulkan hissasi, ularning ibratli hayoti va faoliyati, bebaho ma’rifiy merosi, ilmiy-ijodiy kashfiyotlari bugungi kunda ham jahon ahlini hayratga solib kelmoqda.

O‘rta asrlarning ilk davrida Sharqda amalga oshirilgan buyuk ilmiy kashfiyotlar haqida gap ketganda, zamonaviy matematika, trigonometriya va geografiya fanlari taraqqiyotiga beqiyos hissa qo‘shgan alloma Muhammad al-Xorazmiyning nomi birinchilar qatorida tilga olinadi.

To‘liq ismi sharifi Abu Abdulloh Muhammad al-Xorazmiy al-Majusiy al-Qatrabbuliy bo‘lgan bu ulug‘ zot melodiy 783-yilda Xorazmning madaniyat va ma’rifat markazlaridan biri bo‘lgan Xiva shahrida tavallud topgan. Buyuk iqtidori, ilm-fan taraqqiyotiga qo‘shgan ulkan hissasi bilan tanilgan Muhammad al-Xorazmiy o‘z davrining qomusiy allomasi sifatida e’tirof etiladi. Uning ilm-fan taraqqiyoti yo‘lidagi xizmatlari e’tiborga olinib, o‘sha davrda “Bayt ul-Hikma” – “Donishmandlar uyi” degan nom bilan mashhur bo‘lgan Ma’mun akademiyasiga rahbar etib tayinlanadi.

Muhammad al-Xorazmiy matematika, geometriya, astronomiya, tarix, geografiya va boshqa fanlarning ilmiy yo‘nalishlarida ko‘plab qomusiy asarlar yaratgan. Algebra faniga asos solib, fundamental ma’lumotlar, traktatlarni ilmiy bayon etish qoidalarini ishlab chiqqan. Buyuk vatandoshimizning ilmiy izlanishlari, ilmiy-tadqiqot nazariyalari va ilmiy xulosalari butun jahon ilmu ma’rifat ahli tomonidan e’tirof etilib, dunyo ilm-fanining bebaho merosi sifatida yuksak qadrlanib kelinadi.

Bugungi kunda zamonaviy matematika, geometriya, trigonometriya, geografiya kabi fanlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida erishilayotgan yutuqlarning tamal toshi aynan Muhammad al-Xorazmiy tomonidan qo‘yilgani jahon miqyosida e’tirof etilgan haqiqatdir.

Mustaqillik yillarida O‘zbekiston Respublikasida o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot faoliyatini takomillashtirishning barqaror tizimi yaratildi. Mamlakatimizda dunyo andozalariga mos ilmiy-o‘quv laboratoriyalari, kafedralar, oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari, nufuzli ilmiy markazlar, maktablar yaratildi.

Bugungi kunda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlaydigan yurtimizdagi yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitetning Samarqand, Farg‘ona, Qarshi, Urganch, Nukus filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Universitet va uning filiallarida zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, komputer injiniringi, dasturiy injiniring, pochta aloqatexnologiyalari kabi o‘nlab ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha o‘n mingdan ziyod talaba tahsil olmoqda.

Yosh avlodni ulug‘ alloma Muhammad al-Xorazmiyning buyuk va bebaho merosining munosib davomchilari etib tarbiyalash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent axborot texnologiyalari universitetining faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan Universitetning faoliyatini yanada takomillashtirish, mavjud intellektual salohiyatdan samarali foydalanish, yoshlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga keng jalb etish yuzasidan aniq vazifalar belgilab berildi. Ushbu vazifalarni amalga oshirishda o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlarini iqtisodiy-ijtimoiy sohalarning dolzarb muammolariga yo‘naltirish, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi uzviy integratsiyani ta’minlash, dasturiy mahsulotlar yaratish, ularni iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlariga joriy etishni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Qaror Universitet va uning filiallarida tahsil olayotgan yoshlarga ta’lim tarbiya berish va ilm-fanning yuksak cho‘qqilarini egallashda zarur shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakatimiz iqtisodiyotining yetakchi tarmoqlari uchun axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashni yanada takomillashtirishda beqiyos katta ahamiyatga egadir.

Mazkur qaror bilan Toshkent axborot texnologiyalari universitetiga Muhammad al-Xorazmiy nomi berildi, shuningdek, 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab Universitetda ulug‘ alloma nomini abadiylashtirish hamda uning buyuk va bebaho merosini keng o‘rganish bilan bog‘liq qator tadbirlarni amalga oshirish belgilandi.

Qarorda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari va sohalari bilan ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning mustahkam aloqasini ta’minlash, an’anaviy tarzda respublika va xalqaro ilmiy-amaliy anjumanlar o‘tkazish, yurtimizdagi yetakchi ilm-fan namoyandalari ishtirokida oliy ta’lim muassasalari talabalari, yosh olimlar, professor-o‘qituvchilar bilan uchrashuvlar tashkil etishga e’tibor qaratish, shuningdek, Universitetning iqtidorli talabalari uchun beriladigan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiyani joriy etish bo‘yicha dolzarb vazifalar belgilab berilgan.

Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, dasturiy mahsulotlarni yaratish borasida tanlov va olimpiadalar o‘tkazish, matematik modellashtirish, algoritmlash, kriptologiya, komputer va dasturiy injiniring, telekommunikatsiya va televizion texnologiyalari, axborot xavfsizligi yo‘nalishlarida zamonaviy o‘quv adabiyotlarini tayyorlash, ularning multimediali avlodlarini yaratish hamda talabalar, olimlar va pedagoglarning ushbu o‘quv adabiyotlaridan erkin foydalanishlari uchun ularni elektron resurslarga joylashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.

Ayni vaqtda qaror bilan universitetning tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish, o‘quv-uslubiy, ilmiy-tadqiqot ishlarini yanada rivojlantirish, universitet qoshidagi “Dasturiy mahsulotlar va apparat dasturiy majmualar yaratish markazi” o‘rnida “Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ilmiy-innovatsion markazi”ni tashkil qilish zarurligi ham ko‘rsatib o‘tildi.

Mazkur markazning asosiy vazifalari sifatida iqtisodiyotning yetakchi soha va tarmoqlari uchun real ehtiyojlarni hisobga olib, ichki va tashqi bozorlarda raqobatdosh, sifatli mahalliy dasturiy mahsulotlarni yaratishga, eng avvalo, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetida ta’lim olayotgan talabalarni keng jalb etish belgilandi.

Qarorga ko‘ra, markazda iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari va sohalari buyurtmalari asosida boshqaruv, ishlab chiqarish, biznes va boshqa yo‘nalishdagi jarayonlarni avtomatlashtirishni tizimli va ilmiy tahlil qilish, ularning modellarini hamda algoritmlarini ishlab chiqish hamda joriy etish mexanizmlari yaratiladi.

Mamlakatimizda yuqori texnologiyalarga asoslangan texnik va dasturiy mahsulotlarni yaratish, import o‘rnini bosuvchi qurilmalarni mahalliylashtirish va eksportbop qurilmalarni ishlab chiqish yuzasidan fundamental va amaliy ilmiy-tadqiqot ishlari olib boriladi.

Markazda yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalangan holda, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari, mutaxassislari va yosh ilmiy xodimlarini milliy dasturiy mahsulotlar va apparat dasturiy majmualarni yaratish bo‘yicha ilmiy-tadqiqot loyihalariga keng jalb etish, xorijiy mamlakatlarning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi ilg‘or ilmiy-tadqiqot markazlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga ham katta e’tibor qaratiladi.

Qabul qilingan qarorning yana bir muhim ahamiyati shundan iboratki, Universitet qoshida Ilmiy-innovatsion rivojlantirish jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda Jamg‘arma deb yuritiladi) tashkil etilmoqda. Mazkur Jamg‘armaning mablag‘lari mobil aloqa xizmatlari ko‘rsatadigan kompaniyalar tomonidan abonent raqamidan foydalanganlik uchun to‘lanadigan to‘lovdan tushadigan mablag‘larning 1,0 foiz miqdoridagi ajratmalar va qonun hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa tushumlardan shakllantirilishi ko‘zda tutilmoqda. Mazkur Jamg‘arma mablag‘laridan quyidagi yo‘nalishlarda foydalanish belgilanmoqda:

Universitet uchun o‘quv darsliklar, ilmiy adabiyotlarni yaratish va nashr etish, jumladan, xorijiy adabiyotlarni xarid qilish, iqtidorli talabalar uchun beriladigan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi stipendiya xarajatlarini qoplash va “Muhammad al-Xorazmiy avlodlari” ilmiy jurnali nashr etilishini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash;

Universitet va Markazning axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish sohasidagi ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini tanlov asosida moliyalashtirish, ularning ilmiy va o‘quv laboratoriyalarini zamonaviy asbob-uskunalar, zarur materiallar va butlovchi qismlar bilan ta’minlash;

Universitetning iqtidorli talabalari, professor-o‘qituvchilari va yosh ilmiy xodimlarini yetakchi xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy-tadqiqot markazlarida tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shuningdek, Universitetda dars berish va Markazda ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun yuqori malakali xorijiy mutaxassislar va olimlarni jalb qilish.

Qaror doirasida nazarda tutilgan barcha tadbirlar mamlakatimizda iqtisodiyotning innovatsion taraqqiyotini ta’minlashda, ilm-fan va kadrlar tayyorlashning rolini kuchaytirish borasida amalga oshirilayotgan tizimli ishlarning mantiqiy davomi bo‘lib, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ushbu qarori yuqori malakali kadrlar tayyorlash, ilm-fanning nufuzini oshirish, professor-o‘qituvchilarning sharafli mehnatini qadrlash, kadrlar intellektual salohiyatini mustahkamlash, uni tashkillashtirish va boshqarish tizimini takomillashtirish, universitetning moddiy-texnik bazasini tubdan yaxshilash, uning xorijiy davlatlardagi nufuzini ko‘tarish, iqtidorli yoshlarni ilm-fanga ko‘proq jalb qilishga keng yo‘l ochadi.



Marta o`qilgan: 401