12:11:54 (GMT +5), yakshanba, 26 - mart 2017
Saytning mobil versiyasi Ko'zi ojizlar uchun

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi
Tashqi ishlar vazirining virtual qabulxonasi O‘zbekiston Respublikasi vizasi Xorijga chiqayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun eslatma va takliflar O‘zbekistonning xorijdagi konsullik muassasalari

Dolzarb masalalar


14 - noyabr 2016

Har kimning saylov huquqi kafolatlangan

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan Markaziy saylov komissiyasi hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori bilan hamkorlikda “Aholining yuksak saylov madaniyati va elektoral faolligi — demokratik saylovlarning muhim omili” mavzuida seminar tashkil etildi.

Tadbirda YXHT va BMT vakillari, Adliya, Mudofaa, Ichki ishlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari mas’ul xodimlari, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, Respublika baynalmilal madaniyat markazi, Nogironlar jamiyati, “Mahalla” fondi, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, shuningdek, videokonferensaloqa rejimida respublikamizdagi okrug va uchastka saylov komissiyalari a’zolari, ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritadigan nodavlat notijorat tashkilotlari faollari qatnashdi.

Seminarda qayd etilganidek, mamlakatimizda 21 million 435 ming nafardan ziyod saylovchilar ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lib, ularning 10 million 825 ming nafardan ortig‘i ayollar, 555 mingdan ziyodi esa birinchi marta ovoz beradigan yoshlardir. Aholiga mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy va sotsial-iqtisodiy taraqqiyot yo‘lini belgilab beradigan Prezident saylovining mazmun-mohiyatini keng tushuntirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Bunda har bir saylovchining ovozi jamiyatning barcha qatlami manfaatlarini ifoda etishda muhim ahamiyatga ega.

Tadbirda O‘zbekistonda mustaqil saylov tizimini shakllantirish va rivojlantirish jarayonida fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda ishtirokini ta’minlaydigan hayotiy tashkiliy-huquqiy mexanizmlar, shuningdek, ularning o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi uchun sharoitlar yaratilgani aytib o‘tildi. Xorijning ilg‘or tajribasi, xalqaro saylov andozalari, milliy saylov amaliyoti asosida saylov to‘g‘risidagi qonunchilik izchil takomillashtirilmoqda.

Xalqaro seminarda elektoratning huquqiy madaniyatini oshirish, fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash, xotin-qizlar, yoshlar, harbiylar, qamoqda saqlash joylarida vaqtincha saqlanayotgan shaxslarning saylov huquqini samarali ro‘yobga chiqarish uchun sharoit yaratish bo‘yicha ishlarni tashkil etish borasida mamlakatimiz va xalqaro tajriba atroflicha muhokama qilindi.

Bu borada ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi -Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish jarayonini yoritish dasturi qabul qilingan, saylovni yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazi tashkil etilgan, respublikaning yetakchi ommaviy axborot vositalari bilan ikki tomonlama shartnomalar imzolangan, mahalliy va chet el ommaviy axborot vositalarining 500 dan ortiq vakillari akkreditatsiyadan o‘tkazilgan. Bu saylov jarayonining barcha bosqichini keng yoritishga zamin yaratmoqda. Shu bilan birga, joriy yilning 7 oktabr kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan birinchi marta O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish davrida saylovchilar huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish bo‘yicha o‘tkaziladigan tadbirlar dasturi tasdiqlanib, uning ijrosiga ommaviy axborot vositalari, jamoat birlashmalari va fuqarolik jamiyatining boshqa ins-titutlari faol jalb qilingan. Xususan, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Xotin-qizlar qo‘mitasi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, Respublika baynalmilal madaniyat markazi tomonidan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari bilan ijtimoiy sheriklikda respublikada “Mening ovozim — Vatanim kelajagi”, “Men shaxsan o‘zim ovoz beraman”, “Bizning oilamizda har birimiz o‘z ovozimizga ega”, “Biz tanlash huquqiga egamiz”, “Saylovchilar ro‘yxatida bormisiz?”, “Yagona oilada” singari aksiyalar o‘tkazilmoqda. Bu tadbirlar fuqarolarning huquqiy madaniyatini yanada yuksaltirish hamda elektoral faolligini oshirishga qaratilgan. Bugungi kunda dastur doirasida 6 mingdan ortiq tadbirlar tashkil etildi, ularning 900 ga yaqini ommaviy axborot vositalarida, 5 mingdan ortig‘i anjuman, seminar, munozara va uchrashuv shaklida o‘tkazildi.

Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tomonidan ham tizimli va reja asosida ish olib borilmoqda. Xususan, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) tomonidan Saylovchilar huquqiy madaniyati va elektoral faolligini oshirish, fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Unda, avvalambor, xotin-qizlar, imkoniyati cheklangan shaxslar, milliy madaniyat markazlari vakillari, qamoqda saqlash joylaridagi shaxslar hamda harbiy qismlardagi kontingent bilan ish olib borish ko‘zda tutilgan.

Hozirgi kunda saylovoldi tashviqoti saylov kampaniyasining muhim bosqichi sifatida qizg‘in pallaga kirmoqda. Ushbu tadbirlar doirasida saylovchilar u yoki bu siyosiy dasturga o‘z munosabatini shakllantirishmoqda. Markaziy saylov komissiyasi tomonidan Prezidentlikka nomzodlarga markaziy va hududlar darajasida ommaviy axborot vositalaridan foydalanishda teng huquq ta’minlanayapti. Ombudsman tomonidan -fuqarolarning saylovoldi tashviqoti tadbirlarida faol ishtirokini ta’minlash maqsadida turli millat va xalq vakillarining o‘z tillarida saylovoldi tashviqoti materiallari bilan tanishishi uchun imkoniyat yaratishga alohida e’tibor qaratilayotir. Prezidentlikka nomzodlar tojik tilida chop etiladigan “Ovozi tochik”, “Ovozi Samarqand” va qozoq tilida chop etiladigan “Nurlы jol” gazetalarida bepul nashr maydonidan birinchi marta foydalanishmoqda. Umuman, respublikada joriy yilgi saylov kampaniyasiga oid axborotlar 17 tildagi ommaviy axborot vositalari orqali tarqatiladi, saylov byulletenlari esa beshta tilda chop etilishi rejalashtirilmoqda.

Ushbu siyosiy tadbirda xotin-qizlarning faol qatnashayotgani 2016-yilgi saylov kampaniyasining muhim amaliy natijalaridan biri bo‘ldi, deyish mumkin. Ularning okrug saylov komissiyalari tarkibidagi ulushi ikki yarim baravar — qariyb 37 foiz o‘sdi. Bunday ijobiy ko‘rsatkich uchastka saylov komissiyalari tarkibida ham ko‘zga yaqqol tashlanadi. Ularning tarkibida xotin-qizlar soni 47 foizdan ortiqni tashkil qiladi.

Joriy saylov kampaniyasida yana bir muhim jihatga, ya’ni imkoniyati cheklangan fuqarolarning saylovda ishtirok etishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritadigan 300 dan ortiq jamoat tashkilotlari tomonidan turli ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Saylov kampaniyasi asosiy axborot materiallarini surdotarjima qilish, ularni Brayl yozuvida chop etish, saylov uchastkalarini pandus va yashirin ovoz berish uchun maxsus kabinalari bilan jihozlash, muddatidan oldin ovoz berish hamda ovoz berishni saylovchilar turgan joyda tashkil etish ko‘zda tutilgan.

Seminarda harbiy qismlar, statsionar davolash muassasalari va qamoqda saqlash joylaridagi saylov uchastkalari faoliyatini samarali tashkil qilish masalalari muhokama etildi.

Tadbir qatnashchilariga Ombudsman tomonidan fuqarolarning saylovda ishtirok etishiga doir masala yuzasidan 1096 raqamli “Ishonch telefoni” yo‘lga qo‘yilgani haqida ma’lumot berildi. “Ishonch telefoni” ishga tushirilganidan so‘ng o‘tgan ikki hafta davomida u orqali 142 nafar saylovchi maslahat so‘rab murojaat qildi, so‘nggi uch kunda 54 ta ana shunday murojaat ro‘yxatga olindi. Ular, asosan, saylovchilar ro‘yxatini shakllantirish, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlar bilan uchrashuvlarda qatnashish, muddatidan oldin ovoz berish hamda saylovchi turgan joyda ovoz berishni tashkil qilish masalalariga daxldor.

14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi kotibi I.Bekovning qayd etishicha, bugungi kunda qonun talablariga muvofiq, Toshkent shahrida joylashgan 19 ta harbiy qismda saylov uchastkalari tuzilgan. Ular Markaziy saylov komissiyasi hujjatlarida ko‘zda tutilgan tartibda jihozlangan. Harbiy xizmatchilarning ovoz berishda ishtirok etishini ta’minlash uchun barcha shart-sharoit muhayyo etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi boshqarma boshlig‘i I.Turg‘unov o‘z ma’ruzasida qamoqda saqlash joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylov kampaniyasida qatnashishini ta’minlash bo‘yicha vazirlik tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Ushbu maqsadda 11 qamoqda saqlash joyida saylov uchastkasi tuzilib, tegishli saylov komissiyalari shakllantirildi. Vazirlik tomonidan saylov uchastkalarini Markaziy saylov komissiyasi yo‘riqnomalarida belgilangan tartibda jihozlash, ularni saylovga oid qonun hujjatlari hamda huquqiy adabiyotlar bilan ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar bajarilayapti.

Tadbir yakuni bo‘yicha YXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Jon MakGregor ommaviy axborot vositalari uchun intervyu berib, seminar Markaziy saylov komissiyasi va Ombudsman o‘rtasida fuqarolarning saylov huquqlarini ta’minlash, ularning elektoral faolligi va huquqiy madaniyatini oshirish bo‘yicha samarali hamkorlik yo‘lga qo‘yilganining yaqqol tasdig‘i ekanini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, seminarda taqdim qilingan axborotlar O‘zbekistonda har bir fuqaroning, shu jumladan, davolanish muassasalari, harbiy qismlar yoki qamoqda saqlash joylarida bo‘lgan shaxslarning o‘z xohish-irodasini umume’tirof etilgan demokratik tamoyillar asosida bildirishi yo‘lida izchil ish olib borilayotganini ko‘rsatadi. YXHTning loyihalari koordinatori idorasi Markaziy saylov komissiyasi hamda Ombudsman bilan ushbu yo‘nalishda hamkorlikni istiqbolda ham davom ettirishga tayyorligini ma’lum qildi.



Muallif: "Xalq so'zi" gazetasi
Просмотров: 451