18:20:36 (GMT +5), chorshanba, 24 Маy 2017
Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
Tashqi ishlar vazirining virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


15 - mart 2017

O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Akademik litseylarda o‘quv jarayoni sifati va samaradorligini tubdan oshirish, akademik litseylarda umumta’lim maktablarining eng qobiliyatli bitiruvchilarini jamlash, umumta’lim maktablari bitiruvchilarining tanlangan kasblar va mutaxassisliklarni egallab olishga bo‘lgan ehtiyojini qondirish uchun shart-sharoitlarni yanada kengaytirish maqsadida:

1. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining respublikada faoliyat ko‘rsatayotgan akademik litseylar sonini optimallashtirishni, akademik litseylarda o‘quv jarayoni sifatini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari amalga oshirilishini nazarda tutuvchi, jumladan:

moddiy-texnik va o‘quv-pedagogik bazasi nisbatan past darajali 1-ilovaga muvofiq to‘rtta akademik litseyni tugatish, tugatilayotgan akademik litseylarning 1-bosqichlariga o‘quvchilarni qabul qilishni 2017/2018 o‘quv yilidan boshlab to‘xtatish;

faoliyati ko‘rsatkichlari eng past bo‘lgan 2-ilovaga muvofiq 54 ta akademik litseyni bosqichma-bosqich kasb-hunar kollejlariga aylantirish;

kasb-hunar kollejlariga aylantirilayotgan akademik litseylarning 2- va 3-bosqichlari o‘quvchilari kontingentini kasb-hunar kollejlariga aylantirilayotgan akademik litseylarning binolarida amaldagi o‘quv dasturlari va o‘qitish shartlari bo‘yicha belgilangan tartibda o‘qitishni tugallash;

3-ilovaga muvofiq o‘quv jarayoni samaradorligini yanada oshirish va akademik litseylar bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishi ko‘rsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari dasturi haqidagi taklifi qabul qilinsin.

2. Oldin bayon qilinganlar bilan birgalikda quyidagilar akademik litseylarning muhim vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari etib belgilansin:

umumta’lim maktablarining eng iste’dodli o‘quvchilarini tanlash, ularning intellektual qobiliyatlarini yanada rivojlantirish va o‘qishni oliy ta’lim muassasalarida davom ettirishga maqsadli chuqur tayyorlash;

o‘quvchilarning ijodiy salohiyati namoyon bo‘lishi va faollashishiga ko‘maklashuvchi, individual iste’dodlarni va har bir o‘quvchining qobiliyatlari hamda xususiyatlarini hisobga olgan holda bilimlarni egallab olish jarayonida mustaqil faoliyat ko‘nikmalarini shakllantiruvchi va rivojlantiruvchi ta’lim muhitini yaratish;

ilg‘or mahalliy va xorijiy ta’lim muassasalarining tajribasini hisobga olgan holda ta’lim jarayonini tashkil etishning zamonaviy shakllarini joriy etish va uning mazmunini doimiy ravishda yangilab borish.

3. Belgilab qo‘yilsinki:

kasb-hunar kollejlariga aylantirilayotgan akademik litseylarning 2- va 3-bosqichlari o‘quvchilari ta’lim yakunlangach yaqinda joylashgan ta’lim yo‘nalishi o‘xshash bo‘lgan akademik litseylarda yakuniy davlat attestatsiyasini topshiradilar va davlat namunasidagi akademik litsey bitiruvchisi diplomini oladilar;

akademik litseylarda o‘quv guruhlari tarkibi 26 nafar o‘quvchidan ortiq bo‘lmagan tarzda shakllantiriladi;

chuqurlashtirilib o‘rganiladigan fanlar (ta’lim yo‘nalishlari) bo‘yicha akademik litseylarda amaliy, laboratoriya va seminar mashg‘ulotlari guruhlarni ikki kichik guruhga bo‘lish yo‘li bilan tashkil etiladigan kichik guruhlarda o‘tkaziladi;

akademik litseylarda xodimlarni pedagogik faoliyatga jalb etish oliy ma’lumotli va kamida 5-yil uzluksiz pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan shaxslar orasidan tanlov asosida amalga oshiriladi;

akademik litseylar direktorlarining bo‘sh lavozimlarini egallashga tanlovda ishtirok etish uchun nomzodlar bo‘yicha takliflar O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tizimining boshqaruv organlari rahbar kadrlarini tanlash, tayinlash va attestatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasiga akademik litseylar biriktirilgan oliy ta’lim muassasalari rektorlari tomonidan kiritiladi;

2017/2018 o‘quv yilidan boshlab akademik litseylar o‘quvchilarini umumta’lim fanlari bo‘yicha darsliklar bilan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Respublika maqsadli kitob jamg‘armasining mablag‘lari hisobiga ijara asosida amalga oshiriladi, umumta’lim fanlari bo‘yicha darsliklar bilan ta’minlash byudjet mablag‘lari hisobiga bepul asosda amalga oshiriladigan kam ta’minlangan oilalardan bo‘lgan o‘quvchilar bundan mustasno;

akademik litseylarning bitiruvchilariga 4-ilovaga muvofiq ro‘yxat bo‘yicha maxsus chuqurlashtirilgan tayyorgarlikni talab etmaydigan alohida mutaxassisliklar beriladi.

4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi manfaatdor vazirliklar va idoralar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari bilan birgalikda:

bir oy muddatda akademik litseylar bitiruvchilariga mutaxassisliklar berish tartibini, shuningdek, akademik litseylar bitiruvchilariga mutaxassisliklar berish to‘g‘risidagi davlat namunasidagi sertifikat namunasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

ikki oy muddatda akademik litseylarga o‘qituvchilarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni, shuningdek, akademik litseylar o‘quvchilarini darsliklar bilan ta’minlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

uch oy muddatda to‘plangan ijobiy tajribani hisobga olgan holda akademik litseylarning o‘quv rejalari va dasturlarini tanqidiy qayta ishlab chiqib, belgilangan tartibda tasdiqlasin, bunda o‘qitishning 3-bosqichidan boshlab chuqurlashtirilib o‘rganiladigan fanlar bo‘yicha o‘qitish soatlari sonini ko‘paytirgan holda qayta taqsimlashni nazarda tutsin;

o‘quvchilar kontingentini qayta taqsimlashni, ularni yuqori malakali o‘qituvchi kadrlar bilan ta’minlashni, kadrlar tayyorlash yo‘nalishlariga muvofiq zarur o‘quv-laboratoriya uskunalari, komputer texnikasi, o‘quv-normativ hujjatlar, o‘quv va metodik adabiyotlar bilan jihozlashni hisobga olgan holda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining qayta tashkil etilayotgan muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayoni sifatli tashkil etilishini ta’minlasin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, tasarrufida oliy ta’lim muassasalari bo‘lgan manfaatdor vazirliklar va idoralar ta’lim-tarbiya jarayoni sifatini oshirishda, shuningdek, akademik litseylarning o‘qituvchilar tarkibi malakasini oshirishda biriktirilgan akademik litseylarga tizimli asosda har tomonlama metodik va amaliy yordam ko‘rsatilishini ta’minlasinlar.

6. Oliy ta’lim muassasalari rahbariyatiga oliy ta’lim muassasalarining byudjetdan tashqari mablag‘lari (pullik-kontrakt asosida o‘qitish uchun tushumlar bundan mustasno) hisobiga biriktirilgan akademik litseylar uchun o‘quv-laboratoriya uskunasi, sarflash materiallari, komputer texnikasi va boshqa tashkiliy texnika, darsliklar va o‘quv qo‘llanmalari sotib olish huquqi berilsin.

7. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bilan birgalikda akademik litseylarni ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalariga biriktirish hamda ta’limning uzluksizligi va uzviyligi tamoyillariga rioya qilgan holda iqtidorli o‘quvchilar bilan ish olib borish doirasida ular o‘rtasida o‘zaro amaliy hamkorlik mexanizmini nazarda tutuvchi Nizomni uch oy muddatda ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligi, Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari O‘zbekiston Respublikasining har yilgi Investitsiya dasturi loyihasini va qurilishlarning manzilli ro‘yxatlarini shakllantirishda akademik litseylar negizida tashkil etiladigan kasb-hunar kollejlari uchun yangi o‘quv ustaxonalari qurishga mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsinlar.

9. O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi, Moliya vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi tomonidan har yili shakllantiriladigan prognoz kvotalarni hisobga olgan, shu jumladan, darsliklar chakana tarmoq orqali erkin sotilishini nazarda tutgan holda zarur tirajda va nomlarda sifatli zamonaviy darsliklar ishlab chiqilishi va bosib chiqarilishi samarali tashkil etilishini ta’minlasinlar.

10. Moliya vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazining oliy ta’lim muassasalarining akademik litseylarga o‘qituvchilik faoliyatiga mehnatga soatbay haq to‘lash shartlarida jalb etiladigan professor-o‘qituvchilar tarkibi mehnatiga soatbay haq to‘lash miqdorlarini oliy ta’lim muassasalari talabalari bilan o‘quv mashg‘ulotlari olib borilganligi uchun mehnatga soatbay haq to‘lash miqdorlariga tenglashtirish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.

11. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetini shakllantirishda uning parametrlarida ushbu qarorni bajarish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga “Maorif” tarmog‘i bo‘yicha ajratiladigan mablag‘lar doirasida zarur mablag‘lar ajratilishini nazarda tutsin.

12. O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:

qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiquvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar ushbu qaror qoidalariga muvofiqlashtirilishini ta’minlasin.

13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi A.N.Yunusxodjayev zimmalariga yuklansin.


O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2017-yil 14-mart


* * *


O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga

SHARH

Mamlakatimizda istiqlolning dastlabki yillaridan boshlab ta’lim-tarbiya tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarilib, farzandlarimizning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashlari, jismoniy va ma’naviy jihatdan yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishlarini ta’minlash, ularning qobiliyat va iste’dodi, intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yoshlarimiz qalbida ona yurtga sadoqat va fidoyilik tuyg‘ularini kamol toptirish borasida ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi Qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturining maqsad va vazifalari hayotga izchil joriy etilishi natijasida yurtimizda 1 ming 500 dan ziyod o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari barpo etildi.

Mamlakatimizdagi 1411 ta kasb-hunar kollejlarida yoshlarimiz bir nechta ixtisoslik bo‘yicha zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallab kelmoqda.

Shuningdek, oliy ta’lim muassasalari qoshida 144 ta akademik litsey tashkil etilgan bo‘lib, ularda aniq, tabiiy, ijtimoiy-gumanitar fanlar, xorijiy tillar hamda madaniyat va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha, yangi pedagogik va informatsion texnologiyalar asosida zamonaviy o‘quv-laboratoriya asbob-uskunalari bilan jihozlangan kabinetlarda yosh avlodga puxta bilim berilmoqda. Ushbu maskanlarni har yili o‘rtacha 35 ming nafar yigit-qiz bitirib chiqmoqda.

Akademik litseylarning faoliyatini ular joylashgan hududning demografik, iqtisodiy va boshqa omillarini hamda bitiruvchilarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish natijalari nuqtai nazaridan olib borilgan tahlillar bu sohadagi ishlarning qoniqarli emasligini ko‘rsatmoqda. Hozirgi paytga kelib akademik litseylar sonini optimallashtirish, ulardagi ta’lim sifatini oshirish va mazmunini yangilash, ularni bitirib chiqayotgan yoshlarning oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlarini tubdan yaxshilash bo‘yicha qator chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurati paydo bo‘lmoqda.

Mazkur sohadagi mavjud muammolarni hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror akademik litseylarda o‘quv jarayonining sifati va samaradorligini oshirish, bu maskanlarda ta’lim berish uchun umumta’lim maktablarining eng qobiliyatli bitiruvchilarini saralab olish, yoshlarning o‘zlari tanlagan kasb va mutaxassisliklarni egallashga bo‘lgan orzu-intilishlariga erishmog‘i uchun yanada keng sharoitlar yaratish kabi aniq maqsadlarga yo‘naltirilgan bo‘lib, unda quyidagi aniq vazifalarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan:

bugungi kunda moddiy-texnik va o‘quv-metodik bazasi zamonaviy talablarga javob bermaydigan 4 ta akademik litsey faoliyati tugatiladi hamda oliy ta’lim muassasalaridan uzoqda joylashgan, ta’lim sifati va bitiruvchilarining institut va universitetlarga o‘qishga kirish ko‘rsatkichlari past bo‘lgan 54 ta akademik litsey bosqichma-bosqich kasb-hunar kollejlariga aylantiriladi;

investitsiya dasturi loyihasi va qurilishlarning manzilli ro‘yxatlarini shakllantirishda akademik litseylar negizida tashkil etiladigan kasb-hunar kollejlari uchun yangi o‘quv ustaxonalari qurish uchun mablag‘lar ajratishga alohida e’tibor qaratiladi;

kasb-hunar kollejlariga aylantirilayotgan akademik litseylarning 2- va 3-bosqich o‘quvchilari o‘qishni tugatgach, yaqin hududda joylashgan, ta’lim yo‘nalishi o‘xshash bo‘lgan akademik litseylarda yakuniy davlat attestatsiyasini topshiradi va davlat namunasidagi akademik litsey bitiruvchisi diplomini oladi;

oliy ta’lim muassasalarining yuqori malakali professor-o‘qituvchilarini akademik litseylarda dars berishga kengroq jalb qilish maqsadida akademik litseylardagi o‘qituvchilik faoliyatiga soatbay haq to‘lash miqdori oliy ta’lim muassasalarida mehnatga soatbay haq to‘lash miqdoriga tenglashtiriladi;

ta’limning uzluksizlik va uzviylik tamoyillariga rioya qilgan holda iqtidorli o‘quvchilar bilan ish olib borish doirasida ayrim fanlar chuqur o‘qitiladigan ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktablari bilan akademik litseylar o‘rtasida o‘zaro ta’sirchan hamkorlik mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi.

Akademik litseylarda ta’lim sifatini oshirish, ta’lim jarayoniga ilg‘or pedagogik usullar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron ta’lim resurslari va multimedia taqdimotlarini keng tatbiq qilish va buning uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida:

o‘quv guruhlari tarkibi 26 nafar o‘quvchidan ortiq bo‘lmagan tarzda shakllantiriladi;

chuqurlashtirib o‘qitiladigan fanlar (ta’lim yo‘nalishlari) bo‘yicha amaliy, laboratoriya va seminar mashg‘ulotlari guruhlarga bo‘lingan tarzda, ya’ni ikkita kichik guruhda o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yiladi;

pedagoglar tarkibi oliy ma’lumotli va kamida 5-yillik uzluksiz pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan malakali o‘qituvchilar orasidan tanlov asosida shakllantiriladi.

Yana bir muhim yangilik shundan iboratki, akademik litseylar direktorligi uchun nomzodlar akademik litseylar biriktirilgan oliy ta’lim muassasalari rektorlari tomonidan tavsiya etilishi belgilanmoqda.

2017/2018 o‘quv yilidan boshlab akademik litseylar o‘quvchilarini umumta’lim fanlari bo‘yicha darsliklar bilan ta’minlash O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari respublika maqsadli kitob jamg‘armasining mablag‘lari hisobidan ijara tizimi asosida amalga oshiriladi. Kam ta’minlangan oilalar farzandlari umumta’lim fanlari bo‘yicha darsliklar bilan byudjet mablag‘lari hisobidan bepul ta’minlanadi.

Yana bir muhim jihati shundaki, qarorda akademik litseylar bitiruvchilariga aniq mutaxassisliklar bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar berish ko‘zda tutilgan bo‘lib, ta’lim jarayoni yakuniga yetganidan so‘ng ularga davlat namunasidagi sertifikat beriladi.

Qarorda ta’lim jarayoni sifatini oshirish va akademik litseylar bitiruvchilarining oliy ta’lim muassasalarida o‘qishni davom ettirishi uchun alohida chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Unda:

akademik litsey o‘quvchilarining biriktirilgan oliy ta’lim muassasalari axborot-resurs markazlari va boshqa moddiy-texnik bazasidan foydalanish imkoniyatini kengaytirish;

har bir akademik litseyda o‘quvchilarning individual qobiliyatidan kelib chiqib, ilg‘or pedagogik va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, elektron ta’lim resurslari, o‘quvchilarning ijodiy va mustaqil izlanishlariga yo‘naltirilgan dasturlarni ishlab chiqish;

oliy ta’lim muassasalarining tajribali professor-o‘qituvchilarini akademik litseylarning pedagog kadrlariga patronaj sifatida biriktirish;

oliy ta’lim muassasalari faoliyatiga baho berishda ular tomonidan ta’lim samaradorligini oshirish bo‘yicha akademik litseylar bilan hamkorlikda olib borilayotgan ishlarga alohida e’tibor qaratish nazarda tutilgan. Bu borada seminar-treninglar tashkil etish, ta’lim jarayoniga axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy qilish, xorijiy tillarni o‘zlashtirish, tajribali professor-o‘qituvchilar ishtirokida doimiy mahorat darslarini o‘tkazish, akademik litsey o‘qituvchilariga ilmiy-uslubiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni baholash mezonlarini ishlab chiqish kabi masalalar qamrab olingan.

Bundan tashqari, qarorda akademik litseylar negizida bosqichma-bosqich tashkil etilayotgan kasb-hunar kollejlari uchun zarur ustaxonalarni barpo etish va jihozlash, shuningdek, soatbay asosida akademik litseylarda faoliyat ko‘rsatuvchi professor-o‘qituvchilarning oylik maoshini oshirish uchun davlat byudjetidan zarur mablag‘lar ajratilishi ko‘zda tutilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, qarorda ko‘zda tutilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishi natijasida akademik litseylarda o‘qitish sifati va samaradorligini yanada oshirish, iqtidorli yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va maqsadli ta’limga yo‘naltirish, farzandlarimizning tanlangan mutaxassisliklarni puxta egallashlari uchun zarur sharoitlarni yaratishga keng imkoniyatlar ochiladi.



Marta o`qilgan: 548